YANGILANISH VA TARAQQIYOTNING SIFAT BOSQICHI SARI
Muallif: . .
Sana: 30.11.2021
330

Ma’lumki, har qanday taraqqiyot modeli davr talablari asosida yangi mazmun va shakl bilan to‘ldirib, boyitib boriladi. Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilingan islohotlar jamiyatimiz a’zolarining hayoti va turmushini yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Fuqarolarmizning yangicha fikrlash va dunyoqarashining shakllanishiga zamin yaratib, istiqbolda yuqori marralarni belgilab olish uchun turtki bo‘ldi.

Xalqimiz tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yo‘limiz naqadar to‘g‘riligini Prezident saylovi natijalari o‘zi ko‘rsatib berdi. Yangi saylangan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 noyabr kuni o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosimidagi nutqida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar yaqin kelajakda Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini belgilovchi dasturamal bo‘lib xizmat qiladi.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida o‘zida jo qilgan rivojlanish dasturi yetti yo‘nalishdan iborat.

Birinchi yo‘nalish erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishga qaratilgan. Buning uchun kelgusida davlat funksiyalarining katta qismi markazdan hududlarga o‘tkaziladi. Har bir mahallada hokim yordamchisi lavozimi joriy etiladi. Tuman budjeti qo‘shimcha manbalar bilan ta’minlanib, mahallaning alohida jamg‘armasi shakllantiriladi. Markaziy idoralar transformatsiya qilinib, ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi, bir xil yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirayotgan idoralar optimallashtiriladi.

Ikkinchi yo‘nalish adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini ta’minlash vazifalarini qamrab olgan. Shu maqsadda sudlov tizimi va advokatura instituti, huquq-tartibot organlari faoliyati takomillashtiriladi. Tadbirkor va mulkdorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi. Korrupsiyaga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalari safarbar etiladi. Bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, korrupsiyaning sabablarini oldindan bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Uchinchi yo‘nalishda milliy iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi rejalar bayon etildi. 2030 yilga borib, jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga chiqish maqsad qilinadi. Bunga, avvalo, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishiladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish choralari ko‘riladi. Aholini uy-joy va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo qatnovlarni yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshiriladi.

To‘rtinchidan,sifatli ta’lim-tarbiya masalasi doimiy e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi. Shu maqsadda o‘qituvchilarning oylik maoshini izchil oshirib borish va 2025 yilga borib, 1 ming dollar miqdoriga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yangi maktablar qurish, mavjudlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlashga qaratilgan Milliy ta’lim dasturi ishlab chiqiladi. Aholi salomatligini saqlash uchun barcha sharoit yaratiladi. Kelgusi besh yilda oliy toifali shifokorlar maoshini ham 1 ming dollar ekvivalentiga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Viloyat, tuman va shaharlarda ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi. Davlat tibbiy sug‘urta tizimi ishga tushirilib, mablag‘ aniq bemorga bog‘langan holda ajratiladi. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish muhim vazifa bo‘lib qoladi.

Beshinchi yo‘nalishga asosan ma’naviy va ma’rifiy sohalar rivojlantiriladi. Shu maqsadda “Yangi O’zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Madaniyat va san’atni yuksaltirish, yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash, millatlararo hamjihatlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Oltinchidan, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish, bu boradagi barcha sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib borayotgani inobatga olinadi, Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish, Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish masalalariga e’tibor qaratiladi.

Yettinchi yo‘nalishda mamlakatdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi vazifalar o‘z ifodasini topgan. Qurolli Kuchlarimizning qudrati yanada oshirilishi, harbiylarning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi kuchaytiriladi, xalqaro hamkorlikda pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat, iqtisodiy diplomatiya davom ettiriladi. Avvalo, qo‘shni mamlakatlar va dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalar kengaytiriladi.

Muxtasar qilib aytganda, yangi taraqqiyot strategiyasining dastlabki tahlillarishuni ko‘rsatadiki, inson, uning manfaatlari va farovonligi ustuvor vazifalari tizimining yangi sifat bosqichi bo‘ladi. Yangi O’zbekistonning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilashning konseptual yo‘nalishini mantiqiy davomi, erkin va farovon yashashga hamda “Uchinchi renessans”ni qurishga tagzamin bo‘ladi.

Mir Arab oliy madrasasi Ijtimoiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi,
siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Feruz Bafoyev

. .