Ochiq dars. A’rof surasining avvalgi oyatlatlari tafsiri va Suraning maqsadlari
Muallif: . .
Sana: 28.02.2026
40

Mir Arab oliy madrasasi “Diniy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Ibrohim Temirov tafsir fanidan “A’rof surasining avvalgi oyatlatlari tafsiri va Suraning maqsadlari” mavzusida ochiq dars o‘tdi.

Dars jarayonida A’rof surasining nozil bo‘lish sabablari, avvalgi oyatlatlari tafsiri hamda suraning maqsadlari tahlil qilindi.

A’rof surasi Makkada nozil bo‘lib, 206 oyatdan iboratdir. Makkada An’om surasi kabi jahriy da’vat yillarida tushgan. Sura A’rof deb nomlanish sababi unda A’rof egalari haqida voqealar kelgani uchundir. Boshqa biron surada bu ma’lumotlar kelmaydi. A’rof degani عُرْفٌ degan kalimaning ko‘pligi bo‘lib, Surada jannat va do‘zax orasidagi devor bo‘lib, yuqorisi degan ma’noni bildiradi.

Ibn Jarir Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, u kishi “As’habul A’rof” haqida so‘ralganlarida “Ular yaxshiligi va yomonligi teng bo‘lib, yomonliklari jannatga kirishdan, yaxshiliklari esa, do‘zaxga kirishda to‘sib qolgan qavmdir. Alloh ularga hukm qilmaguncha o‘sha joyda ushlab turiladi” deb javob berganlar. Bu sura mo‘min uchun ibrat, kofir uchun esa ogohlantirishdir. Kim Allohning oyatlaridan yuz o‘girsa, u albatta ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladi.

Surada Payg‘ambarlar qissalari keladi. Bular shunchaki qissa emas, balki ibrat va pand-nasihatdir. Inson Qur’onni o‘qib, faqat hikoya sifatida emas, balki o‘z hayotiga tatbiq qilish uchun o‘rganishi lozim. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, unga ilm berdi va farishtalarga sajda qilishni buyurdi. Bu buyruq imtihon edi. Farishtalar itoat qildi, ammo Iblis o‘zini ustun ko‘rib, kibr qildi va sajda qilishdan bosh tortdi.

Shuningdek, surada Odam, Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb va Muso alayhissalomlarning qissalari bayon qilinadi. Suraning oxiri esa, ibodatdan kibr qilmaydigan, tasbeh aytib sajda qiladigan farishtalar zikri bilan tugaydi. Inson ham shu ishlarni qilib yuradigan bo‘lsa farishtalardan ham yuksak maqomga ko‘taridadi.

Dars yakunida talabalar mavzu doirasida o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirdilar. Mashg‘ulot davomida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan atroflicha muhokamalar bo‘lib o‘tdi, ayrim nuqtalar ustoz tomonidan yanada batafsil izohlab berildi. Tajribali ustozlar tomonidan ochiq dars jarayoni kuzatib, tahlil qilindi.

. .