
Bugun, 23-fevral kuni Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida seminari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Uygʻun Gʻofurov hamda idora Taʼlim va kadrlar tayyorlash boʻlimi mudiri Salohiddin Sherxonovlar qatnashishdi.
Seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga qilgan murojaatida sohaga doir taʼkidlangan vazifalari alohida muhokama qilindi. Shuningdek, “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da bilim yurtlarida taʼlim sifatini yanada oshirish, 1-semestr yakunlari, talaba va pedagog-oʻqituvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar sarhisob qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari”, “Yot gʻoyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, adashgan oqimlarga raddiya berish koʻnikmalari va uslublari” kabi maxsus kurs darslarini oʻqitish natijalari, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Soʻngra taʼlim muassasalari rahbarlarining taklif va fikr-mulohazalari tinglandi hamda tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida taʼlim muassasalari rahbarlari “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan yotoqxona binosi, oshxona, yopiq sport zali hamda pedagog-oʻqituvchilar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar seminar yuqori saviyada tashkil etilganini alohida taʼkidlab Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyat vakilligi va “Sayyid Muhyiddin maxdum” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi masʼullariga minnatdorchilik bildirdilar.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Manba muslim.uz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
