HASAD – INSON SOGʻLIGIGA ZARAR YETKAZADI
Muallif: . .
Sana: 31.01.2023
481

Agar hech kimga hasad qilmasang, senga saodatning yarmi meros boʻladi. Agar oʻzingdan boshqaga yaxshilikni istaydigan boʻlsang, baxt-saodatning barchasi senga meros boʻladi.

Donishmandlar hasad qiluvchini ogohlantirib quyidagilarni aytganlar:
-Hasad savob ishlarni yoʻqqa chiqaradi.

-Hasad gunoh ishlarga boshlaydi.

-Hasad birovga zulm qilishga boshlaydi.

-Hasad yuzi qarolikni keltirib chiqaradi.

-Hasadi bor kishining duo-ibodati qabul boʻlmaydi.

-Hasad egasini foydasiz va oqibati yoʻq gʻam-tashvish, qiyinchiliklarga soladi.

-Hasad inson qalbidan rahmni chiqarib tashlaydi.

Dunyoning avvalida shayton insonga hasad qildi. Iblis hasad tufayli Alloh taologa gunohkor, osiy boʻldi va Alloh taoloning dargohidan laʼnatlangan holda quvildi.

Rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Odam alayhissalomning oʻgʻilari Qobil bilan Hobilga qurbonlik qilishlikni buyurdi. Hobil oʻz qoʻylaridan eng chiroylisini qurbonlikka tanlab, qurbonlik qildi. Qobil dehqonchiligidagi eng yomon mahsulotni qurbonlikka atadi. Odam alayhissalom duo qildilar, osmondan olov tushib, Hobilning qurbonligi qabul boʻldi. Va Hobilning qurbonligi qabul boʻlishi bilan Qobulning Hobulga nisbatan hasadini yuzaga keltirdi. Qobul hasaddan tiyilmadi, u oxir-oqibatda jinoyatga qoʻl urdi. Yer yuzida eng avval inson qoni hasad tufayli toʻkildi.

Yusuf alayhissalomning koʻrgan tushlari sabab akalari hasad qildilar. Va Yusuf alayhissalomni quduqqa tashlab, uni boʻri yedi, deb zulm qilishdi. Yusuf alayhissalom akalarining hasadi sababli qilgan zulmlariga sabr qildilar. Va oxir-oqibat sabr tufayli Yusuf alayhissalomning yuzlari yorugʻ boʻldi, hasad qilgan akalari esa hasadlari tufayli yuzlari qaro boʻldi.

Abu Lays Samarqandiy aytadilar:

“Uch kishining duosi qabul boʻlmaydi. Ular luqmasi nopok, gʻiybatchi va hasadchi kishilardir”.
Donishmandlardan biri aytadi: “Hasad qiluvchi odamdan baxtsiz kishi yoʻq, chunki unga har doim gʻam-qaygʻu hamroh boʻladi”.

Donishmandlardan biri: “Hasad qilishdan saqlan, shunda qalbing pok yuradi”, dedilar.
Hasad insonga xorlik keltiradi. Hasad qiluvchi kishining sogʻligiga zarar beradi.
Luqmoni Hakim oʻz farzandlariga nasihat qilib shunday deydi:

“Oʻgʻlim, hech qachon birovga hasad qilma, hasad hasadchining sogʻligiga kelgan ofatdir”.

Hasadni amal bilan davolash quyidagicha:

Bunda hasad dardiga mubtalo boʻlgan shaxs hasadi unga qaysi amalni buyuradigan boʻlsa, oʻshaning aksini qilishi lozim boʻladi. Misol uchun unga dushmanini yomonlashni amr qilmoqda, u uni maqtashga oʻtsin. Hasadi unga mutakabbirlik qilishni tavsiya qilmoqda, u unga tavozuʼ koʻrsatsin.

Alloh taolo barchamizni hidoyat yoʻlidan adashtirmasin. Insonlarga yaxshilik va mehr ulashadigan shaxslardan boʻlishimizga muvaffaq qilsin.

Manba muslim.uz

. .