Abu Hurayra roziyaallohu anhudan, Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh Azza va Jalla aytadi:
“Men bandamning gumonidaman. Banda yaxshilikni gumon qilsa, yaxshilikni koʻradi, yomonlikni gumon qilsa, yomonlikni koʻradi”. (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Hozirgi kunda barchamiz sinovli kunlarda turibmiz. Hammamizning oramizda bir xil savol aylanmoqda. Bu vaboga qachon davo topiladi? Qachon karantin muddati tugaydi? Bu holat qachongacha davom etadi? Yana shunga oʻxshash turli xil savollar oralarimizda tarqalgan.
Hadisda aytib oʻtilganidek, moʻmin banda Alloh taolo toʻgʻrisida yaxshi gumonda boʻlishi kerak.
Alloh taolo barcha ishlarni tadbir qiluvchi Zot. Barcha ishlar U Zotning qoʻlida. Alloh taolo bir dardni bersa, davosini ham Oʻzi beradi. Alloh taolo Qurʼoni Karimda marhamat qiladi:
“Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, bas, uni qaytarib boʻlmaydi va ular uchun undan oʻzga valiy ham yoʻq”. (Raʼd surasi 11-oyat).
Ha, biz uchun Allohdan boshqa valiy ham, nusrat beruvchi ham yoʻq. Yer va osmondagi barcha tadbirlar Mudabbir Zotning qoʻlida. U nimani iroda qilsa, shu ish boʻladi.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda marhamat qiladi: “Biror ishni qilmoqchi boʻlganida unga “Boʻl” desa boʻlaveradir”. (Baqara surasi 117-oyat).
Bu holatda bandalardan talab etiladigani Alloh taologa yuzlanib, tavba tazarru ila duo qilishdir.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda marhamat qiladi: “Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan U haddan oshuvchilarni sevmas”. (Aʼrof surasi 55-oyat).
Moʻminning qalbi faqat Allohga bogʻlanishi kerak. Turli xil shubha-gumonlardan xoli boʻlishi kerak. Bizga turli xil gap soʻzlar taʼsir qilmasligi kerak. Yuqoridagi hadisda taʼkidlab oʻtganimizdek, barchamiz Alloh taolo toʻgʻrisida yaxshi gumonda boʻlishimiz kerak. Shoyadki, Alloh taolo bizning ustimizga rahmatini yogʻdirsa, bu balodan butun dunyoga ofiyat bersa!!! Unutmasligimiz kerakki, Alloh taoloning rahmati barcha narsadan kengdir.
Alloh taolo Qurʼoni Karimda marhamat qiladi: “Rahmatim esa hamma narsadan kengdir”. (Aʼrof surasi 156-oyat)”.
Alloh Azza va Jalla barchamizni Oʻz rahmati bilan oʻrab olsin .Oʻz rahmati ila butun dunyoga ofiyat bersin.
M.Saʼdullayeva
Mir Arab oliy madrasasi talabasi