ISLOM – TERRORGA QARSHI
Muallif: . .
Sana: 28.01.2023
694

Muqaddas Islom dini nohaq odam oʻldirish, oʻgʻirlik qilish, zinokorlik, birovlarni obroʻsizlantirish kabi ishlarni harom qilganidek, tinch aholining qalbiga gʻulgʻula solish, insonlarni qoʻrqitish, shu orqali osoyishtalikka putur yetkazish maʼnolarini oʻz ichiga olgan terrorni ham harom qildi. Chunki, Islomda bunday razil ishlar Alloh va Uning rasuliga qarshi urush ochish bilan tenglashtirilgan – Yer yuzida fasod tarqatish, deya baholanadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda fasodni va fasodchi kimsalarni suymasligi haqida bot-bot takrorlaydi, bandalarni Yer yuzida buzgʻunchilik qilishdan qaytaradi.

Odamlarning tinchini turli bahonalar bilan buzib, qoʻrquvga solish insoniy birodarlik qoidalariga zid keluvchi taʼqiqlangan ishlardan ekanini bilish uchun quyidagi hadisi shariflarni eslab oʻtish oʻrinlidir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:

- Kimki, oʻz birodariga tigʻli narsa bilan ishora qilsa, bas to oʻzini tiyib olmaguncha farishtalar unga laʼnat oʻqiydilar, garchi u odam oʻzining tugʻishgan ukasi (yoki akasi) boʻlsa ham. (Muslim rivoyati);

- Kimki, bir moʻmin kishini qoʻrqitsa, unday odamni Qiyomat kunining dahshati va qoʻrquvidan xotirjam qilmaslikni Alloh Oʻz zimmasiga oladi;

- Bir kishi hazil tariqasida boshqa birovning kavushini olib, berkitib qoʻydi. Bu voqea Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga yetkazilganda: “Musulmon kishini qoʻrqitmanglar, musulmonni qoʻrqitish katta zulmdir”, - deya marhamat qildilar;

- Kimki, musulmon kishiga nohaq ravishda qoʻrqituvchi nigoh bilan qarasa, unday odamni Alloh taolo Qiyomat kunida qoʻrqitadi.

Endi, qoʻliga qurol olib terrorchilik qilib, insonlarni qoʻrqitish borasida Paygʻambar (alayhissalom)dan rivoyat qilingan quyidagi hadisga eʼtibor qarataylik: “Birontangiz zinhor oʻz birodariga qurol bilan ishora qilmasin (oʻqtalmasin). Chunki, u bilmaydiki, shayton uning qoʻlini buzishi mumkin (yaʼni, uning qalbiga vasvas solish orqali musulmonga qarata ottirishi mumkin). Oqibatda esa u odam doʻzax chohiga qulaydi”.

Yuqoridagi dalillarda farishtalarning laʼnatiga giriftor boʻlish, Qiyomat kunining dahshati bilan qoʻrqitish, doʻzax chohiga qulash kabi vaʼidlar orqali ogohlantiruvlar kelgani bois, terror va unga oʻxshash harakatlar halokatga olib boruvchi gunohi kabiralardan ekanligi maʼlum boʻladi.

Demak, Islom dini terrorizmni mutlaqo qoralaydi. Chunki, bu din Alloh taolo tomonidan insoniyatning ikki dunyo baxt-saodatini taʼminlash uchun joriy qilingan.

Islom dinining taʼlimoti, qonun-qoida va ahkomlaridan beshta bosh maqsad koʻzda tutilgan:

1. Inson hayotini muhofaza qilish;

2. Inson aqlini muhofaza qilish;

3. Inson dinini muhofaza qilish;

4. Inson naslini muhofaza qilish;

5. Inson molu mulkini muhofaza qilish;

Terror esa aynan ushbu maqsadlarning barchasiga qarshi qaratilagan faoliyatdan iboratdir. Islomda har bir insonning hayoti hatto ibodat chogʻida ham muhofaza qilinishi taʼkidlangan. Masalan, namoz oʻqiyotgan kishi chayonni koʻrib qolsa, uni oʻldirishi joiz. Chunki, bu hashorat uning hayotiga xavf solib turibdi. Xavfni bartaraf etish birinchi navbatdagi vazifa. Zero, uning hayotiga zarar yetsa, uni ortga qaytarib boʻlmaydi. Shuning uchun ham namoz asnosida qilingan bu harakat tufayli namoz buzulmasligi fiqhiy kitoblarda qayd etilgan.

Islom dini terrorning jamiyat hayotiga soladigan barcha xavf-xatarlaridan mukammal suratda ogohlantirib, doimo unga qarshi boʻlishga chorlaydi. Jumladan, qoʻrqitish, zulm oʻtkazish, buzgʻunchilik qilishga asoslangan har qanday mafkuraga qarshi kurashishga daʼvat etadi.

Asrorxon Mahmudov

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .