Buxorodagi meʼmoriy yodgorliklardan biri boʻlgan Abdulazizxon madrasasi ashtarxoniylarning beshinchi vakili Abdulazizxonning buyrugʻi bilan meʼmor Mimxoqon ibn Xoʻja Muhammadamin tomonidan 1652-yilda qurilgan.
U oʻrta asrlarning soʻnggi bosqichiga mansub boʻlib, Buxorodagi Ulugʻbek madrasasi qarshisida qurilgan.
Uning qurilishiga homiylik qilgan Buxoro xoni Abdulazizxon (1614-yil Balx – 1681-yil Makka) Nodir Muhammadxonning katta oʻgʻli boʻlgan. 1626-yildan Xuttalon hokimi, 1630-yildan esa Balxning gʻarbiy tumanlari hokimi fazifasida faoliyat yuritgan. 1645-yildagi fitna natijasida Buxoro xonligi taxtini egallagan. Abdulazizxon markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qilgan, mamlakat obodonchiligiga birmuncha hissa qoʻshgan. Buxoroda koʻpgina muhtasham binolar qurdirgan (Abdulazizxon madrasasi va b.).
Madrasa tuzilishi oddiy va hujralari ikki oshyonli. Katta peshtoq nafis va nodir koshinkori naqshlar bilan ziynatlangan. Islomiy naqshlar qatorida afsonaviy jonivorlar tasviri ham berilgan. Madrasa hujralari, ayniqsa, janubiy ayvon peshtoqi turli-tuman naqshlar bilan bezatilgan. Gumbaz shipining ganchli muqarnaslari orasida islimiy naqshlar va zarhal bezagi bor. Naqshlar, asosan, moviy rang boʻyoqlar bilan chizilgan. Asosiy oʻlchami: atrof aylanasi 50×67 m., hovli — 28×35 metr boʻgan. Madrasa XVII asrda Buxoro mahobatli meʼmorchiligining yetuk namunasidir.
Bugungi kunda madrasa hovlisida sayyohlar uchun milliy musiqa va folklor tomoshalari koʻrsatiladi. Shimoliy-sharqiy burchagidagi miyonsaroyda Buxoro yogʻoch oʻymakorligi namunalaridan iborat koʻrgazma tashkil etilgan.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan berilayotgan eʼtiborga toʻxtaladigan boʻlsak, 1997-yil Buxoro shahrining 2500-yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha meʼmoriy inshootlar qatorida Abdulazizxon madrasasi ham qayta taʼmirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi.