Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.
Qurʼonni toʻgʻri tilovat qilish juda ham muhim boʻlgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har yili Jabroil alayhissalomga uni oʻqib berib, oʻtkazib turganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“... Jabroil alayhissalom Ramazonning har kechasida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan uchrashib, Qurʼonni bir birlariga oʻzaro oʻqib berar edilar”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Ulamolar ushbu hadisni sharhlab shunday deyishgan: Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan dars qilishining sababi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qurʼonni tajvid bilan oʻqish va harflarini oʻz maxrajidan chiqarishni oʻrgatish hamda ummatga Qurʼonni ustozdan ogʻizma-ogʻiz oʻtkazib olish lozim ekanini bildirish uchun boʻlgan. Chunki Qurʼon mustaqil oʻrganiladigan kitob emas. Balki shogird ustozdan ogʻizma-ogʻiz taʼlim olib oʻrganishi farz boʻlgan kitobdir.
Har bir musulmon kishi Qurʼon oʻqishni bilishi zarur boʻlgani uchun balogʻatga yetmagan yosh bolalarga Qurʼoni Karimni tahoratsiz ushlashga ruxsat berilgan. Buning sababi agar Qurʼon yodlayotgan yosh bolalar ham tahoratga buyurilsa, ular tahorat qilishga malollanib, Qurʼon oʻqishdan toʻsilib qoladi. Qurʼonni yodlash oʻta ahamiyatli boʻlgani bois bolalar Qurʼondan uzoqlashib ketmasin deb, dinimiz yosh bolalarga Qurʼonni tahoratsiz ushlashga ruxsat berdi.
Hammamiz yaxshi bilamizki, namozda Qurʼonning qiroati namozning rukni hisoblanadi. Shuning uchun namozning qiroatida yoʻl qoʻyilgan baʼzi bir xatolar namozni buzadi. Bizning ogʻriqli nuqtalarimizdan biri shuki, ayrim namozxonlar namozning qiroati va baʼzi zikrlarini toʻgʻri talaffuz qilmaydilar. Qiroat, sano, takbir va hakozolardagi baʼzi kamchiliklar namozni butkul buzib yuboradi. Bunga aslo beeʼtibor boʻlmang!!!
Qudratulloh Sidiqmetov
Manba islom.uz