MAVLIDNI NISHONLASH MASHRU’ EKANLIGINI INKOR QILUVCHILARGA RADDIYA
Muallif: . .
Sana: 10.09.2024
115

Afsuski, ba’zi bir mutaassib kimsalar mavlidni nishonlash Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan shu bois bu ishni qilish harom, uni qilgan kishi esa bid’atchi va gunohkor bo‘ladi, dеb da’vo qilmoqdalar. Bu borada ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urib, har xil targ‘ibotlar qilib, jamiyat ichida bo‘linishga, ixtiloflar chiqarishga, hamda turli xil ko‘ngilsiz holatlar yuzaga chiqishiga sababchi bo‘lmoqda. Shunga binoan quyida ahli sunna val jamoa ulamolarining bu boradagi tutgan yo‘llarini yoritib, mavlid marosimlarini nishonlash mashru’ ekanligiga ba’zi bir dalillarni keltirib o‘tamiz.

● 1- Fiqhiy qoidada aytiladiki, bir narsaning harom ekanligi faqat dalil bilan sobit bo‘ladi. Demak har qanday ishki uning harom ekanligiga dalil sobit bo‘lmasa u muboh ish sanaladi. Holbuki, Nabiy alayhissalomning tavallud kunlarini nishonlash harom ekanligi borasida hech qanday ochiq dalil yo‘q.

● 2- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari tavallud kunlariga boshqa kunlarga nisbatan alohida e’tibor qaratganlar. U zot sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining tug‘ilgan kunlari uchun maxsus ro‘za ibodatini ajratib, “Men ushbu kunda tug‘ilganman”, deb aytar edilar.

● 3- Iso alayhissalomning tug‘ilgan kunlaridan xursand bo‘lib “Menga tug‘ilgan kunimda salom bo‘lsin”, deb aytganlar...

Alloh taolo Yunus surasi 58-oyatida: “Ayting ey Muhammad! Allohning fazli ila va Uning rahmati ila (biz sizni ushbu ummatga yubordik). Bas, ular ana shu bilan xursand bo‘lsinlar.” deb aytgan. Bu oyat islom ummati ular uchun Nabiy alayhissalomning yuborilganlari bois xursandchilik qilishlariga ochiq dalildir.

● 4- Bir ishning tark qilinishi u ishni harom ekanligiga dalil bo‘lolmaydi. Shunga binoan sahobalar U zot alayhissalomning tavallud kunlarini nishonlamaganliklari bu ishning harom ekanligini taqozo qilmaydi.

● 5-Bu shunday kunki Alloh taolo ushbu kunda olamlarga u zotni yuborish ila O‘zining cheksiz fazlini ko‘rsatgandir. Shu bois musulmonlar ushbu kunni nishonlashi va xursandchiliklarini izhor qilmog‘i darkor.

● 6-Nabiy alayhissalomning tavallud kunlarini nishonlash bid’at emas, chunki bid’at dinda asli bo‘lmagan ishni dindan deb sanab uni ibodat darajasiga ko‘tarishdir.

● 7-Dinimizda har qanday yangi tug‘ilgan chaqaloqni shukronasiga aqiqa va sadaqotlar qilishlari mashru’dir. Hamda o‘sha kunlarda kishilar tug‘ilgan chaqaloqning dunyoga kelganiga xursandchiliklarini izhor qilmog‘iga targ‘ib qilingan... Olamlarga rahmat ila yuborilgan zotning dunyoga kelishlariga bo‘lgan xursandchilik bundan ham ziyoda bo‘lmog‘i lozim emasmi?!

● 8-Ba’zi insonlarning mavlid tadbirlarida noshar’iy ishlarni joiz bo‘lmasada bajarishlari bu kunni mutlaq nishonlash harom ekanligini taqozo etmaydi. Hech kimga sir emaski, bugungi kundagi ba’zi bir nikoh to‘ylarida joiz bo‘lmagan, balki harom bo‘lgan ishlar sodir bo‘lmoqda. Bu esa o‘sha nikoh to‘ylarini nishonlab o‘tkazishni butkul haromga chiqarib qo‘ymaydi... Qolaversa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nikoh kunida duf urishni, u kunda xursandchilik va shodiyona bilan o‘tkazishga bo‘lgan tavsiyalarini ham haromga chiqara olmaydi...

Jaloliddin Suyutiy aytadilar: “Mening nazdimda aslida mavlid amalida odamlarning to‘planishi, Qur’oni karimdan qiroat qilish, Payg‘ambar alayhissalomning tavallud topganlarida ro‘y bergan mo‘jizalar haqida vorid bo‘lgan xabarlarni rivoyat qilish, keyin dasturxon yozilib, taomlardan tanovul qilingach tarqalib ketish, bularning hammasi go‘zal ishlar sizrasidan bo‘lib, uni tashkil etganlarga savob bor. Chunki, bunda Payg’ambar alayhissalomni ulug’lash, tavallud topganlari uchun xursandchilik va shodlikni izhor etish bor”. U zot yana shunday deydilar: “Qorilarning imomi Al-Hofiz Shamsiddin ibn al-Jazariyning (arfu at-ta’rif bilmavlid ash-sharif) nomli kitobida shunday satrlarni o‘qidim: “Abu Lahab vafot etgach uni tushda ko‘rildi va unga: holing qanday? - deyildi. U: do‘zaxdaman, biroq, har dushanba kechasi mendagi azob yengillatiladi. Yana barmog‘imni so‘rsam suv chiqadi. Buning boisi cho‘rim Suvayba menga Payg‘ambarning tug‘ilgani haqida xabar olib kelganida xursand bo‘lganimdan, uni cho‘rilikdan ozod qilib yuborganim va u Muhammadni emizgani uchun, deb javob berdi. Agarki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tavallud topgan kechalarida xursand bo‘lgani uchun, Qur’oni karimda mazammat qilingan kofir Abu Lahabga do‘zaxda shunchalik muruvvat ko‘rsatilgan bo‘lsa, Payg‘ambarning tug‘ilganidan xursand bo‘lgan, borini unga bo‘lgan muhabbati uchun Alloh yo‘lida ehson qilgan musulmonning holi qanday bo‘lishi mumkin.

Imom Zarqoniy “Sharh mavohibu laduniyya” kitobida keltiradi: Hanafiylarning eng mo‘tabar kitoblaridan bo‘lmish “Roddul Muxtor” kitobi sohibi alloma Ibn Obidin rohimahulloh aytadi: “Bilginki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam tug‘ilgan oyda qilinadigan mavlidi sharif maqtalgan ishlardandir.” “Salovatlarning afzali va salomlarning mukammal sohibi bo‘lmish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qissalaridan eshitish uchun jamlanish, o‘z ichiga ko‘pgina mo‘jiza va salovatlarni qamrab olganligi bois eng ulug‘ qurbatlardan hisoblanadi”.

Alloh taolo Yusuf surasi 120-oyatida: “Biz qalbingni sabotli qilish uchun sеnga Payg‘ambarlar xabarining hammasini qissa qilib aytmoqdamiz”, deb marhamat qilgan.

Ushbu oyat mavlidni nishonlash joiz ekanligiga Qur’oniy dalillardan yana biri hisoblanadi. Oyatning ma’nosidan tushuniladiki, Nabiy alayhissalomning qalblari avvalgi o‘tgan payg‘ambarlar qissalarini eshitish ila yanada sabotli bo‘lib, iymonlari ziyoda bo‘lar ekan. Usul qoidasiga asosan oyatlar xos bo‘lsa ham, uning hukmi umumni ifoda qilishi mumkin. Shunga ko‘ra aytamizki, huddi shu oyatda bizlarga ham ishora qilingan ma’nolar bor. Shulardan biri, huddiki u zot alayhissalomning qalblari payg‘ambarlar hayoti va qissalarini eshitish ila sabotli bo‘lgani kabi, bizlarning ham qalblarimiz o‘tgan payg‘ambarlar hayotini o‘qish va eshitish ila yanada mustahkam bo‘ladi. Shunga ko‘ra aytamizki, agar mo‘minlarning qalblari o‘tgan payg‘ambarlar hayotini eshitib shu darajada sabotli bo‘ladigan bo‘lsa, yaralmishlarning eng afzali bo‘lmish Nabiy alayhissalomning qissalarini masjidlar yoki turli xil yig‘inlarda o‘zaro so‘zlash va u zot alayhissalomning hayotlarini eslash ila qanday qilib bizlarning qalblarimiz sabotli bo‘lmasligini tasavvur qilish mumkin?!

Xulosa o‘laroq Nabiy alayhissalomning hayotlarida bo‘lib o‘tgan bir voqeani keltirib o‘tamiz. Zero ushbu voqea har bir salomat aqli bor bo‘lgan kishi uchun yetarli dalil hisoblanadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan vaqtlarida yahudiylar Muso alayhissalomning Fir’avndan najot topgan kunlarini nishonlab u kunda alohida ibodatlar qilishlariga guvoh bo‘ldilar. Bu Muharram oyining to‘qqizinchi kuniga to‘g‘ri keladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga ushbu kunda ro‘zasini tutishlarini buyurdilar. Ro‘za tutmaganlarni ham kunning qolgan qismida taom yеmay o‘zlarini saqlab turishlariga amr qildi. Bu ish shu kunni nishonlash uchun bo‘lgan edi. So‘ng u zot alayhissalom sahobalarga qarata:

“Biz Musoga ulardan ko‘ra haqliroqmiz” – dеdilar.

Endi bizlarni Rasulullohga ergashgan holimizda Musoning Fir’avndan qutulganini nishonlab xursandchilik qilishimiz joiz bo‘lganidan kеyin Alloh taolo olamlarga rahmat qilib yuborgan sayyidimiz Muhammad alayhissalomning mavlidlarini nishonlab xursandchilik qilishimiz nima uchun joiz bo‘lmas ekan?!

Boqiеv Azizbеk
Mir Arab oliy madrasasi mudarrisi

. .