Shu yil 6-mart kuni boʻlib oʻtgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi yigʻilishida muhim masalalar muhokama qilinib, diniy sohada fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh xodimlar moddiy ragʻbatlantirildi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Ramazon oyida mehr-muruvvat ishlarini yanada kengaytirish, diniy soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash va kam taʼminlangan oilalarga saxovat ishlarini uyushtirish Fond oldidagi eng dolzarb vazifa ekanini taʼkidladilar. Ayniqsa, Ramazon oyi koʻngillarga xursandchilik ulashish mavsumi ekanini ifodalovchi keng miqyosda xayriya ishlarini amalga oshirishga eʼtibor qaratdilar.
“Vaqf” fondi tomonidan muborak oy arafasida 52 nafar mudarris, 57 nafar ishchi-xodim va 28 nafar talaba jami 137 nafarni qoʻllab-quvvatlash uchun 701 million soʻm hamda olis hududlardagi kam daromadli 26 ta masjid imom-xatibini qoʻllab-quvvatlash uchun 130 million soʻm, mazkurlarga jami 831 mln. soʻm moddiy ragʻbat ajratilganini Fond rahbari Ziyovuddin Mirsodiqov yigʻilishda maʼlum qildi, taqdirlanganlarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, diniy sohada koʻp yillar mehnat qilgan faxriylarga ham hurmat-ehtirom koʻrsatilib, munosib sovgʻalar taqdim etildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov Fond faoliyatini rivojlantirishda uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqish, xorijiy tajribani oʻrganish, shaffoflik va ochiqlikni asosiy mezon bilish kabi yoʻnalishlarga katta urgʻu qaratdi.
Yigʻilishda Fondning Samarqand va Fargʻona viloyatlari filiallari tashabbuskorligini eʼtirof etish barobarida Andijon, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlari filiallari faoliyati tanqid ostiga qilindi. Fond tizimiga oid boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati