BUXORO SHAHRIDA ISTIROHAT BOGʻI QURILADI
Muallif: . .
Sana: 06.03.2023
579

Bugungi kunda Buxoro shahri katta qurilish maydoniga aylangan. Shaharning koʻplab hududlarida aholi turar joylari, inshootlar, yoʻllar, shuningdek, aholi dam olish maskanlari bunyod etilmoqda. Ana shunday inshootlardan biri sobiq Toʻqimachi dehqon bozori oʻrnida qurilishi rejalashtirilgan istirohat bogʻidir.

Bogʻ uchun 1,7 gektar yer ajratilgan boʻlib, bu yerda butazor va tabiiy oʻtloqli maydon, veloyoʻlak va piyodalar yoʻlakchasi, sport maydoni barpo etiladi. Umuman, tashrif buyuruvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, zarur infratuzilma yaratiladi. Puxta oʻylangan dizaynga ega istirohat bogʻi bir tarafdan sayyohlar uchun muhim joyga, ikkinchi tomondan shahar brendining bir qismiga aylanadi.

Ayni paytda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, bugun erta tongda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, viloyat tashkilot va idoralari mutasaddilari, yoshlar, jamoatchilik vakillari, ekologiya hamda obodonlashtirish sohasi xodimlari mazkur hududda “Yashil makon” umummiliy loyihasi doirasida tashkil etilgan daraxt oʻtqazish tadbirida ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida bugun mamlakatimizda yuz berayotgan yangilanishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari odamlarning kundalik hayotida oʻz aksini topib, eng asosiysi, yurtdoshlarimizning dunyoqarashi, hayotga boʻlgan munosabati oʻzgarishiga, ertangi kunga boʻlgan ishonchi ortishiga xizmat qilayotganligini taʼkidladi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi hozirda keng quloch yozib, umummilliy harakatga aylanganini, Buxoroda ham bu borada yangi tashabbuslar ilgari surilayotganini taʼkidladi.

Joriy bahorgi mavsumda ham ushbu loyiha doirasidagi ishlarni yanada izchil davom ettirgan holda manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini, butalarni ekib, viloyatimizda yashil hududlarni yanada koʻpaytirish maqsad qilinganligi qayd etildi.

Shundan soʻng xalqimizning qadimiy urf-odatlariga binoan, Qurʼon tilovat qilinib, yaratgandan yaxshi niyatlarning ijobati soʻraldi va daraxt ekish ishlariga kirishildi.

— Xalqimizning “Yaxshidan bogʻ qoladi” degan azaliy naqli bor. Bu hikmat ayni kunda yangicha mazmun va mohiyat kasb etgan. Bunday ezgu va xayrli ishda har birimiz ishtirok etib, oʻz hissamizni qoʻshishimiz mumkin. Qolaversa, “Koʻchat ekib, bogʻ yarat”, “Birni kessang oʻnni ek” hikmatlari ham bejiz aytilmagan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan. Shu bois, yurt obodligi shu kabi ezgu amallardan boshlanib, har bir koʻngilga fayz beradi, yashashimiz mazmunini belgilaydi, – deydi viloyat bosh imom xatibi Jobirjon Elov.

Shu kuni tadbir doirasida 300 tupdan ortiq manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Viloyat rahbari istirohat bogʻi qurilishi loyihasi bilan tanishar ekan, uni aholining talab va istaklariga uygʻun holda barpo etish, oʻyin maydonchalari, mini-kafe, favvora, maysazorlar va oʻtirib dam oladigan joylar dizaynigacha eʼtibor qaratish, sugʻorish tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

. .