BUXORONING MEʼMORIY YODGORLIKLARI
Muallif: . .
Sana: 07.01.2023
5635

Buxorodagi meʼmoriy yodgorliklardan biri boʻlgan Abdulazizxon madrasasi ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrugʻi bilan meʼmor Mimxoqon ibn Xoʻja Muhammadamin tomonidan 1652-yilda qurilgan.

U oʻrta asrlarning songgi bosqichiga mansub boʻlib, Buxorodagi Ulugʻbek madrasasi qarshisida qurilgan.
Uning qurilishiga homiylik qilgan Buxoro xoni Abdulazizxon (1614-yil Balx – 1681-yil Makka) Nodir Muhammadxonning katta oʻgʻli boʻlgan. 1626-yildan Xuttalon hokimi, 1630-yildan esa Balxning gʻarbiy tumanlari hokimi fazifasida faoliyat yuritgan. 1645-yildagi fitna natijasida Buxoro xonligi taxtini egallagan. Abdulazizxon markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilgan, mamlakat obodonchiligiga birmuncha hissa qoʻshgan. Buxoroda koʻpgina muhtasham binolar qurdirgan (Abdulazizxon madrasasi va b.).

Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islimiy naqshlar va zarhal bezagi bor. Naqshlar, asosan, moviy rang boʻyoqlar bilan chizilgan. Asosiy oʻlchami: atrof aylanasi 50×67 m., hovli — 28×35 metr boʻgan. Madrasa XVII asrda Buxoro mahobatli meʼmorchiligining yetuk namunasidir.

Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari koʻrsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yogʻoch oʻymakorligi namunalaridan iborat koʻrgazma tashkil etilgan.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan berilayotgan eʼtiborga toʻxtaladigan boʻlsak, 1997-yil Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha meʼmoriy inshootlar qatorida Abdulazizxon madrasasi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi.

Bola Hovuz majmuasi - Registon maydonidagi yagona saqlanib qolgan yodgorlikdir. U amir qalʼasi Arkning toʻgʻrisida joylashgan. Majmua hovuz, juma machiti va minoratdan iborat. Majmuaning eng qadimiy qismi Bolo-hovuz (maʼnosi “bolalar hovuzi”) hisoblanadi. U Buxoroda saqlanib qolgan hovuzlardan bittasi hisoblanadi.

Bolo-Hovuz – machiti 1712-yilda Buxoro hukumatining xotini qarori asosida qurilgan. Yana bir talqinlarga koʻra, Amir Shohmurod (1785-1800) ushbu machitni xalqqa yaqin boʻlish maqsadida jamoat ibodati uchun uchun qurgan. Oʻsha davrda Buxoro amirligida madaniy, iqtisodiy jihatdan inqirozga uchragan boʻlishiga qaramasdanBuxorodagi eng chiroyli machit qurib bitkazilgan.

Ushbu koʻp ustunli ajoyib ayvonli machit 18-asrga tegishli. Jozibador ustunlarga tirangan ayvonning yogʻochli shifti yogʻoch oʻymakorligi va gulli hamda geometrik naqshlar bilan bezatilgan. U yerda asosan shahar hukmdorlari ibodat qilishgan.

Oʻrta Osiyoda Somoniylar davri meʼmorchiligining nodir namunalaridan biri boʻlgan bu tarixiy obida Ismoil Somoniy tomonidan bunyod etilgan.

Ismoil Somoniy shaxsi haqida gapiradigan boʻlsak, u Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. Ismoil Somoniy 848-yil Buxoro shahrida tugʻilgan, 874-yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim boʻlgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga toʻplagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Bagʻdod xalifalaridan ibrat olib, oʻziga ulkan maqbara qurdirgan. 893-yilda Tarozga yurish qilib shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. 900-yilda Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgan.

Meʼmoriy obida bunyod etilgan davrda Oʻrta Osiyoda arab xalifaligidan mustaqil mahalliy davlatlar tashkil topa boshladi. Xurosonda Tohiriylar, Movarounnahrda esa Somoniylar davlati vujudga keldi. Mahalliy davlatlar yagona markaz atrofida birlashtirilib, ilm-fan yuksalgan. 874-yilda Ismoil Buxoro noibi etib tayinlandi. Bu paytda Movarounnahrda akasi Nasr hukmronlik qilayotgan edi. Nasr va Ismoil oʻrtasidagi munosabatlar 888-yilda buziladi va bu urushga olib keladi. Urushda gʻalabaga erishgan Ismoil butun Movarounnahrga hokim boʻlib oladi. 893-yilda u Tarozga yurish qilib Shimoliy chegaralarni mustahkamlagan.

Ismoil Somoniy maqbarasi oʻrta asrlarning rivojlangan davrida (IX-X asr), 864-868-yillar oraligʻida, hozirgi Buxoroning eski shahar qismida qurilgan.

Inshoot qabr vazifasini bajarganligi sababli, uning intereri uch pogʻonali (toʻrtlik – toʻrt devor, sakkizlik – devordan tomga oʻtish qismi va gumbaz – tom koʻrinishdagi) bir xonali kvadrat shaklni tashkil qilgan.

Uning qurilishida pishgan gʻisht, tosh va yogʻochdan foydalanilgan. Maqbaraning dizayniga toʻxtaladigan boʻlsak, jimjima gʻishtin bezaklari chiviqli toʻsiq yoki qamish, boʻyra toʻqimasini eslatadi. Devor qalinligi – 1,8 m., tarhi – tashqarisi 10,80×10,70 m., ichkarisi 7,20×7,20 m. Usti gumbaz bilan qoplangan. Toʻrt burchagi ustunsimon shaklda ishlangan, gumbaz atrofiga 4 qubba oʻrnatilgan. Devor tepasida kungirasimon darcha (40 ta). Har bir darcha hoshiyalangan. Ravoq tepasidagi qanos gʻishtin tangachalar marjoni bilan chegaralangan. Ikki chetiga mayda-mayda gʻishtdan chorsu tumor yasalgan. Bino ichkarisi tashqaridagi bino bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uslub jihatidan bir xil. Ichki devor gumbaz osti bagʻalidagi ustma-ust ravoqchalar – ustunchalarga tayangan. Ravoqchalar 8 qirrali gumbaz asosini tashkil qiladi. Qirralar burchagiga gumbazga tirgaklik qiluvchi ustunchalar ishlangan. Arxeologik qazilma vaqtida (1927) xona sahnida 2 yogʻoch sagʻana borligi aniqlangan. Ismoil Somoniy maqbarasi 4 tomoni bir xil chordara shaklida, uning tuzilishida qadimiy sugʻd meʼmorchiligining anʼanalari saqlanib qolgan buyuk meʼmoriy asar.

Ismoil Somoniy maqbarasi jahon meʼmorchilik va binokorlik maktablarining noyob asari hisoblanadi. Tengi yoʻq bu arxitekturaviy yodgorlikni arxitektorlar va binokorlar faxr bilan tilga oladilar, tarixchilar yaratilishini oʻrganadilar, sanʼat ahli esa uning tasvirlarini turli xil buyumlarda sevib aks ettiradilar.

Ismoil Somoniy maqbarasi IX asrda Buxoroda meʼmorchilik sanʼati, binokorlik texnikasining naqadar yuksalganligini va rivojlanganligini koʻrsatadi. Ana oʻsha davrdan boshlab binokorlikda yuqori sifatli pishgan gʻisht, albastrli qorishmalar ishlatilgan.

Ushbu nodir obidani tiklashgacha boʻlgan davrda Buxoroda matematik bilimlar, xususan geometriya juda yaxshi rivojlangan.

Professor M.Bulatov tomonidan uni barpo etishda qoʻllanilgan handasa qoidalari va qonuniyatlarini oʻrganish asosida doktorlik dissertatsiyasi yozilganligi ham bejiz emas. Hali inshootning oʻrganilmagan qanchadan-qancha qirralari, qonuniyatlari, qoidalari, qurilish usullari bor.

Yuksak professional darajada barpo etilgan bu tarixiy yodgorlik oʻsha davrdagi eng tajribali quruvchilarni, eng qobiliyatli meʼmorlarni loyihalash va qurilish usullari bilan qurollantirganligi, ularning bilim va malakalarini nechogʻlik oshirganligi sir emas.

Ismoil Somoniy maqbarasi markazlashma inshoot boʻlib, uning asosiy hajmini toʻrt devori koʻtarilgan sari bilinar-bilinmas yengil qiyshaytirilgan kub va fazoviy gumbaz tashkil qiladi. Devor kvadratlari bilan gumbazni tutashtiruvchi konstruksiya inshootning oʻziga xos jihatlaridan hisoblanadi. Maqbaraning barcha fasadlari bir xilda bajarilgan. Devorlar ichkari va tashqi tomondan bezakli qilib yuqori sifatli pishgan gʻishtdan bejirim terilgan, qurilishda oʻymakorlik usullaridan ham foydalanilgan.

Dekorativ gʻisht terimi inshootga yengillik ifodasini baxsh etgan. Kirish eshik proyomlari strelka shaklidagi arka koʻrinishida bajarilgan. Bu yechimlar, ayniqsa, strelkali arka va gumbazli tom konstruksiyalari, keyingi davrda nafaqat Buxoro meʼmorchiligida, balki butun Markaziy Osiyo meʼmorchiligida ham koʻp ishlatilgan.

Zaruriyati tugʻilgan gumbazli yopmalarni ishlatishning ijobiy tomonlari koʻpdir. Ulardan biri shundan iboratki, oʻsha davrda uzoq vaqtga chidaydigan konstruksiyalarning egilish qismlarida ham yaxshi ishlaydigan temirbetonga oʻxshagan buyum va konstruksiyalar deyarli mavjud boʻlmagan. Shu sababli ham tom yopma shunday koʻrinishda bajarilganki, u shakl boʻyicha bunyod etilgan har qanday konstruksiya asosan siqilishga ishlagan. Natijada inshootlarning proyomlari koʻrsatkichli arka shaklida, tom yopmalari esa gumbaz shaklida gʻisht terimidan mustahkam qilib tiklangan.

Boshqa tomondan, quruq va issiq iqlimli, quyoshning katta radiatsiyasi yerga tushadigan sharoitda gumbazli yechim samaralidir. Quyosh nuri gumbazli tomning faqat qaysidir bir boʻlakchasiga tik tushib, oʻsha qisminigina koʻp isitadi; shu vaqtda gumbazli yopmaning qolgan qismlariga radiatsiya tik tushmaydi va tom koʻp isimaydi. Gumbazli yopmaning uchinchi jihati shundan iboratki, bunday sirtdan issiqlik tez ketib, tom tezda soviydi. Shamol esganda esa, bu jarayon yana ham intensivlashadi.

Ismoil Somoniy arxitekturaviy yodgorligi XIasrdan ortiq vaqt ichida yaxshi holda saqlanib qolgan. U jahon arxitekturasining takomillashgan asari, “Sharqning meʼmoriy durdonasi” degan nomlar bilan ham ataladi. Yodgorlik arablargacha boʻlgan davr anʼanasi asosida bajarilgan boʻlsa-da, u nafaqat Buxoroda, balki Markaziy Osiyo meʼmorchiligida ham yangi stil, yangi shakl va yangi yechimlarni yaratishning keyingi taraqqiyotini aniqlab bergan.

Bino gumbazining oʻrtasida yorugʻlik tushishi va issiq havoning chiqib ketishi uchun gumbazcha bilan yopilgan baraban konstruksiya oʻrnatilgan boʻlib, uning yon tomonlariga arkali proyomlar qoʻyilgan. Inshoot devorlarining tashqi burchaklari naqshli ustunlardan, devorlar va kirish eshiklarining arkalari esa bezakli, jilo berilgan gʻishtlardan mohirona ishlangan. Gumbazli bino intereri bilan chuqurroq tanishilsa, uni yaratish sanʼati oldingi vaqtlardan boshlanganligiga va anʼanaga aylanganligiga ishonch hosil qilinadi. Yodgorlikning arxitekturaviy tahlili uni Eron, Mesopotamiya meʼmorchiligi bilan genetik bogʻliqlikda ekanligidan guvohlik beradi.

Bu inshootda bir necha tektonik yechimlar bir butunlikda, yaxlitlikda ishlab chiqilganligini inkor etib boʻlmaydi. Turar-joy va madaniy arxitektura asoslaridan ishonch bilan foydalanganlik ushbu inshoot misolida Buxoro meʼmorchilik maktabining oʻsha davrda yuksak darajada rivojlanganligini koʻrsatib turibdi.

Demak, Ismoil Somoniy maqbarasining hajm – samoviy va konstruktiv strukturasi undan keyin qurilgan gumbazli binolarning rivojlanishini aniqlab bergan. Meʼmoriy naqshlar, chiroyli jimjimador bezak elementlari, nihoyatda goʻzal va bejirim badiiy ifodalar oʻsha davrda gʻisht terish sanʼatining gullab-yashnaganligidan dalolat beradi. Maqbaradagi gʻishtlarning yuksak badiiy did bilan terilganligi uning jahon meʼmorchiligi ajoyib durdonalari silsilasidan oʻrin olishiga asos yaratgan.

Maqbara gumbazsimon, Movarounnahr va Xuroson meʼmorchiligining oʻziga xos “Chor” uslubida qurilgan. Meʼmoriy obidaning oʻziga xos tomoni shundaki, u Oʻrta Osiyo arxitektura va sanʼat tarixidagi dastlabki maqbaralardan biridir. Ismoil Somoniy maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib asosida yaratilganligi uning boshqa maqbaralardan farqlantiruvchi xususiyatidir. Maqbara oʻz davrida somoniy amirlari dafn etilgan daxma hisoblangan.

Hozirgi kunda meʼmoriy inshoot atroflari bogʻga aylantirilgan. U arxiologik qazishmalar orqali topilganligi uchun 60-50 sm pastda joylashgan. Bugungi kunda bu inshoot islom dunyosi maʼrifatparvarlari va allomalarining diqqat-markazida hamda turistlarning sayohatgohiga aylangan.

Maqbaraga Oʻzbekiston hukumati tomonidan berilayotgan eʼtiborga toʻxtaladigan boʻlsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ismoil Somoniy maqbarasi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari roʻyxati”ga kiritilgan.

2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisi”dagi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar meʼmoriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.

Labi-hovuz ansambli - Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (17-a.). Dastlab bozor maydoni boʻlgan. Maydon oʻrtasida katta qovuz qazilib (1620-y.) atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, harsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan. Shagʻal va tuproq bilan toʻldirilib shibbalangan. Hovuz eni 36 m., boʻyi 45,5 m., chuq. 5 m. Uning gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shim.da Koʻkaldosh madrasasi va Ernazar elchi madrasasi ( saqlanmagan) qad koʻtargan. Hoz. hovuz atrofiga chinorlar ekilib, choyxona qurilgan. Yodgorliklar taʼmirlangan.

Minorai kalon (Katta minora), Arslonxon minorasi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Muxandis va meʼmor Baqo loyihasi asosida Arslonxon qurdirgan (1127). M.k. oʻrnida avval ham minora boʻlgan, u qulab tushgach, hozirgisi mustahkam qilib qayta qurilgan. Poydevori tosh va maxsus qir qorishmasidan terilgan. Yer sathidan 9 m chuqur, bal. 50,0 m, kursisi qirrador, tanasi gʻoʻlasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-koʻshk bilan bogʻlangan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 pilpoya aylanma zina orqali chiqiladi. Masjidi kalon tomonidan minoraga oʻtiladigan koʻprikcha boʻlgan. M.k.ning oʻzagi ham, bezagi ham chorsi gʻisht (27x27x4x5 sm) ganchxok loyida terilgan.


Bezak gishti oʻrniga qarab turli shaklda, sirti silliq pardozlangan. Ustma-ust joylashgan turli xil handasiy shakldagi bejirim bezakli halqalari gʻishtin dandanalar bilan hoshiyalangan. Bezaklar orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi. Muqarnas ostidagi moviy rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasiy shaklda bezatilgan (keyinchalik toʻkilib ketgan). M.k. shu turdagi qad. inshootlar orasida alohida oʻrin tutadi. Shakllarning oʻzaro monandligi va mutanosibligi. handasiy uygʻunlik, ajoyib koʻrk va mahobatlilik M.k. ga chinakam goʻzallik bagʻishlaydi.

Tanasi va muqarnaslari taʼmir yetilgan (1924). Yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib taʼmirlangan (1960). Buxoroning 2500-yilligi munosabati bilan M.k.da taʼmirlash ishlari olib borildi (1997). M.k. Buxoro sh.ning noyob va qoʻhna yodgorlikdari qatoridan markaziy oʻrin egallagan.

Magʻoki Attor masjidi XII asrda qoraxoniylar hukmronligi davrida bunyod etilgan. XVI asrda shayboniylar sulolasi xonlari davrida qayta qurilgan.

Uni qayta qurishni tashkil qilgan Iskandarxon (1561-1583) va Abdullaxon II (1583-1598) hukmronligining dastlabki yillarida Samarqand hokimi boʻlgan. 1583-yilda Abdullaxon bilan oralari buzilgan, Abdullaxon Andijonda isyon koʻtargan Isfandiyor sultonga qarshi qoʻshin tortganda Isfandiyor sulton unga qoʻshilishdan bosh tortgan. Doʻstum sulton (Toshkent hokimi), Isfandiyor sulton (Andijon hokimi) va Oʻzbekxon (Hisor hokimi) bilan Abdullaxonga qarshi ittifoq tuzib Isfandiyor sulton boshliq qoʻshin Buxoro atrofini talon-taroj qilgan. Isfandiyor 1586-yil 16-avgustda fitnachilar tomonidan oʻldirilgan. Abdullaxon oʻzbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi boʻlgan. Otasi Iskandar sulton oʻgʻli tugʻilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chogʻidan qattiq kurash olib borgan. Abdullaxon II hukmronligi davrida Buxoroda ilm-fan, sanʼat, shaharsozlik, adabiyot va shu kabi sohalar gullab-yashnadi.
Meʼmoriy obidaning asosiy qismi va soʻnggi holatdagi koʻrinishi oʻrta asrlarning soʻnggi davrida, XVI asrda bunyod etilgan.

Meʼmoriy obidaning qurilishida xom va pishgan gʻisht, yogʻoch, loy, maxsus “qir” qotishmasi, tosh, ganj va shunga oʻxshash ashyolardan keng foydalanilgan. Meʼmoriy obidaning dizayni: Qadimiy 4 ustunli Moh masjidi (IX asr) oʻrnida XII asrda eski loyiha asosida qayta qurilgan (1934-yilda arxeologik tadqiqotlar asosida aniqlangan). XIV asrda taʼmirlangan, XV asrda peshtoqining yuqori qismi buzilgan. Shayboniy Abdulazizxon davrida (1541-1542-yillar) binoning yuqori qismi, gumbazlari qayta qurilgan. Masjid tarhi (13,35×17,6 m) sodda yechimga ega, ichkarisi 6 ustunli, 12 gumbazli, oʻrta gumbazi balandroq boʻlib, uning asosidagi darchalar orqali bino ichiga yorugʻlik tushadi. Sharqiy qismini keng pillapoyali zina egallagan. Bosh tarzidagi peshtoq gʻayriodatiy ravishda binoning yon tomonida joylashgan. Keyinchalik sharqiy qismi qayta qurilgan. Peshtoqining koʻrinishida yoysimon chuqur ravoq va undagi oʻziga xos bezaklar muhim oʻrin tutadi. Ganj va mayda gʻisht boʻlakchalaridan bezatilgan peshtoq hashami gʻoyatda nafis va yuksak badiiy did bilan bajarilgan. Namoyon oʻlchamlariga mutanosib ravishda murakkab boʻrtma naqshlar ishlangan. Ustun goʻshalari oʻyma naqshlar bilan, bogʻchasi vazasimon shaklda koʻkalamzorlashtirilgan.
Meʼmoriy obida Sharq meʼmorchiligi anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan, “Chor” uslubida bunyod etilgan.


Meʼmoriy obidaning oʻziga xos tomonlaridan biri, Magʻok (chuqurlik)da va Attor bozori yaqinida joylashganligi sababli Magʻoki Attori madrasasi deb atalgan. Inshootning bezaklari XII asr Buxoro meʼmorchilik maktabining yuksak naʼmunasi sifatida Oʻzbekiston meʼmorchiligi tarixida alohida oʻrin tutadi. Vaqt oʻtishi bilan masjid koʻmilib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga koʻra, 1547-yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, oʻrniga yangi masjid qurdirmoqchi boʻladi. Ammo naqshbandiya tariqatining oʻsha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Maxdumi Aʼzam bunga yoʻl qoʻymaydi. Meʼmoriy obidaning 1939-1949-yillarda peshtoqi mustahkamlanib taʼmirlangan, atrofi obodonlashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʻng, yurtimizdagi boshqa meʼmoriy inshootlar qatorida ushbu inshoot ham taʼmirlandi.
1997-yilda Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Magʻoki Attor masjidi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kabilar meʼmoriy obidaning huquqiy kafolatidir.

Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Buxoro xoni mumtoz shoir Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hisobiga Shayx Abdulla tomonidan qurilgan (1530—36). Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh. Amir 22 yoshida Samarqandga kelib Xoja Ahrorga shogird tushgan. Turkistonning Sabron (Savron)ida 2 koriz (yer osti arigʻi) qazdirgan, suv chiqargan, qalʼa bino etib, Shofirkon, Vobkent, Gʻijduvon tumanlarida koʻp joylarni obod qilgan (Shofirkonda Mir Arab qalʼasi saqlangan). U naqshbandiya tariqatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. Madrasa qurilishini nihoyasiga yetkaza olmagan, 1536 yyil boshida Mir Arab vafot etgan va uning vasiyatiga koʻra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan.

Xattot Mirali Fathobodiy — Buxoriy ushbu forsiy qitʼani Madrasa darvozasiga yozgan: “Mir Arab faxri Ajam onki kard — Madrasai olii bas bul ajab. Bul ajab on ast ki tarixi u: Madrasai olii Mir Arab”. Madrasa Minorai kalonning qarshisida joylashgan. Bosh tarzi ulkan peshtokli, darvozasi orqasida 5 gumbazli miyonsaroy, ikki yonida baland gumbazli keng darsxona va masjid, goʻrxona joylashgan. Koshinkori naqshlar yozuvlar bilan uygʻunlashgan (saqlanmagan). Goʻrxona ichi gumbaz osti bagʻali qalqonsimon muqarnasli, shipi va devorlari ganch oʻymakorligida bezatilgan, izorasi rangbarang koshinli. Goʻrxonada Ubaydullaxon (1537-y. v. e.)ning yogʻochdan xotamkori usulida ishlangan sagʻanasi va Mir Arab, uning qarindoshlari qabrlari bor.

Madrasaning umumiy tarhi 68,5x51,8 m, hovli 35,4x31,3 m, darsxona 8x8 m. Hovlisi toʻrtburchak shaklida boʻlib, atrofini oldi ravokli, ikki oshyonli 114 hujra oʻrab turadi. Tomonlar oʻrtasidagi 4 baland peshtokli darsxona — ayvon hovli mahobatini oshiradi. Tuzilishi jihatidan naqshinkor jan. peshtoqning dastlabki qiyofasi saqlanib qolgan, bu naqshlarning tarkibiy qismida yulduzsimon bezaklar uchraydi. Undagi bezaklarning saqlanib qolgan ayrim parchalaridan naqshlar gʻoyat nafis va nozik boʻlganligini bilish mumkin. Rivoyatlarga kura, Madrasa asosi chuqur qilinib, togʻ toshlari bilan mustahkamlangan, qor, yomgʻir suvini qochirish uchun tazarlar ishlangan, ular orqali suvlar shahar qoʻrgʻonidan tashqariga chiqarilgan. Mir Arab madrasasida Oʻrta Osiyo diniy maktablari qurilishiga xos anʼanaviy loyiha va mujassamot oʻz ifodasini topgan. Buxoroning 2500-y.ligi munosabati bilan Madrasa peshtogʻi va gumbazlaridagi toʻkilib ketgan koshinkori naqshlar va yozuvlar qayta tiklandi. Mir Arab madrasasi diniy oʻquv yurti. Madrasada talabalar islom dinidan saboq oladilar. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida. Shoʻrolar davrida faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan, 1945-yilda yana tiklangan. Oʻquv muddati 4 yil. Oʻquv yurti kunduzgi boʻlimiga 15 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan oʻrta va toʻliqsiz oʻrta maʼlumotli kishilar qabul qilinadi. Diniy fanlar hamda umumtaʼlim fanlari oʻqitiladi. Talabalarga arab, ingliz, rus va fors tillari ham oʻrgatiladi. Darslar oʻzbek va arab tillarida olib boriladi.

Koʻkaldosh madrasasi – Buxoro shahridagi Labihovuz ansambliga kiruvchi arxitektura yodgorliklaridan biri, 1568-1569-yillari Buxoro amirining vaziri Qulbobo Koʻkaldosh qurdirgan ikki qavatli imorat. Madrasada 160 ta hujra boʻlib, ularda nafaqat Buxoro amirligi, balki butun Oʻrta Osiyo, Orenburg, Qozon, hatto Qrimdan kelgan talabalar tahsil olganlar.

Minoraning dekorativ gumbazlari noyob silliqlangan gʻishtdan “oʻrgimchak inisimon” qilib terilgan. Bu gumbazlarni Buxoro maktabi uslubida ishlangan eng yaxshi monumental sanʼat namunalari deyish mumkin. Qulbobo Koʻkaldosh Amir Abdullaxon Shayboniy bilan birga sut emishganligi uchun “Koʻkaldosh”, yaʼni “koʻkrakdosh” deb atalgan.

Poyi Kalon meʼmoriy majmui barcha mehmonlar eʼtiborini jalb qiladigan joy. Moʻgʻul davridan ancha ilgari, XII asrda barpo etilgan Kalon Minorasini deyarli hamma joydan koʻrish mumkin. XVI asrda uning yonida Masjidi Kalon va roʻbaroʻsida Miri arab madrasasi qurilgan. Musulmon bayramlarida minora tepasidan muazzinning solih musulmonlarni namozga chorlovchi ovozini eshitish mumkin edi. Qadim zamonlarda kechasi minora tepasida yoqilgan olovni uzoq-uzoqlardan koʻrish mumkin boʻlgan. Hozir, xuddi ilgari paytdagidek, minora eski shahar tepasida turibdi.

Minora oʻzining uygun shakllari va aniq chiziqlari bilan uzoqdan sizning eʼtiboringizni tortadi. Agar siz minorani koʻrish sharafiga muyassar boʻlsangiz, uning aniq proporsiyalari va chiroyli terilgan gʻishtiga maftun boʻlasiz. Masjidi Kalon Samarqand shahridagi Bibixonim masjididan keyin Oʻrta Osiyodagi ikkinchi eng katta masjid. Musulmon bayramida masjidga 10 ming kishi sigʻishi mumkinligi oʻz isbotini topgan. Masjidning usti ochiq yirik hovlisi, uning ajoyib peshtoqlari va usti yopiq ayvonlari unutilmas taassurot qoldiradi. Masjidi Kalon roʻparasida joylashgan Miri Arab madrasasi proporsiyasi va simmetriyasi tufayli oʻzidan keyin qurilgan masjidlar uchun hamisha namuna vazifasini oʻtagan. Boʻlgʻusi imomlar taʼlim olgan Miri Arab madrasasi koʻp yillar davomida sobiq shoʻrolar ittifoqi davrida amal qilgan yagona madrasa boʻlgan.

Nodir Devonbegi madrasasi XVII asrning 1622-1623-yillarda Buxoro hokimining devonbegi Nodir Mirzo Togʻay Ibn Sulton tomonidan qurilgan. Bu madrasa Xoja Ahror xonahosi yonida qurilganligi uchun Xoja Ahror madrasasi deb ham yuritiladi. Mazkur madrasani shu qoʻrgʻonda barpo qilinishini Nodir Mirzo Togʻay Ibn Sultonning Xojaga boʻlgan cheksiz hurmati belgisi deb tushunmoq mumkin.

Nodir Devonbegi madrasasining loyihasini ishlashda Registonning Sherdosr madrasasining binosini koʻrinishidan ijodiy foydalanib ish koʻrilgan. “Ikkinchi Sherdor” madrasasi (xalq ichida shunday ham yuritiladi) 1978-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi A. Haqqulov tashabbusi bilan qayta taʼmirlangan. Peshtokida Sher rasmining aks ettirilishi, katta hovlining chetlarida hujralarning joylashganligi bilan sherlarning nusxasiga oʻxshaydi, faqat bunda minoralar yoʻq. Madrasa bir qavatli boʻlib, oʻzida 16-17 asrlarda keng tarqalgan hashamatli sharqona toʻrtayvonlik usulida bunyod etilgan. Madrasaning peshtokida qurilishning boshlanish vaqtning koʻrsatuvchi yozuvlar mavjud boʻlib, ular naqsh bezaklari bilan uygʻunlashib ketgan. Bu yozuvlarning naqshlar bilan hashamatlashtirish Xoja Hoshim va muhandis-quruvchi Doʻstmuhammadlar ijodlarining namunalaridir.

Chashma-Ayub mozorining barpo etilishi ham XII asrlarga oid, deb hisoblanadi. Afsonalarga qaraganda, Injildagi paygʼambarlardan biri – Ayub (Iov) Buxoroning bu suvsiz qismidan oʻtayotganda hassasi bilan yerga urgan – natijada bu yerda top-toza, shifobaxsh suvli buloq paydo boʻlgan. XIV asrda Amir Temur oʻzining yurishlaridan birida olib kelgan xorazmlik ustalar buloq va quduq ustidan bino barpo etganlar hamda quduqdagi baland tortish qurilmasi ustidagi konus shaklidagi gumbazga Xorazm uchun xos boʻlgan shakl berganlar. Ularga qaraganda mashhur Chor-Minor masjidi esa yangi qurilgan bino, deb atalishi mumkin – u XIX asrda qurilgan. Bu masjidda toʻrtta uncha baland boʻlmagan minoralar hamda gumbazlar zangori rangda boʻlib, masjidga oʻziga xos qiyofa bagʼishlaydi.

Sharq meʼmorchiligi uchun sunʼiy suv havzalari boʻlgan hovuzlardan nafaqat amaliy maqsadlarda, balki shaharni yanada har tomonlama bezatish uchun ham foydalanish odatdagi holdir.

Buxoro shahrida joylashgan Ulugʻbek madrasasi Muhammad Taragʻay Ulugʻbek tomonidan bunyod etilgan.

U Amir Temurning kenja oʻgʻli Shohruxning toʻngʻich oʻgʻli boʻlib, 1394-yil 22-martda Eronning Sultoniya shahrida tugʻilgan. U 1409-yil otasi Shohruxning yordamida Movarounnahr taxtini egallaydi va u yerda 40 yil, 1449-yilgacha hukmronlik qilgan. U buyuk olim boʻlib, astronomiyaga oid “Ziji jadidi Koʻragoniy” asarini, tarixga oid “Toʻrt ulus tarixi” asari va musiqaga oid 5 ta risola yozgan.

Madrasa qurilishi oʻrta asrlarning soʻnggiga toʻgʻri keladi. U XV asrning birinchi choragida, yaʼni 1417-yilda qurib bitkazilgan.

Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida bunyod etilgan bu obida Buxoro shahrining eski shahar qismida, Abdulazizxon madrasasi roʻparasida bunyod etilgan.

XV asrning birinchi choragida Movarounnahrda Temuriylar oʻrtasida taxt uchun kurash kuchayib ketdi. Movarounnahr va Xurosondan tashqari barcha hududlar Temuriylar qoʻlidan chiqib ketdi.

Meʼmoriy obidaninng qurilishida guvala va paxsadan tashqari xom va pishiq gʻisht, yogʻoch (tut va yongʻoq daraxti)lardan keng foydalanilgan.

Meʼmoriy inshootdagi (dizayn) ustunlar, derazalar, devorlar ganch oʻymakorligi asosida ishlangan. Shiftlar gʻisht oʻymakorligi asosida naqshlangan. Bosh tarzida mahobatli peshtoq, 2 qanotida 2 qavatli hujralar va burchaklarida guldastalar joylashgan. Guldastalar tepasi qubbali qilib ishlangan. Madrasaning asosiy bezagi peshtoqida boʻlib, unda sirkor gʻishtchalardan tashqari, rang-barang gulli parchin va koshindan foydalanilgan. Hovlining shimoliy va janubiy tomonlari qisqaroq koʻrinishga ega boʻlib, devorlari, ravoq va peshtoqlari oq, feruza va binafsha rang va sirkor gʻishtlar bilan pardozlangan. Hujralar ichi ganch suvoqli. Madrasa 53 metrga 41,6 metrni tashkil etadi. Masjid 15,5 metrga 5,5 metrni tashkil etadi. Darsxona esa 5,5 ga 5,5 metrni tashkil etadi. Madrasa eshigining tabaqalariga arab yozuvida “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” deb yozib qoʻyilgan. Bundan tashqari peshtoqda Amir Temur davrida Erondan keltirilgan ustaning avlodi Ismoil ibn Tohirning nomi ganchkor va turli bezaklar asosida yozilgan nastaʼliq xatida saqlanib qolgan. Naqshlarida yulduzsimon bezaklar koʻp va ayvon ustunlari zarhallangan.

Meʼmoriy inshoot Sharq anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan gumbazsimon, arkli, toʻrtburchak va “Chor” uslubda qurilgan.


Madrasaning oʻziga xos tomonlaridan biri shundaki, u balandligi jihatidan Buxorodagi boshqa madrasalarga qaraganda pastroq va hujralarining koʻpligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Ulugʻbek tomonidan qurdirilgan dastlabki madrasadir. Madrasaning boshqa madrasalardan farqi shundan iboratki, uning ikki chetida minoralar mavjud emas. Xonaqoh pesh ayvonlari esa 8 tani tashkil qiladi.

Bugungi kungacha meʼmoriy obida atroflarida bogʻlar tashkil qilingan. Bizgacha Ulugʻbek madarasasi ancha oʻzgargan holda yetib kelgan. 1950-1970 va 1990-1996-yillarda taʼmirlangan. Madrasaning taʼmir talab yerlari qayta rekonstruksiyadan chiqarilgan. Madrasa koʻchasiga esa oʻrta asr uslubida toshlar yotqizilib, yoʼllar hosil qilingan. Hozirgi kunda madrasa ochiq osmon ostidagi muzey sifatida chel el sayyohlari hamda Oʻzbekistonlik milliy madaniy merosga qiziquvchilarning ziyoratgohiga aylangan.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan berilayotgan eʼtiborga toʻxtaladigan boʻlsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ulugʻbek madrasasi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari roʻyxati”ga kiritilgan.

Meʼmoriy inshoot rivojlangan va soʻnggi oʻrta asrlarning eng yirik taʼlim muassasasi boʻlgan. Abdullaxon II davrida Joʻybor shayhi Xoja Saʼd tomonidan (1586) butunlay qayta tiklangan va yirik madaniyat va maʼrifat maskani vazifasini oʻtagan. Manbalarda aytilishicha, Ulugʻbek 1419-yil 28-noyabrda madrasaga tashrif buyurgan va taʼlim olayotgan talabalarga inomlar ulashgan.

Madrasaning oʻziga xos tomonlaridan biri shundaki, u balandligi jihatidan Buxorodagi boshqa madrasalarga qaraganda pastroq va hujralarining koʻpligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Ulugʻbek tomonidan qurdirilgan dastlabki madrasadir. Madrasaning boshqa madrasalardan farqi shundan iboratki, uning ikki chetida minoralar mavjud emas. Xonaqoh pesh ayvonlari esa 8 tani tashkil qiladi.

Bugungi kungacha meʼmoriy obida atroflarida bogʻlar tashkil qilingan. Bizgacha Ulugʻbek madarasasi ancha oʻzgargan holda yetib kelgan. 1950-1970 va 1990-1996-yillarda taʼmirlangan. Madrasaning taʼmir talab yerlari qayta rekonstruksiyadan chiqarilgan. Madrasa koʻchasiga esa oʻrta asr uslubida toshlar yotqizilib, yoʼllar hosil qilingan. Hozirgi kunda madrasa ochiq osmon ostidagi muzey sifatida chel el sayyohlari hamda Oʻzbekistonlik milliy madaniy merosga qiziquvchilarning ziyoratgohiga aylangan.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan berilayotgan eʼtiborga toʻxtaladigan boʻlsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ulugʻbek madrasasi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari roʻyxati”ga kiritilgan.

Meʼmoriy inshoot rivojlangan va soʻnggi oʻrta asrlarning eng yirik taʼlim muassasasi boʻlgan. Abdullaxon II davrida Joʻybor shayhi Xoja Saʼd tomonidan (1586) butunlay qayta tiklangan va yirik madaniyat va maʼrifat maskani vazifasini oʻtagan. Manbalarda aytilishicha, Ulugʻbek 1419-yil 28-noyabrda madrasaga tashrif buyurgan va taʼlim olayotgan talabalarga inʼomlar ulashgan.

Internet materiallari asosida tayyorlandi.

. .