FITNACHILARNING ENG YOMONI FITNACHI-SHAYTONDIR!
Muallif: . .
Sana: 30.01.2023
345

Shayton juda koʻp hiyla-nayranglar bilan insonlarni fitnaga soladi. Ular orasida eng yomoni uning fitnachiligidir. Fitnachi boʻlganda ham Fatton, yaʼni, eng koʻp fitnaga soluvchidir. Bu qabih sifatni kimda-kim oʻzida hosil qilgan boʻlsa, u ham shaytondir!

Horizgi zamonda koʻplab qoʻshtirnoq ichidagi insonlarni koʻramizki, ular faqat insonlar ichida nafrat va adovat urugʻlaridan boʻlgan fitna urugʻlarini yoyadilar. Shu oʻrinda bir fikrni aytish joizki, qanday qilib insonlar har doim ogʻzidan faqat nafrat, gʻiybat, boʻhton va shu kabi fitna va insonlar orasida urush-janjallarga sababchi boʻlib turgan ishlarni qilishadi-yu, boshqa insonlar esa ularga ishonaverishadi, nega bu kabi qabix insonlarni tinglamang, eshitmang, deyilsa ham ayrim insonlar ergashaverdi?

Alloh taolo “Oli Imron” surasining 7-8-oyatlarida shunday marhamat qilgan:

“U senga kitobni tushirgan Zotdir. Unda muhkam oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih (oyat)lar ham bor. Qalblarida hidoyatdan ogʻish borlar fitna maqsadida va uni taʼvil qilish maqsadida undan mutashobih boʻlganiga ergashadi. Uning taʼvilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit boʻlganlar esa, unga iymon keltirdik, barchasi Rabbimiz huzuridandir, derlar. Va faqat aql egalarigina eslaydilar. Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan soʻng qalblarimizni ogʻdirmagin va bizga Oʻz huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta Sening Oʻzing koʻplab ato qiluvchisan”.

Bu, oyatdagi (Muhkam) soʻzi mahkam, ochiq-oydin, boshqa yoqqa burib boʻlmaydigan, degan maʼnoni anglatadi. (Mushtaboh) soʻzi esa, oʻxshash, birini biridan ajratish qiyin, bir necha maʼnolarni anglatadigan, degan maʼnolarni bildiradi. Qurʼoni Karim oyatlari ham muhkam va mutashobihga boʻlinadi, bӯlarni tepada aytib ӯtdik.

Sulaymon ibn Yassordan rivoyat qilinadi: “Sabigʻ ismli bir kishi Madinaga kelib, Qurʼonning mutashobih oyatlaridan soʻray boshladi. Umar roziyallohu anhu unga odam yubordilar va xurmo barglaridan tayyorlangan bir kaltakni tayyorlab qoʻydilar. (Kelganidan soʻng unga) “Sen kimsan?”, dedilar. U: “Men Allohning quli Sabigʻman” deb javob berdi. Shunda Umar haligi kaltaklardan birini olib: “Men esa Allohning quli Umarman”, deb, uni savalay ketdilar. Kaltak zarbidan hatto uning boshi qonab ketdi. Shunda u: “Yetarli boʻldi, ey amirul-muʼminiyn! Boʻldi, boshimni qiynayotgan darddan qutuldim”, dedi. Dorimiy rivoyat qilgan.

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Fitnalardan oldin islomda oʻlmoq qandoq ham yaxshi”, dedi. Abu Nuʼaym ibn Hammod “Fitan” kitobida rivoyat qilgan.

Aslida inson umrini uzun boʻlgani yaxshi. Chunki uzun umr koʻrishi uni koʻproq savoblar jamgʻarishiga sabab boʻladi. Hadislarda inson oʻziga-oʻzi oʻlim tilashidan qaytarilgan. Ammo umrini buzgʻunchilikka, maʼsiyatlaru fitna-fasodga sarflagan kishining vafoti hayotidan yaxshi boʻlarkan. Chunki shunda fitnalarga aralashib, katta gʻunohlarni qilib qoʻyishdan salomat boʻladi. Sahobalar fitnalar haqida vorid boʻlgan hadislarni oʻz quloqlari bilan eshitganlar. Ularning odatlari eshitganlariga amal qilmagunlaricha boshqasiga oʻtmaganlar. Abu Dardo roziyallohu anhu ham mana shu narsani his qilganlar. Fitna va fitnachini yomonligidan unga aralishib qolishdan koʻra, oʻlimni ustun koʻrmoqdalar.

Dunyoda eng baxtli kishi kim? Savol juda ham qiziq. Koʻpchilikning hayoliga yoqtirgan narsalari huzurida mujassam boʻlishi degan javob keladi. Har kim bu savolga oʻzicha javob beradi. Kimdir baxtni mol-dunyoda desa, yana kimdir bola-chaqa yana kimlardir oila qurishda deb biladi.

Voqelikda esa yuqoridagi narsalarga ega boʻlgan kishilarning hayoti tom maʼnoda baxtli oʻtayotganiga guvoh boʻlmaymiz. Yuqoridagi narsalarga ega boʻlmay ham baxtiyor yashab oʻtgan insonlar juda koʻp. Kimningdir hayoti kambagʻallikda oʻtishi u uchun baxt hisoblanadi. Ha, demak baxt insonni yomon, nohush holatlarni keltirib chiqaradigan narsalardan xoli hayot kechirishi haqiqiy baxt hisoblanar ekan. Toʻgʻri, bu narsalar ham baxtga olib boradigan sabablardir. Ammo haqiqiy baxt kishining fitna, turli fitna-fasod ishlarga aralashib qolmay dunyodan salomat oʻtishi ekan.

Abdulatif Madaminzoda

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .