QARZ
Muallif: . .
Sana: 04.08.2026
152

Hozirgi kunda dolzarb mavzuga aylangan, ibodatligi unutilib, odamlar imkon qadar qochadigan muomalaga aylangan amaliyot – qarz oldi berdisi borasida dinimizda nima deyilgan? Qarz – misliy molni boshqa kishiga uning mislini qaytarish sharti bilan mulk qilib berishdir. Qarz – tabarru' aqdi hisoblanadi. Bu degani qarz beruvchi qarz berib turganligi uchun qarzidan foiz talab qilishi yoki qarz evaziga qandaydir manfaatini shart qilishi mumkin emas. Dinimiz muhtoj bo'lgan insonga qarz berib turishga targ'ib qiladi. Ibn Moja Abdulloh ibn Mas'uddan rivoyat qilingan hadisni keltiradilar. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Bir musulmon boshqa musulmonga ikki marta qarz berar ekan, bir marta sadaqa qilgandek bo'ladi". Alloh taoloning rahmati kengligini, dinimizning insoniy xislatlarni ulug'lashiga manabu hadis ham misol bo'ladi. Siz bir muhtoj birodaringizga sizga keyinchalik qaytarib berishi uchun qarz berib turdingiz. Bergan molingiz o'zingizga qaytadi, lekin bundan tashqari yana sadaqa qilganning savobiga ham erishasiz.Boshqa hadislarda musulmon kishi birodarining yordamida bo'lsa, Alloh uning yordamida bo'lishi aytilgan. Hozirgi kunda ba'zan uchrab turadigan qarz olib qaytarmayotgan, qaytarish haqida o'ylab ham ko'rmaydigan kishilar qanday go'zal va muhim amaliyotdan odamlarni sovutayotganlarini bilib qo'ysinlar.Zero, aynan shunday insonlar haqida ham va'idlar, ogohlantirishlar mavjud. Ibn Moja keltirgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar:"Qaysi kishi qaytarmaslikni niyyat qilib qarz olsa, Allohga o'g'ri holatda yo'liqadi" dedilar". Unday odamlarga mana shu hadis kifoyadir. Chunki og'rilikning qanday gunoh ekanligi, ko'plab ulamolar buni gunohi kabiralardan ekanligini yaxshi bilamiz. Qaytarmaslikni niyyat qilib qarz olgan kishi huddi o'g'ri kabi ekanligini Rosululloh bizlarga yetkazdilar.

Xulosa o'rnida aytishimiz mumkinki, qarz aslida ibodat darajasidagi muomaladir. Zero, bir muhtojga yordam berish, uni tang vaziyatdan qutilishiga yordam berish qanday go'zal ish. Mana shunday go'zal va ajr-u savobga to'la amaliyotdan odamlarni qaytarmaslikka harakat qilmog'imiz lozim!

Mir Arab oliy madrasasi 4-kurs talabasi
Sobirov Asrordin.

. .