Ey ilm olish niyatida madrasaga kirgan do‘stim.
Ilm dargohiga hujjat topshirayotgan vaqtingiz yodingizdami?
Ichingizda shunday g‘ayrat bor ediki, o‘qishga kirsangiz bo‘ldi, butun hayotingizni o‘zgartirib, uni ilmga bag'ishlashga, shu yo‘lda hatto barcha narsangizdan voz kechishga ham tayyor edingiz. "Har kecha ibodat qilaman, falon betdan Qur'on yodlab, falon betdan kitob o‘qiyman, o‘zim odatlanib qolgan gunoh amallarni qilish tugul, yaqiniga ham bormayman", deb o‘zingizga o‘zingiz qancha-qancha va'dalar berganingizni eslaysizmi?
Endi esa bir lahza to‘xtab, ortingizga qarang...
Oradan qancha vaqt o‘tdi-yu, oʻsha va'dalarning qanchasini bugun hayotingiz sahifalarida jonlantira oldingiz, qanchasini esa shunchaki "oʻldirib" yubordingiz?
Bir paytlar qo‘lingizdan tushmaydigan turli xil adabiyotlarning o‘rnini bugun telefon egallab, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab vaqtingizni sarflab yubormayapsizmi?
Tolibi ilm maqomida bo‘la turib, jamoat namozlariga qay darajada qoim bo‘lyapsiz? Bu ishda namozga endigina qadam qo‘ygan odamlardanda ortda qolib ketmayapsizmi?...
Aytingchi, bu siz orzu qilgan hayotmidi?
Esingizda bo‘lsin, madrasa devorlari hech kimni olim qilib qo‘ymaydi. Insonni olim qiladigan narsa – ixlos, sabr, muntazam mehnat va Alloh uchun qilinadigan fidoyilikdir.
Bugun siz darsga kechikishingiz mumkin, takrorni ertaga qoldirishingiz mumkin, Qur'on yodlashni bir kunga surishingiz mumkin. Ammo umr kutib turmaydi. Bugun yo‘qotilgan har bir kun ertaga qaytib kelmaydi.
Ehtimol, sizni ilm talabasi deb havas qilayotgan ota-onangizning duolari sabab shu yerda o‘tiribsiz. Balki kimlardir siz bir paytlar orzu qilganingiz kabi sizning o‘rningizda bo‘lishni orzu qilgandir. Siz esa qo‘lingizdagi ulkan ne'matning qadriga yeta olyapsizmi?
Shuni unutmang: bir kun bu madrasani tark etasiz. Ammo o‘sha kuni qo‘lingizda faqat diplom bo‘ladimi yoki qalbingizda ilm, tilingizda Qur'on, amalingizda taqvo ham bo‘ladimi? Ana shu savolning javobi bugungi harakatlaringizga bog‘liq.
Hali ham kech emas. O‘zingizga bergan va'dalaringizni yana bir bor eslang. Tavba qiling. Qur'onni yana qo‘lingizga oling. Darsingizni ixlos bilan o‘qing. Ustozlaringizning nasihatlarini qalbingizga joylang. Har kunni kechagidanda yaxshiroq bo‘lishiga harakat qiling.
Zero, ilm – shunchaki kasb emas. Ilm – omonat. Bu omonatni ko‘tara olganlar tarixda iz qoldirgan, uni yengil sanaganlar esa vaqt sahifalarida unutilib ketgan.
Alloh taolo sizni ham, bizni ham ilmiga amal qiladigan, ixlosli, sobitqadam va ummatga manfaatli olimlardan qilsin. Omin.
Asrorxon Teshaboyev
Mir Arab oliy madrasasi "Qur'oni karim va tajvid" o'quv kursi o'qituvchisi
