ROSULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING QABRLARINI ZIYORAT QILISH TO’G’RISIDA
Muallif: . .
Sana: 01.02.2023
644

So’ngi yillarda yurtimiz musulmonlariga haj va umra ziyoratlarini qilish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Umra va haj amallarini bajarish asnosida hojilar Rosululloh sollallohu alayhi vasallam istiqomat qilgan Makka va Madina shaharlariga tashrif qiladilar. Shu bilan bir qatorda, U zot sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish hamda o’zlarining va bizlarning salomlarimizni yetkazish baxtiga ham musharraf bo’lmoqdalar.

Ammo insonni ko’nglini xira qiladigan ishlardan biri shuki, ayrim bemazhab kimsalar tomonidan Rosulullohning qabrlari ziyorati uchun safar qilish shirk amal,U zotning qabri ziyorati uchun yo’lga otlanish shar’an harom bo’ladi, degan gaplar eshitilib qoladi. Bu kabi gaplar esa ziyoratchilarning qalbiga shubha tug’diradi, jamiyatda fitnani qo’zg’aydi. Agar ziyoratni qilib bo’lgan bo’lsa, shuncha ixlos-muhabbat bilan qilgan ziyoratimiz nima bo’ldi, deb o’ylaydi. Agar endi qilmoqchi bo’lsa, rostdan ham ziyorat qilsak bo’larmikan, degan ikkilanish bilan ziyoratga boradi. Bu kabi gumonlar esa qilingan ibodatning savobiga putur yetkazadi.

Aslini olganda, bu kabi gap-so’zlar endi gapirilayotgani yo’q. Bemazhablik targ’ibotchilari o’zlarining bu gaplarini bundan yetti, sakkiz asr avval yashab o’tgan Ibn Qoyyum Javziy (r.a.) (1292-1350) hamda u kishining ustozi Ibn Taymiya (r.a.)dan (1263-1328) olganlar hamda o’sha paytdayoq bu kabi gaplar jiddiy qarshilikka uchragan, ulamolar tomonidan javoblar berilgan.

Ibn Taymiya Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish maqsadiqa safarga chiqishning harom ekaniga quyidagi dalilni keltiradi. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uchta masjiddan boshqa joyga alohida tayyorgarlik bilan, ko’ch bog’lanib safarga chiqilmaydi, (u ham bo’lsa) mening mana bu masjdim (Masjidi Nabaviy), Masjidi Harom va Masjidi Aqso” dedilar”. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Ibn Taymiyya aytadiki: “Ushbu hadisga binoan uchta masjiddan boshqa joyga safarga chiqish mumkin emas ekan, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlariga ham ziyorat maqsadida safarga chiqish joiz bo’lmaydi”.

Ibn Taymiya r.a. o’zining bu gaplari bilan o’z vaqtidagi hamda o’zidan muqaddam bo’lgan barcha islom ulamolarining ijmosiga xilof qilgan. Zero, shu vaqtgacha olimlar barcha qabrlarni ziyorat qilish, shuningdek, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish savob olinadigan mustahab amaldir, deganlar. Anas ibn Molik r.a.dan rivoyat qilingan hadisda U zot sollollohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar”, deganlar. Imom Muslim rivoyati. Ushbu hadis umumiy bo’lib, barcha musulmonlarning, xususan, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlarini ziyorat qilish joiz ekanini o’z ichiga oladi. Shuningdek, hadisda safarga chiqib ziyorat qilish yoki safarga chiqmay ziyorat qilish haqida gap-so’z yo’q. Shunday ekan, U zotning qabrini safarga chiqib ziyorat qilsa ham bo’ladi, safar qilmay ziyorat qilsa ham bo’ladi hamda hadisda “ziyorat qilinglar” degan buyruq ushbu amalning mustahab ekanini ifodalaydi.

TO’XTASINOV RO’ZIMUHAMMAD

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .