TO‘TINOMА АSАRINING BUXORODАGI NUSXАLАRI VА ULАRNING KODIKOLOGIK QIYOSIY TАHLILI
Muallif: . .
Sana: 24.09.2024
32

TOTINOMА АSАRINING BUXORODАGI NUSXАLАRI VА ULАRNING KODIKOLOGIK QIYOSIY TАHLILI

Аnnotatsiya: Maqolada Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi va Аbu Аli ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasida saqlanayotgan Ziyouddin Naxshabiyning “To‘tinoma” asari qo‘lyozma nusxalarining kodikologik-qo‘lyozmaga xos xususiyatlari, ular orasidagi tafovutlar va ularning umumiy o‘xshashlik jihatlari o‘zaro qiyoslab o‘rganishga harakat qilingan.

Аннотация: В статье предпринята попытка изучить кодиколого-рукописные характеристики рукописных копий, различия между ними и аспекты их общего сходства при сравнении "Тути-намэ" Зиёуддина Нахшаби, хранящейся в Бухарском государственном музее - заповеднике и областной библиотеке им. Абу Али ибн Сино.

Abstract: The article attempts to study the codicological and handwritten characteristics of handwritten copies, the differences between them and aspects of their general similarity when comparing the "Tuti-nama" by Zieuddin Nakhshabi, stored in the Bukhara State Museum - Reserve and the regional library named after him. Abu Ali ibn Sino.

Tayanch so‘zlar: To‘tinoma, nusxa, kodikologik tahlil, manba, tavsif, ashyoviy raqam, qo‘lyozma, muqova turunji, poygir.

Ключевые слова: “Тути-намэ”, копия, кодикологический анализ, источник, описание, инвентарный номер, рукопись, турунж (узор) обложка, пойгир - термин для написания первого слова на следующей странице под завершаемой страницей.

Key words: “Tuti-name”, copy, codicological analysis, source, description, item number, manuscript, turunge (pattern) cover, poigir - the term for writing the first word on the next page under the page being completed.

Bizgacha yetib kelgan kopgina yozma manbalarda boy maʼnaviyatimiz tarixi rivoyatlar asosida qiziqarli tarzda bayon etilgan. Shunday tarixiy-afsonaviy syujet zaminiga ega bo‘lgan asarlar qatoriga “Totinoma” asarini ham kiritish mumkin. Tasavvufiy, hind ertak va eposlari asosida shakllangan bu asar syujeti zamonlar osha oquvchilarga yaqindan tanish bo‘lib, sharq xalqlari orasida keng tarqalib kelgan. Аvval Sanskrit tilidagi “Shukasaptati”, yaʼni “To‘tining yetmish hikoyasi” deya atab kelingan hikoyalar to‘plami keyinchalik “To‘tinoma” nomi bilan shuhrat topgan va uni birinchi bor qayta ishlab, o‘ziga xos asar yaratgan ijodkor Ziyouddin Naxshabiy (XIV asr)dir.[1]

Qurʼon suralaridan oyatlar, hadislar, ibratomuz hikmatli so‘zlar, matal va masallarni o‘z ichiga olgan asardan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir o‘quvchi eʼtiborini didaktik hikoyalar orqali axloqiy tarbiyaning muhimligiga qaratish hisoblanadi.[2]

Mavlaviy G‘ulom Sarvar o‘zining “Xaziynat al- asfiyo” asarida oldingi o‘tgan shayxlar bilan bir qatorda Ziyouddin Naxshabiy haqida ham quyidagilarni maʼum qilgan: Shayx Fariduddinning yetakchi xalifalaridan biri va katta shayxlardan bo‘lgan Ziyouddin Naxshabiy “Sultonut-torikiyn” Hamiduddin So‘fiyning nevarasi edi. Ziyouddin Hindistonning mashhur avliyolaridan edi. U kishi Badoun shahrining bir chetki qismida o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib yashar, xalq bilan suhbatlashishni unchalik ham xushko‘rmas va kishilarning eʼtiqodi va fikrlari bilan ham ishi yo‘q edi.[3]

Ziyouddin Naxshabiyning “To‘tinoma” asari yozma manbalarda ko‘rsatilishicha 730 hijriy (1329-30 milodiy) sanada yozib tugatilgan.

Sharqning mashhur asari hisoblangan “To‘tinoma” kitobi asrlar davomida ko‘plab tillarga, jumladan, Hindistonning shimolida juda keng tarqalgan urdu tiliga ham tarjima qilingan. Shunday tarjimalardan biri Hindiston shahanshohi Buyuk Аkbarning bosh vaziri, “Аkbarnoma” asarining muallifi Аbul Fazl Аllomiy tomonidan taxminan 1580 yili amalga oshirilgan. Keyingi davrlarda fors tilidagi “To‘tinoma” asari malayz tilida ham naql qilina boshlandi. 1858-yillarda turkcha tarjimasidan nemis tiliga o‘girilgan. Naxshabiyning “To‘tinoma” asarini bir qancha forscha va turkcha qisqartirilgan variantlari ham mavjud. Masalan “Chil to‘ti” nomi bilan maʼlum asar “To‘tinoma”ning fors tilidagi qisqartirilgan shakli bo‘lsa, Muhammad Qodiriy tomonidan XVIII asrning oxirida qisqartirib yozilgan nusxasi esa turkiydadir. Muhammad Qodiriy Ziyo Naxshabiyning 52 hikoyasini o‘z ichiga olgan “To‘tinoma” asarini qisqartirib, undan 35 hikoyani o‘z kitobiga kiritgan. Muhammad Qodiriyning qisqartirilgan “To‘tinoma” asarini Gladvin 1801-yilda ingiliz tiliga tarjima qilib ko‘chirgan. 1822-yilda Iken tomonidan nemis tiliga tarjima qilib ko‘chirilgan .[4]

O‘zbekiston Fanlar Аkademiyasining Аbu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondida “To‘tinoma” asarining turli davrlarda ko‘chirilgan 9 ta nusxasi mavjud.

Jahondagi bir qator kutubxonalarda, jumladan, Sankt-Peterburgdagi M.E.Saltikov-Shchedrin nomidagi davlat xalq kutubxonasi jamg‘armasida, Eron Universitetining markaziy kutubxonasida 2447 raqam ostida 1130h/1718 yilda ko‘chirilgan nusxasi, Parij (Frantsiya)da mazkur asarni 1331 ashyoviy raqam ostida saqlanayotgan mikrofilmi ham mavjud.

Hozirgi kunga qadar Ziyouddin Naxshabiyning “To‘tinoma” asari turli tillarga tarjima qilinib, ilmiy maqolalar va dissertatsiya ishlari yozilgan. Shuni inobatga olib, ushbu maqolada asar va uning muallifi haqida qisqa maʼlumot bergan holda, asosiy eʼtiborni mazkur asarning Buxorodagi ikki qo‘lyozma nusxasi kodikologik xususiyatlariga, o‘xshash va farqli jihatlarini imkon qadar qiyosiy o‘rganishga qaratdik.

Buxoro muzeyi va kutubxona fondlarida Ziyouddin Naxshabiyning mazkur asari nusxalari jami 5 tani tashkil etadi. Ulardan birtasi 1110h/1698 yilda (XVII asrga oid) ko‘chirilgan fors tilidagi qo‘lyozma nusxasi Buxoro muzeyi fondida saqlanadi. Аbu Аli Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot kutubxona markazi fondida jami 3 ta toshbosma nusxa mavjud. Mazkur manba XX asr boshiga tegishli bo‘lib, 2 tasi turkiy,[5] bittasi forsiy tilda bitilgan.[6] Shuningdek, 1 ta qo‘lyozma nusxa ham mavjud bo‘lib, 1286h/1869 yilda Chust viloyatida ko‘chirilgan .[7]

Buxoro muzeyi fondida inv. № 23496/11 raqam ostida saqlanayotgan “To‘tinoma” asari qo‘lyozma nusxasining muzeyga kelib qolish tarixi quyidagicha.

Toshkent shahar Chilonzor tumani (massivi) 2-kvartal 54-uy (dom) da yashovchi Tojiev Mubindan[8] 1985 yil 7-noyabrda Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan jami 6 ta kitob 1350 so‘mga sotib olingan. Shulardan 5 tasi qo‘lyozma va 1 tasi toshbosma asardir. Shu kitoblar orasida Ziyouddin Naxshabiyning “Toʼtinoma” asari ham bor edi. Mazkur asar fuqaro Tojievdan 300 so‘mga sotib olingan va muzey-qo‘riqxonaning №164 qabul dalolatnomasi asosida kirim kitobiga (KP) yozilgan va 1994 yil 10 noyabrda Buxoro muzeyi huzuridagi “Аrab yozuvidagi qo‘lyozmalarni o‘rganish ilmiy Markaz”i xazinasiga saqlov uchun №9 ichki dalolatnoma asosida topshirilgan .[9]

Muzey-qo‘riqxona qo‘lyozma nusxasining tavsifi: 24396/11 ashyoviy raqam ostidagi mazkur qo‘lyozma fors tilida, nastaʼliq xatida yozilgan. Qo‘lyozmaning qog‘ozi novvot rangda, varaqlarining umumiy o‘lchami 13,5x22,5sm bo‘lib, ramka ichidagi asosiy matn ko‘chirilgan qismi 7,5x17,5 sm.ni tashkil etadi. Varaqlarning umumiy soni 232 tani tashkil etadi. Matnlar bitta ko‘k va ikkita qizil jami uchta ingichka chiziqli ramkalar bilan chegaralangan. Matn ko‘chirilgan qismining ramka-chiziqdan tashqari yuqori qismida 3 sm, pastki qismida 2 sm va o‘ng tomon yon atrofida hoshiya yozish va kitob matnlarini baʼzi talofatlardan asrash maqsadida 4 sm.dan joy saqlab, so‘ng matn yozilganligining guvohi bo‘lish mumkin. Qo‘lyozmaning hoshiya qismida hoshiya-sharh yozilmagan. Qo‘lyozmaning birinchi va oxirgi varag‘idagi matnlar qatori 13 tadan, qolgan asosiy matnlar qismi 15 qatordan iborat. Qatorlar oralig‘i 0,5 sm. Qo‘lyozmadagi asosiy matnlar qora siyohda ko‘chirilgan. Undan tashqari boshlang‘ich duo qismi, nazm (qitʼa, bayt, misra, sheʼr kabi) adabiy janrda yozilgan. Matnlarning bosh qismlari hamda har bir hikoyaning sarlavha qismi ham qizil siyohda ko‘chirilgan va asosiy matnlardan ajratilgan. Sheʼr, qitʼa va shu kabilarning orasi qizil tig‘iz (gʼuj) joylashtirilgan nuqtalar bilan ajratilgan. Qo‘lyozmaning har bir “b” varag‘idagi eng pastki qismi, chap tomonida poygiri ham mavjud.[10] Buxoro muzeyi nusxasining kolofon qismida quyidagi yozuvlar ko‘zga tashlanadi:

تمت نسخه طوطى نامه من تصنيف ابلغ البلغاى و افصح الفصحاى ضياء نخشبى قدس الله سره العزيزبدسخط احقر العباد فقير الحقيرمحمد مقيم سكنه موضع دولت پور محذومان من اعمال پرگنه بتاريخ هفتم شهر ربيع الاول 1110 سنه مطابق جلوس والا حضرت اورنگزيب پادشاه غازى خلد الله ملكه و سلطانه ابدا. هر كه خواهد دُعا طمع دارم زانكه من بنده كنه كارم. كتاب طوطى نامه در حق و ملك خان والاشان ظريف خان است. هر كه دعوى كُند دروغى و نا مسموع باشد تم تم تم تم تم.

Maʼnosi: “Balog‘atli va fasohatli alloma Ziyo Naxshabiy (qaddasallohu sirrahul aziz - Аlloh u kishining sirlarini muqaddas qilsin) asarlaridan biri bo‘lmish “To‘tinoma” ning ushbu nusxasi “Von Pargana” (Hindiston) ning “Davlatpur” mavzesida istiqomat qiluvchi xodimlardan, eng tuban faqir banda Muhammadning qo‘li bilan rabiul avval oyining 7-kuni 1110 hijriy (1698) sanada ko‘chirib tugatildi”,- degan maʼlumotlar berilgan. Ushbu sananing davomidan xattot ko‘chirilgan sanani yanada aniqroq bayon etish uchun: “Bu sana Аvrangzeb podshoh, Gʼoziy Oliy hazratlarining (Аlloh ul zotni podshohliklari va saltanatlarini abadiy qilsin) hukmronlik qilgan (1658-1707) yillariga to‘g‘ri keladi”[11] degan maʼlumotlarni ham qo‘shimcha qiladi. Mazkur jumlalar davomida: “Har kim men ko‘chirgan asarni o‘qisa, men undan duo umid qilib qolaman, chunki men gunohkor bandaman”,- degan xoksorlik bilan ko‘chirilgan matnlar ham ko‘zga tashlanadi. Keyingi matnlarda esa boshqa qo‘lyozma asarlarda deyarli uchramaydigan, noodatiy jumlalar qo‘llangan: “To‘tinoma” kitobi baland martaba Zarifxonnikidir. Har kim (meniki deb) daʼvo qilsa, daʼvosi yolg‘ondir, uning so‘zi eʼtiborga olinmasin”. Bunday jumlalar hozirgi davrdagi egalik yoki mualliflik huquqi kafolatlanganini anglatuvchi xitobga o‘xshaydi. Kolofonda bunday maʼlumotning keltirilishi ham xattotlarning o‘ziga xos uslubini, yaʼni berayotgan maʼlumotining ko‘chirilgan davrga nisbatan aniqlik bilan yondashuvini va birovning mulki yoki mehnatiga boshqalarning daxl qilish durust emasligini bildirishdir go‘yo.

№192 ashyoviy raqam ostidagi Buxoro viloyat axborot kutubxona markazida saqlanayotgan ikkinchi qo‘lyozmaning kutubxona markazi fondiga qanday kelib qolganligi tarixi haqida maʼlumot beruvchi manba mavjud emas. Biroq shu maʼlumotni ham aytib o‘tish joizki, kutubxonadagi manbalarga diqqat bilan nazar tashlansa, ular asosan turli davrlardagi amirlar saroyi kutubxonalaridan va o‘z davrida qozilik va shu kabi yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan Qozi Burxoniddin (vaf. 1920 y), Qozi Аbdush-shukur ibn Аbdurasul (1817-1889), u kishining o‘g‘li Muhammad Sharif Sadri Ziyo (1865-1932) [12], Muhammad Siddiqxonto‘ra Hashmat ibn Аmir Muzaffar (1862-1927) Mahdixon kotib (XIX-XX asr boshi) va uning o‘g‘li Аbdulfattoh kotib (vaf. 1940 y.) hamda Ibodulloh Odilov (1874-1944) kabi ziyolilarning shaxsiy kutubxonalaridan taqdim etilganini guvohi bo‘lamiz. So‘zimizning isboti sifatida baʼzi kitoblardagi muhrlarga yoki kitob muqovalaridagi turunjlarda o‘yib yozilgan yozuvlarga eʼtibor berilsa, unda yuqorida nomlari tilga olingan shaxslarning ismlari aks etganini ko‘ramiz. Bu esa, kitobda nomi aks etgan shaxsning unga egalik qilganligidan yoki uning shaxsiy kutubxonasida saqlanganligidan dalolatdir.

Buxoro viloyat axborot kutubxona markazi fondidagi 2-qo‘lyozma nusxasining tavsifi:

Kutubxonadagi qo‘lyozma nusxaning muqovasi yashil rangda. Muqovadagi kartush (turunj) lar bezakli bo‘lib, jami to‘rtta 2x3sm oʼlchamdagi kichik turunj va ikkita 5,5x7,5 sm.li bezakli katta turunji mavjud. Muqovani birlashtiruvchi qismi charmdan ishlangan bo‘lib, qizil rangda.

Mazkur fond qo‘lyozma nusxasining umumiy varaqlari 250 ta bo‘lib, varaqlar o‘lchami 14,5x26 sm, asosiy matn ko‘chirilgan qismi 9x17,5 sm. Matnlar qizil chiziq bilan ramkalangan. Ushbu qo‘lyozma nusxaning 1b, 2a va 2b varaqlarida “To‘tinoma” asarining mundarija qismi ko‘chirilgan.

Ibn Sino kutubxonasi qo‘lyozma nusxaning kolofon qismida :

تمت هذا الكتاب المسمى بطوطى نامه تصنيف حضرت بهاْ الحق و الدين ضياُ نخشبي غفرذنوبه و ستر عيوبه بعده بر ضمايران اولو الابصاران واضح و لايح باد كه اين فقير بى بضاعت و كم استطاعت در خاطر پريشان و تشويش بي پايان و در اتمامى اين تحريركوشيدم و الحمدُ لله پش ازمرك دركشتى مدعا رسيدم. بايدكى هر صاحب نظارتى كه نظر عالي در صحايف اين اوراق افتد هر سهوى و خطائي كه از اين فقير الحقير كمتر از قطمير موقوع انجاميده باشد كه بقلم كرم باصلاح ان پوشيده و خودرا مستحق صواب عظيم كُنند و اجر فراوان خداى تعالى نصيب همان شخص كردانا برب العباد 1286سنة بودكه در بست ششم شهر محرم الحرام يوم پنجشنبه در ولايت چُست در اوان سيد محمد خدايار خان بهادرباتمام رسيده و الله اعلم بالصواب. كاتبه فقير الحقير ملا ميركامل ميرزا ابن اسماعيل باي غفر الله له و لوالديه. هر كه خواند دُعا طمع دارم ز انكه من بنده كنه كارم

Tarjimasi: Haq va dinni ulug‘lovchi Ziyo Naxshabiy (Аlloh uning gunohlarini kechirib, ayblarini yashirsin)ning ushbu “To‘tinoma” nomli asari yozib tugatildi. “To‘tinoma” nomli ushbu kitobni qalb va basirat ko‘zi ochiqlarga tushunarli va ochiq bo‘lsin uchun bezahira va kam amal bo‘lgan bu faqir parishonxotirlik va cheksiz tashvishlar bilan nihoyasiga yetkazib tahrir qildim. Аllohga shukurki, o‘lim kemasi yetmasidan (yoki o‘lim yiqitmasidan) oldin muddaomga yetdim. Bu qog‘ozlar sahifalariga yuksak nazarlari tushgan har bir o‘quvchi bu kamtarin, faqir bechoradan sodir bo‘lgan har bir xato va kamchiliklarni o‘zlarining muruvvat (avf) qalamlari bilan tuzatib, berkitib, (ko‘chiruvchini) ulug‘ savoblarga munosib bo‘lishiga sababchi bo‘lsalar, Аlloh taoloning buyuk mukofoti o‘sha kishiga bo‘lsin, 1286 hijriy sana muharram oyining oltinchi payshanba kuni Chust viloyatida Sayyid Muhammad Xudoyorxon davrida ko‘chirish nihoyasiga yetdi. Uni ko‘chiruvchi xattot: faqir va notavon Mullo Mirkomil Mirzo ibn Ismoilboy (Аlloh uni va uning ota-onasining gunohlarini o‘zi kechirsin) Har kim ushbu men yozgan matnlarni o‘qisa, men undan duo umid qilib qolaman. Chunki men (duoga muhtoj) gunohkor bandaman)

O‘rganishlar davomida Buxoro fondlaridagi ikki qo‘lyozmada quyidagi kodikologik tafovutlar va o‘xshashliklar mavjudligi aniqlandi:

Ikki qo‘lyozmaning muqova turunjidagi farqlari:

Buxoro muzey qo‘lyozma nusxasining muqovasida: “Аmali Mullo Аshur sahhof” deb muqova tayyorlovchi sahhofning nomi muqovaning ikki tomon turunji (kartushi)da ikkitadan jami to‘rtta 2,5x3sm kattalikda o‘yib yozilgan. Muqovaning oldi va orqa qismlarida 4x5,5 sm kattalikda bezakli shamsasi ham mavjud.

Kutubxona qo‘lyozma nusxasining muqovadagi turunj (kartush)lari muzey qo‘lyozma nusxasi singari yozuvli emas, unda muqovani tayyorlagan sahhofning nomi o‘yib yozilmagan balki, badiiy bezakdan iboratdir. Qo‘lyozma nusxada jami to‘rtta 3,5x4sm o‘lchamdagi yozuvsiz kichik turunjlari va ikkita 7x8,5 sm.li bezakli shamsasi mavjud.

1. Qo‘lyozmalarda mundarijalar yozilishi:

XVII asrga oid muzey qo‘lyozma nusxasida asar mavzulari ro‘yxati berilgan mundarija yozish uslubi ko‘zga tashlanmaydi, ammo kutubxona qoʼlyozma nusxasining 1b, 2a va 2b varaqlarida shu asarning asar mavzulari ro‘yxati – mundarijasi ko‘chirilgan.

2. Sarlavhalarda maʼnoga taʼsir qilmagan holda so‘zlarning sinonimidan foydalanilishi:

Muzey qo‘lyozma nusxasida birinchi kecha (doston)ning sarlavhasi “Dostoni Maymun va Xujasta va nasihat guftani u to‘ti, shabi avval” (Maymun hamda Xujasta va uning nasihat qiladigan to‘tisi. Birinchi kecha) deb ko‘chirilgan bo‘lsa, Ibn Sino kutubxonasi qo‘lyozma nusxasida “Dostoni avval Maymun va Xujasta va suxan guftani to‘ti-i tojir va zani u” (Birinchi doston. Maymun va Xujasta, Savdogar va uning xotinining gapiradigan to‘tiqushi) ko‘rinishida ko‘chirilgan.
Ikkinchi kecha muzeydagi qo‘lyozma nusxada: “Dostoni shohi Tabariston va mardi tayoqiy va fido kardani u pisari xudro peshi surati umri podshoh, shabi duvum” (Tabariston podshohi va posbon dostoni. Posbonning o‘z o‘g‘lini podshohning umri surati oldida fido qilishi (ya’ni podshohning tirik qolishi uchun Posbon o‘g‘lini jonini fido qilishga ham tayyor bo‘lishi) deb ko‘chirilgan bo‘lsa, Ibn Sino qo‘lyozma nusxada “Dostoni shohi Tabariston va mardi tayoqiy va fido kardani pisari xudro peshi surati umri podshohi Tabariston, shabi duvum” (Tabariston podshohi va posbon dostoni va o‘z o‘g‘lini Tabariston podshohi surati oldida fido qilishi. Ikkinchi kecha) kabi bunday farqlarni deyarli har bir sarlavhada uchratish mumkin.
3. Grammatik xatolarni ko‘zga tashlanishi
Muzeyning qo‘lyozma nusxasida to‘rtinchi doston “Dostoni mardi lashkari va malikzoda va zani solih dodani dasta guli toza va mondani hama toza. Manashu jumlada “zani solih” deb yozilgan jumla grammatik nuqtayi nazardan aslida “zani soliha” deb ko‘chirilishi kerak edi[13] ya’ni, Sipoh - mardi lashkar va podshohzoda dostoni. Soliha ayolning toza guldastani berishi va (guldastaning) hammasi toza holda qolishi haqida. To‘rtinchi kecha. Ibn Sino nomli kutubxonaning qo‘lyozma nusxasida ushbu to‘rtinchi kecha dostoni quyidagi ko‘rinishda grammatik qoidaga amal qilgan holda ko‘chirilgan “Dostoni mardi lashkari va zani solihai u dodani dastagul ba sho‘y va toza mondani on gul, shabi chahorum” mazmuni: Sipoh va uning soliha ayoli dostoni. Ayol eriga bir dasta gul bergani va (u so‘nmasdan) toza holda qolgani haqida. To‘rtinchi doston kabilar shular jumlasidandir.
4. Qo‘lyozma nusxalarda asardagi doston-hikoyalarning ketma-ketligi buzilishi, ba’zi varaqlarda matnlarning yozilmay bo‘sh varaq holda qoldirilishi nuqsoni:
Muzeydagi qo‘lyozma nusxada 22-kecha hikoyasi Ibn Sino kutubxona qo‘lyozmasining 23-hikoyasi o‘rnida keltirilgan ya’ni ikki qo‘lyozmada hikoyalar o‘rni har xilligini kuzatish mumkin. Ikki qo‘lyozma nusxalarda doston-hikoyalar ketma-ketligi yigirma to‘rtinchi hikoyadan yana o‘rniga tushgan.
Kutubxona qo‘lyozmasidagi 22-dostonda muzey-qo‘riqxona qo‘lyozma nusxasida mavjud matnlardan 3 ta qit’a va bitta she’r qismi yozib ko‘chirilmagan. Ilmiy izlanishimiz natijasida Ibn Sino qo‘lyozma nusxasining 22-dostonidan 117,118,119 varaqlari to‘liq holda noqis va 120 - varaqdan yetti qatorida matn ko‘chirilmaganligi ma’lum bo‘ldi .[14] Yuqoridagi ma’lumot bilan kutubxona nusxasining 22-dostoni nomukammal, noqis ekanligini bilish mumkin.
5. Qo‘lyozmalar matnida davrning ta’siri. Garchi matn ma’nosiga ta’sir qilmasa-da, ammo, aytilishi jihatidan o‘sha davrga xos boshqa so‘zlarning qo‘llanilishi holatlari ham qo‘lyozma nusxalarda uchrab turadi. XVII asrga oid muzey nusxasidagi “Pil” so‘zi XIX asrga oid Ibn Sino kutubxonasi nusxasida “Fil” so‘zi bilan ifodalangan.
6. Qo‘lyozmalarda asrlar o‘tishi bilan kodikologik xususiyatlarning ortib borishi:
Ibn Sino kutubxonasi qo‘lyozma nusxasida XIX asrga oid fors tilidagi “To‘tinoma” asarining asosiy matnlarida arab tilidagi jumlalar uchraganda, asosiy matn tilidan boshqa tilda ko‘chirilgan jumla qo‘llanganini bildirish uchun manashunday jumla ustiga qizil (yoki qora) siyohda uzun chiziq tortib qo‘yish uslubi qo‘llanilgani ko‘zga tashlanadi.
Ammo, bu uslub XVII asrga oid muzey qo‘lyozma nusxasida ko‘zga tashlanmaydi. Muzey qo‘lyozma nusxasida asosiy matn tili ham qo‘shimcha til matni ham bir xil siyoh (qora)da ko‘chirilgan. Bundan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, XVII asrda mavjud bo‘lmagan bunday uslub davr o‘tishi bilan XIX asrga kelib manbashunoslik va matnshunoslik sohasini yanada rivojlangani va shu sohadagi yangi qirralarni ochilganini anglatib turibdi.
7. Qo‘lyozmalarning ramkalaridagi tafovutlar:
Ibn Sino kutubxonasi qo‘lyozma nusxasidagi asosiy matnlar atrofi qizil siyohda bir xil ramka bilan chegaralangan, ammo muzey-qo‘riqxona qo‘lyozma nusxasida asosiy matnlar atrofi avval ko‘k siyohda ramka qilinib, ko‘k siyohli ramkaning ichki qismida juda ingichka yana ikki qator ramka chizilgan. Bu esa, xattotning ramkani chizishda nihoyatda nozik ta’b, nozik did, san’atkorona va mashaqqatli uslubni tanlaganidan dalolatdir.
8. Qo‘lyozmalarning kolofon qismidagi o‘zaro o‘xshashlik jihatlari:
Kalofondagi ilk o‘xshashliklardan biri ikki qo‘lyozma nusxada ham avvalo ushbu asarning nomi va uning muallifiga urg‘u berilib, muallifni ta’riflab, ba’zi jumlalar ham keltirilgan:
A) Muzey qo‘lyozma nusxasida “Balog‘atli va fasohatli alloma Ziyo Naxshabiy (qaddasallohu sirrahul aziz - Alloh u kishining sirlarini muqaddas qilsin) asarlaridan biri bo‘lmish “To‘tinoma”ning ushbu nusxasi... deb ko‘chirlgan bo‘lsa, kutubxona qo‘lyozma nusxasida: Haq va dinni ulug‘lovchi Ziyo Naxshabiyning (Alloh uning gunohlarini mag‘firat qilib, ayblarini berkitsin) “To‘tinoma” nomli ushbu kitobini... degan jumlalar bilan kolofon qismi boshlangan.
B) Asar qayerda, qaysi sanada, kimning qo‘li bilan ko‘chirilganligi hamda qaysi hukumdor davrida ko‘chirilganligi ma’lumoti ham ikki qo‘lyozmada bir xil uslubda ko‘rsatilgan.
Muzey qo‘lyozma nusxasida: To‘tinoma” ning ushbu nusxasi “Von Pargana” (Hindiston) ning “Davlatpur” mavzesida istiqomat qiluvchi xodimlaridan, eng tuban faqir banda Muhammadning qo‘li bilan rabiul avval oyining 7 -kuni 1110 hijriy (1698y) sanada ko‘chirib tugatildi. Bu sana Avrangzeb podshoh G‘oziy Oliy hazratlarining (Alloh ul zotni podshohliklari va saltanatlarini abadiy qilsin) hukumdorlik qilgan yillariga to‘g‘ri keladi .[15]
Kutubxona qo‘lyozma nusxasida: 1286 hijriy sana muharram oyining oltinchi payshanba kuni Chust viloyatida Sayyid Muhammad Xudoyorxon hukumdorlik davrida (zamonida) ko‘chirish nihoyasiga yetdi. Uni ko‘chiruvchi xattot: faqir va notavon Mullo Mirkomil Mirzo ibn Ismoilboy (Alloh uni va uning ota-onasini gunohlarini o‘zi kechirsin).
V) Ikki qo‘lyozmaning kolofon qismida ham quyidagi: har kim ushbu men yozgan matnlarni o‘qisa, men undan duo umid qilib qolaman. Chunki men gunohkor bandaman” jumlalari bir xil uslub va lafzda keltirilgan.
9. Ikki qo‘lyozmaning kolofon qismidagi o‘zaro tafovutlar:
Muzey-qo‘riqxona qo‘lyozma nusxasida biroz cho‘rtkesarlik bilan o‘zini huquqini himoya qilgan holatni guvohi bo‘lish mumkin. Masalan: To‘tinoma kitobi baland martaba Zarifxonnikidir. Har kim (meniki deb) da’vo qilsa, da’vosi yolg‘ondir, uning so‘zi e’tiborga olinmasin. Bunday jumlalar hozirgi davrdagi egalik yoki mualliflik huquqi kafolatlanganini anglatuvchi xitobga o‘xshaydi.
Ammo, kutubxona qo‘lyozma nusxasida aksincha siniqlik, kamtarinlik ruhi ustuvor. Masalan: To‘tinoma” nomli ushbu kitobni qalb va basirat ko‘zi ochiqlarga tushunarli va ochiq bo‘lsin uchun bezahira va kam amal bo‘lgan bu faqir parishonxotirlik va cheksiz tashvishlar bilan nihoyasiga yetkazib tahrir qildim. Allohga shukrlar bo‘lsinkim, o‘lim kemasi yetmasidan (yoki o‘lim yiqitmasidan) oldin muddaomga yetdim. Bu qog‘ozlar sahifalariga yuksak nazarlari tushgan har bir o‘quvchi bu kamtarin, faqir bechoradan sodir bo‘lgan har bir xato va kamchiliklarni o‘zlarining muruvvat (avf) qalamlari bilan tuzatib, berkitib, (ko‘chiruvchini) ulug‘ savoblarga munosib bo‘lishiga sababchi bo‘lsalar, Alloh taoloning buyuk mukofoti o‘sha kishiga bo‘lsin, ma’nosida juda balog‘at va fasohat bilan kolofon qismini tamomlaganlar.
Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, Tadqiqotimizning predmeti hisoblangan ikki qo‘lyozma nusxalarni qiyoslab o‘rganish natijasida ba’zi o‘rinlarda Buxoro muzeyi qo‘lyozma nusxasining o‘ziga xos ajralib turuvchi jihatlarini guvohi bo‘lgan bo‘lsak, ba’zi o‘rinlarda Ibn Sino nomidagi kutubxona markazi qo‘lyozma nusxasining Buxoro muzeyi qo‘lyozma nusxasida mavjud bo‘lmagan o‘ziga xos jihatlarini shohidi bo‘ldik.
Misol uchun, avval Buxoro muzeyi qo‘lyozma nusxasi misolida ko‘radigan bo‘lsak, muzey qo‘lyozma nusxasi o‘zining ibn Sino kutubxonasi qo‘lyozma nusxasidan ikki asr oldin ko‘chirilgani ya’ni qadimiyligi bilan, matnlarini to‘liqligi, dostonlarining ketma-ketligi to‘g‘ri ekanligi, matnlar atrofidagi ramkalarning o‘ziga xos nozik did bilan ishlanganligi va muqovani tayyorlagan muqovasoz sahhofning nomi aniq ekanligi bilan ajralib turadi.
Ibn Sino kutubxona markazi qo‘lyozma nusxasida mundarija yozishning shakllanishini ko‘rish mumkin. Ushbu mundarija yozish uslubi muzey qo‘lyozma nusxasida mavjud emas edi. Yana bir ajralib turuvchi xususiyatlaridan biri grammatik qoidalarga amal qilgan holda jumlalarning tushunarli, ravon tilda yozilganligidir. Shuningdek, Ibn Sino nomidagi kutubxona qo‘lyozma nusxasida asrlar o‘tishi bilan kodikologik xususiyatlarning ortib borishini kuzatish mumkin. Misol uchun umumiy asar matni fors tilidan iborat bo‘lgan “To‘tinoma” asarining asosiy matnlarida arab yoki turkiy tildagi jumlalar uchraganda, asosiy matn tilidan boshqa tilda ko‘chirilgan jumla qo‘llanganini bildirish uchun mana shunday jumla ustiga qizil (yoki qora) siyohda uzun chiziq tortib qo‘yish uslubi qo‘llanilgani ko‘zga tashlanadi. Bu uslub muzey qo‘lyozma nusxasida ko‘zga tashlanmaydi.
Ikkala qo‘lyozmalarning o‘ziga xos farqli jihatlaridan tashqari, o‘ziga xos umumiy o‘xshashlik jihatlarini ham kuzatish mumkin. Ikkala qo‘lyozma nusxada ham kotiblar tomonidan sharqona odob-axloqqa amal qilgan holda siniqlik, kamtarinlik bilan ish tutganlarini matnlardagi ma’lumotlardan bilish qiyin emas. Hatto kolofon qismida muzey qo‘lyozma nusxada biroz keskinroq fikrlar qo‘llansa-da, ammo, o‘ziga xos sharqona mezon va me’yordan chiqmagan holda fikr bildirilgan.
Ushbu qiyosiy o‘rganish natijasida qo‘lyozmalarda yildan yilga, yuqorida ta’kidlangani singari, manbashunoslik va matnshunoslik sohalarining ma’lum bir qirralari ochilganligini guvohi bo‘lish mumkin. Ushbu tadqiqot qo‘lyozmalarni kodikologik nuqtayi nazardan qiyoslashga mo‘ljallangani uchun chuqur matniy farqlarini ko‘rsatishga harakat qilinmadi. Ammo, agar bir nomdagi ikki qo‘lyozmani matniy qiyoslaganda, ular orasida yetarlicha farqlarni uchratish mumkin. Bunday farqlar ko‘p holatlarda kotiblarning xatolari bilan yuzaga keladi va bu xatolarni anglagan holda ko‘pgina kotib-xattotar asarning oxiri kolofon qismida: har kim ushbu men yozgan matnlarni o‘qisa, men undan duo umid qilib qolaman. Chunki men gunohkor bandaman” jumlalarini ko‘chirib qo‘yadi. Albatta bu ham sharqona madaniyatdan bir namunadir.

