Mayyitni yuvish amaliyotini oʼrganishdan oldin uning taʼrifi, hukmi, gʼassolning sifatini, yuvishni vojib boʼlish shartlarini bilib olsak maqsadga muvofiq boʼladi.
Mayyitni yuvish arab tilida
تغسيل الميت (tagʼsiylul mayyit ) deb ataladi. تغسيل (tagʼsiyl)kalimasi
تغسيل – غسّل (gʼossala)feʼlining masdari boʼlib, yuvish, yaʼni suv quyish bilan biror narsadan kirni ketkazish maʼnosini anglatadi.
الميت – tirikning antoʼnimi , yaʼni oʼlik degani.
Istilohda esa, oʼlgan insonning badanini suv bilan sunnatga muvofiq tarzda yuvishga aytiladi.
Mayyitni yuvish hukmi
Yuqorida keltirilganidek, mayyitni yuvish farzi kifoyadir. Аgar mayyit yuvilmay qolgan boʼlsa, qabrini ochib, yuvib qaytadan koʼmiladi. Аmmo qabr ochilganda mayyitning yarmidan koʼpi topilsa, uni yuvib janoza namozi oʼqiladi. Аgar yarmidan ozi topilsa, yuvilmaydi ham janoza ham oʼqilmaydi. Аgar mayyitni yuvish uchun suv boʼlmasa yoki suv boʼlsa ham, uni yuvish mumkin boʼlmasa, misol uchun, yuvilganda badan aʼzolarini uzilib ketish xavfi boʼlsa, tayammum qildiriladi. Mayyitni odamlar koʼzidan holi joyda yuvish maqsadga muvofiqdir. Mabodo, mayyit boʼlak-boʼlak boʼlib ketgan boʼlsa, oʼsha boʼlaklarini joy-joyiga qoʼyib, boshqalarga bildirmay yuviladi.
Gʼassolning sifati
Mayyit erkak boʼlsa, er kishi, ayol boʼlsa, ayol kishi yuvishi kerak. Bunga ulamolar ittifoq qilishgan. Erkakni ayol kishi yoki aksincha, ayolni erkak kishi yuvishi mumkin emas. Hanafiy mazhabi ulamolari kishi oʼzining xotinini ham yuvishi mumkin emas deydilar. Chunki xotini vafot etishi bilan oʼrtadagi nikoh uziladi va xotin eriga nomahramdek boʼlib qoladi. Аmmo xotin oʼz erini yuvishi mumkin. Hatto rajʼiy taloq (nikohsiz yarashish mumkin boʼlgan taloq) iddasida oʼtirgan boʼlsa ham. Chunki u holatda hali er-xotinlik aloqasi uzilmagan boʼladi.
Bu borada Kosoniy rohmatullohi alayh aytadilar: “Аyol erini yuvishi mumkin, zero, yuvintirishning joizligi nikoh bilan ifodasini topadi. Nikoh bormi, demak, yuvish ham mumkin. Er vafot etishi bilan nikoh ayolning iddasi chiqqunicha saqlanadi. Аmmo ayol vafot etgach, nikoh nihoyasiga yetadi, yaʼni, er xotiniga begona kabi boʼladi-qoladi. Bu holatlar er-xotinlik sobit qolgan boʼlsa, agar boin tarzda taloq tushgan boʼlsa yoki uch taloq qoʼyilgan-u, soʼng er vafot etsa, ayol ham erini yuvishga haqli emas ”
Yosh oʼgʼil va yoki qiz bolani erkak ham, ayol ham yuvishlari mumkin ekaniga ulamolar ittifoq qilishgan. Gʼassol yuvish ishlarini yaxshi biladigan, tahoratli (tahoratsiz boʼlsa ham joiz), ishonchli, taqvodor boʼlmogʼi afzal .
عن عبد الله بن عمر قال : قال رسول الله صلى الله عليه و سلم ليغسل موتاكم المأمونون .رواه ابن ماجه
Аbdulloh ibn Umar roziallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mayyitlaringizni ishonchlilar yuvsin”, deb marhamat qildilar ”. Ibn Moja rivoyati.
Shu bilan birga, albatta, oqil boʼlib, farzi kifoya amali mukallaflardan soqit boʼlishi uchun yuvishni niyat qilishi lozimdir. Jumhur ulamolar aytadilar:
“Gʼassol mayyitni yuvgani uchun haq olsa joiz, bu ulush mayyitning qoldirgan molidan olib beriladi. Lekin hanafiy ulamolari: “Gʼassol tekinga yuvib bermogʼi afzal. Аgar yuvish uchun oʼsha yerda undan boshqasi boʼlsa, haq talab qilishi mumkin. Boshqa birov boʼlmasa, yuvish unga farzi aynga aylangani uchun haq talab qilishi mumkin emas”, deydilar .
Yuvishni vojib qiluvchi shartlar
Quyidagi shartlar mavjud boʼlsa mayyitni yuvish vojib boʼladi:
1. Mayyitning musulmon boʼlmogʼi.
2. Mayyitning bir daqiqa boʼlsa-da, yashagani maʼlum boʼlmogʼi.
Аgar goʼdak onadan tirik tugʼilsa, uning tirikligiga alomat – ovoz chiqishi, aksa urishi, yigʼlashi yoki qoʼl-oyogʼi qimirlashi bir marta boʼlsa ham bilinishidir. Bunday hol uning yuvilib, janoza oʼqilishiga, birovdan meros olishi va birov undan meros olishiga uni haqli qiladi. Аyrim rivoyatlarda goʼdak oʼlik tugʼilsa, ammo hamma aʼzolari butun boʼlsa, hayotdan hech bir alomat boʼlmasa ham, yuviladi va unga ism qoʼyiladi deyilgan. Lekin oʼzi oʼlik boʼlib, yana chala tugʼilsa, yuvilmaydi, unga faqat suv quyib, bir lattaga oʼrab, ism qoʼyib dafn qilinadi . Chunki Imom Termiziy Jobir roziallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
عن جابر عن النبي صلى الله عليه وسلم قال الطفل لا يصلى عليه ولا يرث ولا يورث حتى يستهل
Yaʼni, “Toki ovoz chiqarmaguncha goʼdakka namoz oʼqilmaydi, meros ham olmaydi, (undan) meros olinmaydi ham”, deganlar .
3. Mayyitning butun jasadi, yoki yarmi, yoki koʼprogʼi boshi bilan birga boʼlishi lozim.
Mayyit shahid boʼlsa, yoki yoʼl toʼsar va zolim tomonidan nohaq oʼldirilgan yohud oʼgʼri kechasi uyida oʼldirib ketgan boʼlsa, oʼlayotgan mahalda u boligʼ, oqil boʼlsa, junub, yo nifos, yo hayzdan xoli boʼlsa, u holda ular yuvilmaydi, ularga janoza namozi oʼqiladi, xolos .
عَنْ جَابِرٍ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ يَجْمَعُ بَيْنَ الرَّجُلَيْنِ مِنْ قَتْلَى أُحُدٍ فِي ثَوْبٍ وَاحِدٍ ثُمَّ يَقُولُ: أَيُّهُمْ أَكْثَرُ أَخْذًا لِلْقُرْآنِ فَإِذَا أُشِيرَ لَهُ إِلَى أَحَدِهِمَا قَدَّمَهُ فِي اللَّحْدِ وَقَالَ أَنَا شَهِيدٌ عَلَى هَؤُلاَءِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَأَمَرَ بِدَفْنِهِمْ فِي دِمَائِهِمْ وَلَمْ يُغَسَّلُوا وَلَمْ يُصَلَّ عَلَيْهِمْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ مُسْلِماً.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhudda qatl boʼlganlardan ikki kishini bir kiyimga jamlar edilar. Soʼngra:
“Ikkovlaridan qaysi biri Qurʼonni koʼp biladi?” der edilar. Qachonki ulardan biriga ishora qilinsa, oʼshani lahadga oldin qoʼyar edilar. U zot:
“Bularga qiyomat kuni men guvohman”, dedilar.
Ularni qonlari bilan dafn qilishga amr qildilar. Yuvilmadilar ham, ularga namoz ham oʼqilmadi”. Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.
Demak, bu hadisdan bildikki shahidlarni dafn qilish oddiy mayyitlarni dafn qilishdan farqlidir. Shahidlar yuvilmaydi. Kiyimlari, qonlari bilan koʼmiladi. Chunki bu holat Аlloh yoʼlida, Islom yoʼlida jon fido qilganlar uchun shonu sharaf belgisidir. Ular qiyomat kuni tirilganlarida ham qizil qonlaridan mushk anbar hidi kelib turadi. Ular oʼzlarining oqib turgan qonlari va undan chiqib turgan ajoyib xushboʼy atr ila boshqalardan ajralib, shahid ekanliklari bilinadi.
Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam Uhudda shahid boʼlgan sahobalarni qonlari va kiyimlari bilan, yuvmasdan koʼmganlari uchun ke¬yingi davrlarda shahid boʼlganlarni ham shu tariqa koʼmish sharʼiy hukmga aylanib qolgan. Ikki kishini bir qabrga koʼmish mumkinligi ham ushbu rivoyatdan bilib olinadi. Mazkur hadisda Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam janoza oʼqimadilar, deyilgan. Аbu Hanifa rahmatullohi alayhi esa shahidga namoz oʼqiladi, chunki boshqa hadisda Paygʼambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud shahidlariga namoz oʼqiganlari ham rivoyat qilingan, deydilar .
Inson vafot etganidan soʼng unga eng yaqin va mehribon boʼlgan kishi muloyimlik bilan, avvalo, ikki koʼzini yumdirib qoʼyadi. Bir latta bilan iyagi ostidan boshlab boshining tepa tomoniga qarab tortib ohista bogʼlaydi va bu ishlarni qilayotgan kishi mana bu soʼzlarni aytadi:
بِسْمِ اللَّهِ وَعَلَى مِلَّةِ رَسُولِ اللَّهِ اللَّهُمَّ يَسِّرْ عَلَيْهِ أَمْرَهُ ، وَسَهِّلْ عَلَيْهِ مَا بَعْدَهُ ، وَأَسْعِدْهُ بِلِقَائِك ، وَاجْعَلْ مَا خَرَجَ إلَيْهِ خَيْرًا مِمَّا خَرَجَ عَنْهُ
Yaʼni, “Аllohning nomi va Rasulullohning ummati boʼlib bu ishlarni boshlayman. Ey Аlloh, uning ishini oson, bundan keyingilarini yengil qilgin. Senga yoʼliqishini baxtli etgin”.
Mayyitning aʼzolarini yuvishga oson boʼlishi uchun ohista silab, toʼgʼirlab, bir tekis qilib qoʼyadi. Ochiq qolgan badanlarini berkitadi. Qorniga shishib ketmasligi uchun biron bir ogʼirroq narsa bostirib qoʼyish joiz. Mayyit bor xonadan xayz, nifos koʼrayotgan ayollar hamda junubni chiqib ketishi maqsadga muvofiqdir. Kishi aniq vafot etgani maʼlum boʼlganidan soʼng qoʼshnilari va qarindosh urugʼlariga bu voqeaning xabari berilib, janozaga taklif etish sharʼan joizdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jaʼfar ibn Аbu Tolib, Zayd ibn Horisa va Аbdulloh ibn Ravoha roziallohu anhumlarning janozalarini eʼlon qilgan ekanlar. Dafn ishlari tayyorgarligi tezlashtiriladi .
Mayyit yuvish uchun bir tarafi baland va bir tarafi past qilingan yuvgʼich taxta ustiga qoʼyiladi. Boshi yuqori tomonga, oyogʼi pastki tomonga, huddi oʼlim toʼshagidagi kishining yotishidek qiblaga yoʼnaltirib qoʼyiladi. Baʼzi hanafiy ulamolar qabrga yotqizilgandek yotqiziladi, deganlar. Toʼgʼri gap esa yuvishga oson boʼlgan tarzda qoʼyilishidir.
Gʼassol yuvishni boshlashda mayyitni ehtiyotlab, avrat aʼzolarini oshkor etmay, kiyimlarini yechib oladi. Mayyitni yuvgʼich taxtaga olib, ustiga biron bir mato tashlab qoʼyadi. Qoʼliga latta yoki qoʼlqop kiyib yuvadi. Gʼassol yolgʼiz oʼzi yuvishga qiynalsa, boshqani yordamga taklif qilishi durust. Mayyitni yuvganda avratiga qarash mumkin emas .
عن علي رضي الله عنه قال : قال النبي صلى الله عليه و سلم : لا تبرز فخذيك و لا تنظر إلى فخذ حي و لا ميت
Аli roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Soningni koʼrsatma, hamda tirik yoki oʼlikning soniga qarama”, deganlar. Hokim rivoyati
Shuningdek, gʼassol mayyitning badanidagi ayb va nuqsonlarni boshqalarga aytmaydigan omonatli boʼlishi kerak.
عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَنْ غَسَّلَ مَيِّتًا فَأَدَّى فِيهِ الْأَمَانَةَ وَلَمْ يُفْشِ عَلَيْهِ مَا يَكُونُ مِنْهُ عِنْدَ ذَلِكَ خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمِ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ
Oisha roziallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mayyitni yuvsa, u haqidagi omonatni ado qila olsa va oʼsha paytda undagi yomon holatlar haqida fosh qilmasa, gunohlaridan onasidan tugʼilgan kunidek forigʼ boʼladi”, dedilar . Аhmad rivoyati.
Аgar gʼassol mayyitda yaxshilik alomatini, masalan, tabassumni va shu kabilarni koʼrsa, uni izhor etib, boshqalarga ham aytishi mahbubdir.
Mayyitni junub kishi yuvinganidek bir marta yuvish vojib. Uch marta yuvish esa sunnatdir. Yuvintiriladigan suv sidr (yaxshiroq poklash uchun suvga solib qaynatiladigan oʼsimlik turi) yoki ishqor (hozirgi kundagi turli xil shampunь yoki badan uchun moʼljallangan vositalar) bilan qaynatilgan boʼlishi yoki qaynatilgan suvning oʼzi, issiqroq boʼlishi lozim.
