“Hijrat” soʻzi arab tilida “ajramoq”, “tark etmoq” maʼnolarini bildiradi. Hijratning sharʼiy istilohdagi maʼnosi esa Alloh taoloning roziligi yoʻlida “Kufr diyori”ni tark etib, “Islom diyori”ga koʻchish hisoblanadi.
“Islom diyori” – jamoat namozlari, azon, juma, hayit va boshqa Islom shiorlari va hukmlari amalda boʻlib turgan yurtdir.
“Kufr diyori” – kufr hukmlari ochiq-oydin boʻlgan yerlar. Yaʼni, u yerda Islom hukmlari va shiorlari zohir emas, balki, kufr hukmlari ustun boʻladi.
Ulamolar hijratning hukmi borasida turli qarashlarni bayon qilganlar:
1) Islomning avvalida hijrat mandub, yaʼni targʻib qilingan amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz boʻldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor boʻldi. Ish yana mandublikka qaytdi. Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. Oʻz mazmuniga koʻra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofeʼiylardan
Al-Xattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni taʼkidlaydilar (Al-Xattobiy “Maʼolimus-sunan, Imom Saraxsiy “Mabsut”, Kosoniy “Badoiʼus-sanoiʼ”, Ibn Obidin “Raddul-muhtor”, Aliy Qori “Mirqotul-mafotih”).
Bu yerda shuni eslatib oʻtamizki, hijrat deganda doim “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga koʻchish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga koʻchishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari “Islom diyori”dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas;
2) Makkadan Madinaga hijrat qilishning vojibligi Makka fathi kuni bekor boʻlgan. Chunki Makka oʻsha kundan eʼtiboran “Islom diyori”ga aylangan. Makka fathigacha kim u yerdan Madinaga hijrat qilgan boʻlsa, hijratning savobini olgan, boshqalarga bu nasib boʻlmagan. Endi qiyomatgacha boqiy qolgan hijrat esa “Kufr diyori”da iymon keltirgan kishining hijratidir. Unga Islom hukmlari joriy boʻlishi uchun “Islom diyori”ga kelishi vojib boʻladi.
Bu fikrni aytgan ulamolar ham hijrat “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga boʻlishiga urgʻu bermoqdalar. Ular yanada fikrlarini rivojlantirib, Alloh taolo uchun ilm izlash, Makkadagi Masjidul-Haromni, Madinadagi Masjidun-nabaviyni va Qudusdagi Masjidul-Aqsoni ziyorat qilish, vatanini dushmandan himoya qilish, halol rizq topish uchun safar qilish ham boqiy qolgan hijrat turlaridandir, deydilar;
3) Alloh taolo jannatni vaʼda qilgan hijrat, yaʼni, bor budidan mahrum boʻlib, Paygʻambarimiz alayhissalomning yonlariga kelish Makka fathi bilan toʻxtagan. Endi qolgan hijrat gunohu yomonliklardan chetlanish hijratidir. Bu haqda Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Albatta, hijrat ikki xislatdir: gunohlardan chetlanish hamda Alloh va Rasuliga ajralib kelish...” (Imom Ahmad rivoyati, 1671-hadis).
Boshqa hadisi shariflarda Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Hijrat qiluvchi xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir” (Imom Ibn Moja rivoyati, 3934-hadis).
Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa hadisda: “Rasululloh alayhissalom aytganlar: “Qoʻli va tili bilan oʻzgalarga ozor bermagan kishi musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Xudo yoʻlida hijrat qilgan kishidir”, deyiladi.
Yana bir hadisda esa, “Ummu Anas roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan nasihat qilishni soʻraydilar. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, oʻsha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, oʻsha jihodning eng afzalidir. Zikrni koʻpaytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda, unga eng mahbub amal shu boʻladi”, deyilgan (Tabaroniy, 6735-hadis).
Tarixdan maʼlumki, uzoq asrlar davomida yurtimizda Islom ahkomlari ustuvor boʻlib, ajdodlarimiz unga ixlos bilan amal qilib kelganlar. Shundan soʻng yurtimizni gʻayridinlar istilo qilgan boʻlsa-da, bu davrlarda ham musulmonlarning hammasi boshqa yurtlarga koʻchib ketmaganlar. Balki, moʻmin-musulmon ota-bobolarimiz vatanda qolib, qoʻllaridan kelgancha dinimizga amal qilishga va kelgusi avlodga din omonatini yetkazishga harakat qilganlar.
Shukrki, vatanimiz istiqlolga erishganidan keyin yana yurtimiz musulmonlari dinga oshkora amal qilish, toat-ibodatlarni jamoat boʻlib masjidlarda ado etish, haj va umra kabi amallarni ham keng miqyosda bajarish imkoniyatiga ega boʻldilar. Shu sababli yurtimiz “Islom diyori” hukmida qolgandir. Shunday ekan, yurtimizdan goʻyoki hijrat qilish farz yoki vojib ekanini daʼvo qilayotgan shaxslarning aytayotgan soʻzlari sharʼiy asosga ega emas. Balki, diniy tushunchalarni buzib talqin qilish hisoblanadi. Barchamiz bundan ogoh boʻlishimiz lozim.
ASRORXON MAHMUDOV
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi