
Insonlar orasida tarqalgan axloqiy kasalliklardan, halokatga eltuvchi dardlardan biri – g'iybatdir. Guvohi bo'lamizki, bu illat insonlar o'rtasida adovatni, urush-janjalni keltirib chiqaradi. Bu kasallik avj olib, tomir otib borayotgan bir paytda, to'planishlarda ham asosiy mavzu mana shu bo'lib boryapti. Barchamizga ma'lumki, g'iybat har makon va zamonda koni zarar bo'lgan ishlardan hisoblanadi. Odamlar orasida “g'iybatchi” degan so'z ayollarga nisbatan ishlatilar edi, lekin ba'zi erkaklar ham bu nomdan mustasno bo'lmayotgani achinarli hol albatta! Bu gapimiz bilan faqat erkaklarga nisbatan gapirmoqchi emasmiz, balki bizning murojaatimiz barcha erkagu ayol uchundir. Chunki har bir insofli kishi borki, jamiyatda tarqalib borayotgan illatlarga rozi bo'lib qarab tura olmaydi, maqsadi hamisha jamiyatga foyda keltirish bo'ladi.
Aziz o'quvchi! Sarlavhamiz siz uchun tanish bo'layotgandir, sababi bu gap xalqimiz orasida urf bo'lib bormoqda. Go'yoki bu gapi bilan o'zini hijolatdan, noqulay holatdan olib chiqyapti, ammo bilmaydiki, Robbisi Allohning oldida nima deb javob berarkin, yoki u yerda ham bu hiylalari foyda berarmikin?! Albatta yo'q! Zero, Alloh taolo marhamat qilib aytadiki: “…Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g'iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o'zining o'lgan birodarining go'shtini yeyishni yaxshi ko'radimi? Allohdan qo'rqinglar. Albatta, Alloh tavbani ko'p qabul qiluvchi va rahmlidir”. G'iybat nima ekanligini eng ulug' tafsirchi Payg'ambarimiz sollollohu alayhi vasallamning o'zlaridan eshitaylik. Imomi Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda u zoti bobarakotdan kishilar: “Ey Allohning Rosuli, g'iybat nima?” – deb so'rashibdi. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: “Birodaringni o'ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, debdilar. Shunda: “Birodarimda men aytgan narsa bo'lsachi, bunga nima deysiz?” – deyishibdi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Agar aytganing unda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, ammo bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasan”, deb javob qilgan ekanlar. Ma'lumki, hech qaysi bir tuzum g'iybatga ijobiy baho bermagan. G'iybatning harom ekani, gunohi kabiralardan ekanligini hamma ulamolar bir ovozdan ta'kidlaganlar. Qur'oni Karim birovni g'iybat qilishni o'sha shaxsning o'lgandan keyin go'shtini yeyish bilan barobar qilmoqda. Sir emaski, odamning go'shtini yeyish mumkin emas, o'lgandan keyin esa, aslo hayolga ham keltirib bo'lmaydigan ish. Shuning uchun, yuqoridagi “yaxshi ko'rasizmi?” degan savolga hech kim “ha” deb javob bera olmaydi. Shu boisdan, oyatning o'zida, “ha, yomon ko'rasiz!” deb ta'kidlanmoqda. Oyatning oxirida Alloh taolo mo'minlarning barchasini, xususan, yuqorida zikr qilingan gunohlarni qilganlarni Allohdan qo'rqishga da'vat qilib, “Allohdan qo'rqinglar”, deydi. Shu bilan birga, avval bilmay gunoh sodir etilgan bo'lsa, tavba qilib gunohini yuvish mumkinligini eslatib, Allohning fazli karamidan noumid bo'lmaslikka chaqiradi. “Albatta, Alloh tavbani ko'p qabul qiluvchi va rahmlidir.” Har qanday gunohdan qay tarzda tavba qilinsa, mazkur gunohlardan tavba qilishda ham o'shanday holat, ya'ni o'tgan ishga qattiq afsus qilib, dilidan nadomat chekib, ikkinchi bor bu ishni qilmaslikka ahd qilish va ahdiga vafo qilish bilan vujudga keladi. Ammo, g'iybatchining tavbasi bu bilan tugamaydi. Ulamolar uning tavbasi to'liq bo'lishi uchun yana bir muhim shart qo'yishgan. U ham bo'lsa, qayerda, qaysi majlisda g'iybat qilgan bo'lsa, o'sha yerda, o'sha majlisda g'iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapirish kerak. Mo'min-musulmon g'iybatdan chetlanibgina qolmasdan, boshqa g'iybatchilarning og'ziga urib, g'iybatga yo'l qo'ymaslikka harakat qilishlari lozimdir. Imomi Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar alayhissalom: “Kimki, bir mo'minni g'iybatchi munofiqdan himoya qilsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning go'shtini do'zah o'tidan himoya qiluvchi farishta yuboradi. Kimki, bir mo'minni so'kmoqchi bo'lib, uni g'iybat qilsa, Alloh taolo uni gapidan qaytmagunicha jahannam ko'prigi ustida ushlab turadi”, deganlar. Shunday ekan, bu illatdan saqlanaylik va atrofdagilarni ham saqlanishga chaqiraylik hamda “g'iybat emas suhbat” deyishlikdan avval, kim-kimni aldayotganini o'ylab ko'raylik. Shundagina insonlar o'rtasidagi gina, adovat, urush-janjal va kelishmovchiliklarni bartaraf qilishga hissa qo'shgan bo'lamiz.
Buxoro Mir Arab oliy madrasasi 1-g kurs talabasi Madaminzoda Abdulatif.
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
