KATTA LANGAR QURʼONI NAVBATDAGI XALQARO KOʻRGAZMADA
Muallif: . .
Sana: 31.01.2023
190

Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida 2023-yil 23-yanvaridan 23-apreliga qadar davom etadigan “I Xalqaro Islom sanʼati biyennalesi (Ikki yilda bir marotaba oʻtkaziladigan koʻrgazma)”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Nufuzli koʻrgazmada mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid sara Islomiy topilmalar, nodir eksponatlar ham namoyish etilmoqda. Unda jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi fondida saqlanayotgan Katta Langar Qurʼonining ikki sahifasi ham taqdim etildi.

“I Xalqaro Islom sanʼati biyennalesi”da butun dunyodan keltirilgan islomiy meroslar, qoʻlyozmalar, tangalar, hattotlik va naqqoshlik ijodlari, liboslar va boshqa yuzlab noyob eksponatlar ham oʻrin olgan.

Diniy idora tizimida ushbu koʻrgazmaga tayyorgarlik jarayoni bir necha bosqichda kechdi. Xususan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Diniy idora Kutubxonasi fondidagi Katta Langar Qurʼonining saqlanish jarayoni bilan yaqindan tanishish asnosida Katta Langar Qurʼoni va shu kabi bebaho meroslarni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga bus-butun yetkazish va tadqiq etishni alohida taʼkidlab, ularning xalqaro koʻrgazmalardagi taqdimotlarini talab darajasida oʻtkazish va xayrli natijalar boʻlishini soʻrab duoi xayr qildilar.

Shuningdek, Jiddadagi koʻrgazmada qatnashadigan Diniy idora vakiliga safar oldi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining oʻrinbosari Jaloliddin domla Hamroqulov mazkur namoyish dinimiz va yurtimizga manfaatli boʻlishi va uning muvaffaqiyatli oʻtishini soʻrab xayrli duolar berdilar.

Mazkur koʻrgazmada ishtirok etish va unga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona boʻlimi mudiri Kamoliddin Mahkamov Jiddi shahrida boʻlib, Biyennale maxsus guruhi vakillari va Fransiyaning Luvr muzeyi restavratori birga Katta Langar Qurʼonining ikki sahifasini koʻrgazma zalidagi maxsus jihozga joylashtirdi. Va koʻrgazma davomida ishtirokchilarga yurtimizning nodir eksponati haqida maʼlumot berdi.

Maʼlumot uchun, 2022-yilning 23-noyabrda Parij shahrining Luvr muzeyida “Oʻzbekiston vohalari xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” mavzusida Oʻzbekiston muzey ashyolari koʻrgazmasi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etdi. Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasi fondidagi Katta Langar Qurʼonining ikki sahifasi ham taqdim etildi. Ushbu koʻrgazma 2023-yil 6-martiga qadar davom etadi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Manba www.muslimuz

. .