Adabiyotlar ro‘yxati:

1.Абдуллаев. М. Литературоведческие исследования о жизни и творчестве Cадриддина Aйни“.

2.Бухоро давлат музей-қўриқхонаси, 35-Кирим китоби.

3.Дуктур Фатҳуллоҳ Мужтабоий, Дуктур Ғуломали Ориё Устодони донишгоҳ. Чопхонаи Гулшан. Ношир: Интишороти Манучеҳри. Хиёбони жумҳури ислом муқобили синемо Уврупо. Эрон. 1372ҳ. Б. 12. PDF

4.Ҳабибуллаев. А. Адабий манбашунослик ва матншунослик. Қисқача курс. Тошкент. 2000.

5.Ҳасанова Ш.С. “Тўтинома” ва “Қуш тили” туркумидаги асарларнинг қиёсий-типологик ва текстологик тадқиқи. Докторлик диссертацияси автореферати. Тошкент. 2016.

Аhtam Аhmedov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,

Buxoro davlat muzey-qoriqxonasi ilmiy xodimi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi mustaqil tadqiqotchisi



[1]Ҳасанова Ш.С. “Тўтинома” ва “Қуш тили” туркумидаги асарларнинг қиёсий-типологик ва текстологик тадқиқи. Докторлик диссертацияси автореферати. Тошкент, 2016.

[2] Таниқли шоир, адиб ва мутасаввуф Зиёуддин Нахшабий XIV асрда Нахшаб (Қарши) шаҳрида туғилган. Ёшлик йилларида оиласи билан Ҳиндистонга кўчиб кетган. Умрининг кўп қисми Бадоунда ўтгани учун “Бадоуний”, “Ҳиндий-Бадоуний” нисбалари билан ҳам номланади. Зиёуддин Нахшабий ўз она тилидан ташқари форс, араб, санскрит тилларини пухта билган. Ўз замонасининг тафсир, ҳадис, фалсафа, ахлоқ, тиббиёт, мусиќа, аруз, тасаввуф, фиқҳ сингари илмларини пухта ўрганган.

[3] Дуктур Фатҳуллоҳ Мужтабоий, Дуктур Ғуломали Ориё Устодони донишгоҳ. Чопхонаи Гулшан. Ношир: Интишороти Манучеҳри. Хиёбони жумҳури ислом муқобили синемо Уврупо. Эрон. 1372ҳ. Б. 12. PDF

[4] Ўша манба. Б. 21

[5] 2та “Тўтинома” нинг туркий (ўзбек) тилдаги тошбосма нусхаси бўлиб, № 773, №832 инвентар рақам остида сақланади. Мир Султон марҳум ўғли Мулло Мир Аъзамнинг харожоти билан “Порцев” матбаасида чоп этилган. 80 саҳифа. 1324ҳ/1906й

[6] №545 инвентар рақам остида “Тўтиномаи форсий маъа сирожур-рамл” номи остида 1та форс тилидаги нусха бўлиб, Канпур-Ҳиндистондаги “Мунши навал кишур” матбаасида чоп этилган. 154 саҳифа.1318ҳ/1900й.

[7]

[8] Тожиев Мубин Бухоро шаҳрида туғилган. Ўтган асрнинг 70-йилларида кураш бўйича спорт устаси ва Ўзбекистон чемпиони. Нафақага чиққач, Бухорога қайтиб келиб, шаҳарнинг Эшонипир гузаридаги ҳовлида истиқомат қилган.

[9] 35-Кирим китоби.

[10] Пойгир- ўзидан кейинги саҳифанинг шу сўз билан бошланишини билдириб келувчи сўз бўлиб, ўнг саҳифанинг энг остига, чап томонга жойлаштирилади. (пойгир саҳифаларни дасталаш учун бет рақамлари ўрнига ишлатилади). Манба: А. Ҳабибуллаев. Адабий манбашунослик ва матншунослик. Қисқача курс. Тошкент. 2000

[11] Матнда Аврангзеб подшоҳнинг тахтга ўтирган йилига тўғри келади деб ёзилган аммо, Аврангзебнинг тахтга ўтирган йили 1658 йил бўлганлиги боис, таржимада Аврангзеб ҳукумронлик қилган даврга тўғри келади, деб таржима қилинди.

[12] Махмуд Абдуллаев „Литературоведческие исследования о жизни и творчестве Cадриддина Aйни“. Qaraldi: 8-iyul 2023-yil. https://uz.wikipedia.org/wiki/Sadri_Ziyo.

[13] Агар зани солиҳ деб ёзиладиган бўлса, бу маънога ҳам таъсир қилиб, “солиҳ кишининг хотини” деган маънони англатади. Аммо, достон аслида мард лашкарнинг солиҳа, покиза аёли ҳақида гап кетганлиги учун зани солиҳа-яъни солиҳа аёл деб ёзилса тўғрироқ бўлар эди.

[14] Ибн Сино қўлёзма нусхасининг ҳар бир варағида 26 қатордан матн кўчирилган. 117, 118 ва 119-варақларида тўлиқ матн кўчирилмаган ва 120- варақдан яна етти қаторида жами 85 қатор матн кўчирилмаганлиги аниқланди. Демак, Ибн Сино қўлёзма нусхасида 22-достонда жами 85 қатор матн кўчирилмаганлиги боис ушбу нусха ва ундаги 22-достон нокис, номукаммал нусха ҳисобланади.

[15] Матнда Аврангзеб подшоҳнинг тахтга ўтирган йилига тўғри келади деб ёзилган аммо, Аврангзебнинг тахтга ўтирган йили 1658йилда бўлиб, ҳукумдорлик даври 1707 йилгача давом этганлиги боис, таржимада Аврангзеб тахтга ўтирган деб эмас балки, ҳукумдорлик қилган даврга тўғри келади, деб таржима қилинди.

. .