MAZHABIMIZDA QOLISH FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 27.01.2023
593

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Sahobai kiromlar davrida olim sahobalardan yosh sahobalar taʼlim olishdi. Shu zaylda sharʼiy ilmlarda maʼlum darajaga yetmagan kishilar muayyan ulamolarning yoʻllarini tutishlari anʼanaga aylanib, fiqhiy mazhablar koʻpayib bordi. Chunki, Alloh taolo Oʻzining kalomida shunday degan:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

yaʼni: “Bas, agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz!” (Anbiyo surasi,
7-oyat).

Ammo vaqt oʻtishi bilan ular orasidan toʻrt yirik mazhab: hanafiylik, molikiylik, shofeiylik va hanbaliylik ajralib chiqdi va ularning mazhablari musulmonlar ommasi tomonidan “fiqhiy mazhablar” deb eʼtirof etildi.

Mazkur toʻrt mazhabning toʻgʻriligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning soʻzlarini keltiramiz:

Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh oʻzlarining “Toʻrt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida shunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun oʻz hikmati bilan odamlar ichidan toʻrt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu maʼrifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga oʻta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan eʼtirof qilganlar. Barcha hukmlar oʻshalar orqali chiqariladigan boʻldi”.

Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning eʼtirof qilingan toʻrt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy oʻzlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu toʻrt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz oʻgirishda esa katta muammo va ixtiloflar bor”. Imom Samhudiy soʻzlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:

“فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ”

yaʼni: “Agar ixtilofni koʻrsangiz, oʻzingizga koʻpchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.

Yuqoridagi yetuk ulamolarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini koʻplab keltirish mumkin. Bundan bizning yurtimizda faqatgina Imomi Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani maʼlum boʻlmoqda. Allohga hamdlar boʻlsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga ogʻishmay amal qilib kelmoqdalar.

Ming afsuslar boʻlsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, toʻgʻriligini eʼtirof qilib turgan bir paytda baʼzi yurtdoshlarimiz oʻzlari ilmiy koʻnikma hosil qilmagan boʻlsalarda: “Men Qurʼon va hadisdan oʻzim hukm olaman”, deb daʼvo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar.

Mashhur ulamolarimizdan Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh oʻzlarining “Mazhabsizlik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bidʼatdir” nomli kitoblarida hozirgi mazhabsizlarning voqeʼligini izohlab shunday deganlar: “Shubhasiz ular (yaʼni, mazhabsizlar)ning hammalari bevosita Qurʼon va sunnatdan hukm olishni daʼvo qiladilar. Ular oʻzini xuddi sanad, dalillar va roviylarning bilimdoni va tadqiqotchisidek tutsa-da, aslida biz ana shu odamlarning orasida butunlay savodsizlarining koʻp guvohi boʻldik”.

Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari Imomi Aʼzam rahmatullohi alayhning Hanafiy mazhablariga ergashishlari lozimdir.

IBROHIMJON SAIDOV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .