OʻZBEK MANBASHUNOSLIGI VA TASAVVUFSHUNOSLIGI YUTUQLARINING XORIJDAGI EʼTIROFI
Muallif: . .
Sana: 06.03.2023
446

Oʻzbek sharqshunos olimlarining xorijiy davlatlar ilmiy doiralari, jumladan, Rossiya olimlari va ilmiy-maʼnaviy tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Bu yoʻnalishda, ayniqsa, oʻzbek manbashunoslari va tasavvufshunoslarining Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi bilan hamkorligi alohida oʻrin tutadi.

Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi rayosatining 2023-yil 14-fevraldagi qarori va Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, Bosh muftiy, shayxulislom Talʼat Safo Tojiddinning shu sanadagi №04-23-sonli farmoniga asosan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, “Naqshbandiya” jurnalining bosh muharriri oʻrinbosari, tarix fanlari doktori, sharqshunos, manbashunos, bitikshunos, islomshunos, tasavvufshunos Komiljon Rahimov butun postsovet makonida diniy-axloqiy qadriyatlarni izchil oʻrnatishdagi munosib hissasi, diniy-axloqiy uygʻonishni rivojlantirishdagi roli, Rossiya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi tinchlik, doʻstlik va oʻzaro tushunishni mustahkamlashdagi salmoqli hissasi va boshqa xizmatlari uchun mazkur idoraning “Vera i chest” ordeni bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtish lozimki, ushbu orden Rossiya va boshqa davlatlarda islom diniga eʼtiqod qiluvchi xalqlarning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va targʻib etish, diniy-axloqiy qadriyatlarni tiklash, dinlararo va millatlararo totuvlikni mustahkamlash kabi ishlarga hissa qoʻshgan shaxslarga beriladi. Komiljon Rahimovning tasavvuf tarixiga bagʻishlangan bir necha asarlarining Rossiyada nashr etilishi, shuningdek, ushbu olimning Rossiyadagi manbashunoslik, islomshunoslik va tasavvufga bagʻishlangan koʻplab ilmiy anjumanlar va tadbirlarda faol ishtirok etishi Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi tomonidan shu tarzda munosib taqdirlandi.

Isteʼdodli yosh sharqshunos, manbashunos olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faoli Komiljon Rahimov 1982-yil Buxoro shahrida tugʻilgan. U 1995–1999-yillari Buxorodagi Mir Arab madrasasida, 2000–2007-yillari Buxoro davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetida bakalavr va magistarturada tahsil olgan. 2005–2006 oʻquv yilida Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi Fan va taʼlim madaniyat markazi eʼlon qilgan 1 yillik malaka oshirish grant tanlovi gʻolibi boʻlgach, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Buxoro davlat universiteti maʼmuriyati tavsiyasiga muvofiq 2005–2006-yillari Misr Arab Respublikasining Qohira universiteti Arab filologiyasi fakultetida davlat granti asosida 1 yil malaka oshirib qaytgan. 2008–2013-yillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasi (2014–2017) va doktoranturasini (2018–2021) bitirgan. Komiljon Rahimov 2018-yil tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan “Mustamliy Buxoriyning «Sharh at-Taʼarruf” asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga taʼsiri» mavzusidagi dissertatsiyani, 2022-yili esa tarix fanlari boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozgan “Xojagon-naqshbandiya taʼlimotining ildizlari va shakllanish manbalari (IX–XIV asrlar)” mavzusidagi dissertatsiyani prof. Bahrom Abduhalimov rahbarligi ostida muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Komiljon Rahimov Oʻzbekiston va 15 xorijiy mamlakat nashrlarida chop etilgan 250 dan ortiq ilmiy maqola, 30 ta monografiya va 2 ta ilmiy toʻplam muallifi. Shuningdek, turli toʻplam, lugʻat va ensiklopediyalarda ham 77 ta maqola chop etgan. Bulardan tashqari, Oʻzbekistondagi 41 ta va xorijiy mamlakatlardagi 19 ta ilmiy-amaliy va ilmiy-nazariy anjumanlarda oʻz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etgan.

Komiljon Rahimov hozirgi kunda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Buxoro davlat universitetidagi Ilmiy kengashlarning aʼzosi hisoblanadi. Isteʼdodli olim hozirgi kunda islom davrining boshlarida Buxoro shahridagi taʼlim, fan va madaniyat asoslarining qoʻyilishi va rivojlanishi tadqiqiga bagʻishlangan “VIII–XI asrlarda Buxorodagi taʼlim, fan va madaniyat taraqqiyoti” nomli monografik tadqiqot ustida ishlamoqda.

Sermahsul yosh olimning kelgusidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Manba OʻzA
. .