QADIM BUXORODA OʻTGAN YETTI PIR
Muallif: . .
Sana: 07.01.2023
656
BIRINCHI PIRI MURSHID



Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy quddisa sirrihu – Xojai Jahon. 1103-yilda tugʻilgan. Muborak xoklari Buxoro viloyatining Gʻijduvon shahri markazida.

IKKINCHI PIRI MURSHID

Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy quddisu sirrihu Xoja Orif Mohi- tobon nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Xoja Orif Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Revgar qishlogida tugʻilgan, yuz yildan ziyod umr koʻrib, 1259-yilda vafot etgan. Qabri Shofirkon markazida obod ziyoratgohga aylantirilgan.1996-yil Xoja Orif jomesi qurildi.
Naql etilishicha, Xoja Orif oʻrta boʻyli, ochiq yuzli, katta koʻzli, kamon qoshli, vujudidan mushku anbar hidi anqib turadigan zot boʻlgan ekan.
Xoja Orif Hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniyning toʻrtinchi xalifasi hisoblanadi. Hazrati Maxdumi Aʼzam Dahbediyning “Maqomoti Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy” asarida naql qilinishicha, Hazrat Xizr alayhissalom hazrati Abdulxoliq huzurlariga kelardilar. Oʻsha choq hazratning hamma shogirdlarini uyqu bosardi. Suhbat tugab, Xizr alayhissalom ketganlaridan soʻng shogirdlar beixtiyor uyqudan uygʻonardi. Shogirdlar orasida eng yoshi boʻlgan Xoja Muhammad ar-Revgariy Xizr alayhissalomning suhbatidan bahramand boʻlay deb koʻzlariga tuz sepdilar va ogʻrikning qattiqligidan u kishiga uyqu gʻalaba qilolmadi. Suhbatdan bahramand boʻldilar. Bu holni koʻrib Xizr alayhissalom dedilar: Siz orif boʻlgaysiz, inshaolloh!” Xoja Xizr alayhissalom nafaslarining barakotidan butun dunyoga Xoja Orif nomi bilan mashhur boʻldilar. Xoja Orif ar-Revgariy “Orifnoma” kitobining muallifi. “Orifnoma” 1994-yil nashr etildi. “Orifnoma”da yozilganki, “Odob nek odamlar ziynatidur!.. Avliyolik alomati uchtadur: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar boʻlmoq; ikkinchisi – sabru toqati yetguncha parhez qilmoq, uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq. Ochlik – zohidlar, zikr – oriflar taomi”.

UCHINCHI PIRI MURSHID


Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy quddisu sirrihu Vobkent tumanidagi Anjir Fagʻni qishlogida tugʻilib, oʻsha yerda vafot qilgan. Bu qishloqning hozirgi nomi Anjirbogʻdir.
Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy ilmi qol va ilmi holni hazrati Xoja Orif Revgariydan oʻrgangan. Ali Safiyning “Rashahotu aynul hayot” kitobida yozilishicha, Xoja Ali ar-Romitaniy Xizr alayhissalomdan: “Shu asru ayyomda pir deb kimning etagidan tutsa buladi?” deb soʻraganida Xizr alayhissalom: “Shu asru ayyomning murshidi Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviydir!” deganlar. Xizr alayhissalomning. tavsiyasiga muvofiq Xoja Ali ar-Romitaniy Xoja Mahmudga murid boʻladi. Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy qabrlari ustida yangi makbara, maqbara yonida hovuz va jomeʼ masjidi qurilib ushbu joy obod ziyoratgohga aylangan.

TOʻRTINCHI PIRI MURSHID


Xoja Ali Romitoniy quddisu sirrihu Xojai Azizon nomi bilan mashhur. Bu zoti sharif Romitonning Koʻrgon qishlogida tugʻilgan. Maqomati goyat oliy, karomati bisyor, kasblari toʻquvchi boʻlgan. “Rashahot”da yozilishicha, 1310-yil, “Maqomati Shohi Naqshband”da taʼkidlanishi- cha, 1321-yilda vafot qilgan. Qabri Koʻhna Urganchda, obod ziyoratgohdir.
Xoja Alining Romitondagi Qoʻrgʻon qishlogʻida tabarruk qadamjolari bor. U yer obod qilinmoqda. Xoja Alining toʻrtta mashhur xalifalari boʻlgan: Xoja Muhammad Kulohduz, Xoja Muhammad Xalloj, Xoja Muhammad Bovardiy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy.
Hoji Tesha bobo Naqshbandiyning aytishicha, Naqshbandxon ibn Sultonxon (1958-yil vafot qilgan) Xoja Ali ar-Rometani avlodi edi.
Xoja Ali Romitoniyning “Risolai Azizon” kitobi mashhur. Bu kitobni fors tilidan oʻzbek tiliga naqshbandiyshunos olima Gulchehra Navroʻzova tarjima qilib nashr ettirdi.

BESHINCHI PIRI MURSHID



Xoja Muxammad Boboyi Samosiy quddisa sirrihu. Bu muborak zotning muborak qabri Buxoro viloyatining Romiton tumanidagi Simos qishlogida.

OLTINCHI PIRI MURSHID


Sayyid Amir Kulol quddisu sirrihuning asli ismi Sayyid Amir Kalon boʻlib, Buxoro yaqinidagi Suxor qishlogʻida tugʻilgan. Bu zot taxminan 1287-yillarda dunyoga kelgan. Kulolchilik bilan shugʻullangani sababli Mir Kulol nomi bilan mashhur boʻlgan. Mir Kulolning bir yuz oʻn toʻrtta avliyo boʻlgan xalifasi bor edi. eng yetuklari Bahouddin Naqshband, Mavlono Orif Degaroniy, Shayx Yodgor Valiy, Shayx Jamoliddin Dehai Osiyoi, Shayx Shamsiddin Kulol, Xoja Darzuniylardir.
“Maqomoti Amir Kulol”da naql qilinishicha, Hazrat Mir Kulol mujarrad (boʻydoqlik) davrida tengqurlari bilan bogʻda ittifoq boʻlib, choponlarini yuvibtilar va birodarlariga aytibtiki, “Ey yoronlar, choponlarni paxsa devor ustiga yoymaylik, chunki u yerdagi tikanlarga ozor berilur. Zinhor daraxtlar shoxiga osmaylik, shoxlar egilib, jabr bulur. Zaminga ham tashlamaylik, oʻt-oʻlanlar xarob boʻlur”. Bu gaplarni eshitib, ne qilarini bilmay qolgan birodarlar surabtiki: “Amir, siz choponingizni qanday qilib quritasiz?” Hazrat debti: “Men choponimni ustimga tashlab, oftobroʻyada oʻtiraman va shunday qilib quritaman. Ey yoronlar, agar paxsa devordan bir parcha uzilib erga tushsa yo daraxt shoxi sinsa, yo chorva yeydigan oʻtlarga zarar etsa, Xudovandga ne uzr bildirurmiz? Zinhor nomashruʼ (shariatga zid) ishlar, kichik boʻlsa ham qilmang. Chunki kichik gunoh takrorlanaversa, doʻzaxga olib borur. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam istigʻfor (kechirim soʻrash) bilan katta gunohlar kechiriladi, muttasil qilinaverilsa, kichik gunohlar ham kattaga aylanadi, deganlar”.
Sobiq Ittifoq davrida Hazrat Mir Kulol jomesi yiqitildi, ziyoratgohi esa shoʻr bosgan, qarovsiz holga kelgan edi. Istiqlol yillarida Mir Kulol ziyoratgohida yangi jome masjid, mehmonxona, darvozaxona qurildi. 2007-yilda Sayid Mir Kulol qabri ustida mahobatli maqbara qad rostladi. Atrofida ulkan bogʻ barpo qilindi.


YETTINCHI PIRI MURSHID


Hazrati Sayyid Muhammad Bahoul-haq val-millat vad-dunyo ud-din Naqshband ibn Sayyid Jaloliddin. Bu kishi sohibi karomat, olimi rabboniy, Qurʼoni karim va paygʻambar alayhissalomning sunnatlarini xalqqa yetkazib, islom dini rivojiga muhim hissa qoʻshgan valiyullohdir.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1318-yil Buxoro shahri yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlogʻida tugʻilgan. Ul zoti sharif sharofatidan qishloqning nomi Qasri Orifonga aylangan.
Abulhasan Muhammad Boqir bin Muhammad Alining “Maqomoti shohi Naqshband” kitobida yozilishicha, Bahouddinga bevosita Sayyid Mir Kulol ustozlik qilgan. Hazrat ona tomonidan siddiqiydir, yaʼni nasablari Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi.
Bahouddin Naqshband hazratlari 1389-yil Qasri Orifonda vafot etgan.

Jobir domla ELOV,
Mir Arab oliy madrasasi rektori

. .

Eng ko'p o'qilgan Yetti pir haqida