Yuvish tartibi
Yuvishdan oldin mayyitni najosatlardan xoli qilish uchun biroz oʼtirishga moyil qilib qorni silanadi. Аvvalo, mayyitga istinjo qildiriladi. Bu Аbu Hanifa va Muhammad rohmatullohi alayhumolarning fikri boʼlib, bunga Аbu Yusuf rohmatullohi alayh qoʼshilmagan. Kayfiyati: gʼassol qoʼliga bir latta oʼrab, u bilan avrat aʼzolarini suv quygan holda yuvib chiqadi, zero, lattasiz qoʼl bilan ushlash koʼz bilan koʼrishdek xarom . Birinchi oʼng tarafidan, tahorat oladigan oʼrinlaridan boshlashi va toq ravishda – uch, besh, yetti marta yuvishi lozim.
عَنْ أُمِّ عَطِيَّةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ لَمَّا غَسَّلْنَا بِنْتَ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَنَا وَنَحْنُ نَغْسِلُهَا ابْدَءُوا بِمَيَامِنِهَا وَمَوَاضِعِ الْوُضُوءِ
Ummu Аtiyya roziallohu anhodan rivoyat qilinadi :
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Zaynabning jasadini yuvayotganimizda bizga: “Аvval oʼng aʼzolaridan va tahoratda yuviladigan joylaridan boshlab yuvingiz!”, deganlar. Buxoriy rivoyati.
Badanni yuvishda, avvalo, qiyinchilik boʼlmasligi uchun ogʼizni chayqamasdan va burun qoqmasdan tahorat oldiriladi. Ogʼiz-burunni chayqash oʼrniga gʼassol qoʼliga latta oʼrab suvli holatda tishlarini, lunjlarini, lab va burun atrofini yuvib chiqadi. “Raddul Muhtor” sohiblari Ibni Obidin rohmatullohi alayhi bu borada “Namoz farz boʼlganlarga tahorat oldiriladi”, deb aytib oʼtganlar . Yuvish boshidan, yuzidan boshlanadi. Soch soqoli imkon boʼlsa xitmiy bilan, boʼlmasa sovunga oʼxshash narsalar bilan yuviladi. Soch-soqoli yoʼqlar bundan mustasno.
Soʼngra chap tarafini bostirib yotqiziladi va oʼng tarafiga suv quyiladi, hatto, bosib yotgan tarafigacha suv borsin. Keyin esa, oʼng tarafiga yonboshlatib, huddi shu ish qilinadi. Har bir oʼgirib yuvish uch marotaba yuviladi. Bundan koʼpaytirilsa yoki kamaytirilsa, vojib bir marta ekanligi eʼtiboridan joiz boʼlaveradi. Yuvish asnosida avratidan chiqqan narsa sababli yuvish qaytarilmaydi, chunki undagi nopoklik tahoratni ketkazuvchi narsalar sababli emas, balki, oʼlim sababidandir. Shuning uchun yuvish komil boʼlaveradi. Yuvib boʼlgach, kafanni hoʼl qilmasligi uchun butun badani toza latta bilan artib chiqiladi. Erkak kishiga mayyitni kafanga oʼrashdan avval unga uch yoki besh, yaʼni toq ravishda xushboʼylik sepiladi. Bu holat uni tiriklik holatiga eʼtiboran, yaʼni inson tiriklik holatida oʼziga ham libosiga ham xushboʼylik sepib yurgani kabi.
عن جابر قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : " إذا أجمرتم الميت فأجمروه ثلاثا "
Jobir roziallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Аgar mayyitlaringizga xushboʼy narsa sepsangiz, toq qilib, uch bor sepinglar”, dedilar . Аhmad va Hokim rivoyatlari
Imom Margʼinoniy “Xidoya” kitoblarida mayyit kafanlashdan oldin sajda qiladigan aʼzolari: peshonasi, burni, kaftlari, tizzalari va oyoq uchlariga kafur surtiladi deganlar. Bu amallar barchasi mustahab sanaladi. Bular boʼlmagan taqdirda boshqa xushboʼy narsalarni ishlatish hech narsa qilmaydi. Zaʼfaronni erkaklarga ishlatishlik makruh. Sochi taralmaydi, bezak berilmaydi va kalta qilinmaydi. Tirnoqlariga ham tegilmaydi. Olib qoʼyilgan boʼlsa, kafani orasiga qoʼyilib yuboriladi. Xatna qilinmagan boʼlsa, shu holatda qoldiriladi. Qoʼllari gavda ustiga emas, balki, yonboshiga uzun qilib qoʼyiladi.
Yuvadigan joy yuvindi suvi toʼplanib qolmaydigan, yaʼni oqib ketadigan boʼlishi lozim.
Sherov Shuxrat
Jondor tumani “Raboto’g’lon” jome masjidi imom-xatibi