ZAMZAM BULOG’INING MO’JIZAKOR SUVI
Muallif: . .
Sana: 22.02.2023
1705

Barcha mo’min-musulmonlar uchun muborak bo’lgan Makka shahrida, Masjidul Haromda Baytullohdan 18 metr atrofdagi uzoqlikda muborak Zamzam bulog’i joylashgan. Necha asrlar yillar osha haj yoki umra uchun kelgan ziyoratchilar u muborak suvdan ichib chanqog’ini qondiradilar va uning ko’plab mo’jizkaroliklariga guvoh bo’ladilar. Zamzam suvi tarixini barcha musulmonlar juda yaxshi bilganlari uchun, bu haqida qisqacha to’xtalib o’tish bilan kifoyalanamiz. Zamzam suvining paydo bo’lish tarixi Alloh taoloning ikki payg’ambari – Ibrohim alayhissalom va Ismoil alayhissalom hayotlari bilan bog’liqdir. Ma’lumki Ibrohim alayhissalom Alloh taoloning amri bilan ayoli Hojar onamiz va o’g’illari Ismoil alayhissalomlarni hozirgi Baytullohning o’rniga tashlab ketadilar. Shu tariqa suv yo’q, kimsasiz, biror narsa ham unmaydigan joyda Alloh taoloning cheksiz marhamati bir ojiza ayolning qilgan iltijolari sabab suv chiqib obod bir maskanga aylandi. Suv borligidan xabar topgan qabilalar bir ketin kelib u joyni maskan tutib yashay boshladilar. Keyinchalik yillar o’tib Jurhum qabilasi Alloh taologa gunoh va Allohning Baytiga qilgan xurmatsizliklari uchun Zamzam suvi quridi va quduqning o’zi ko’milib ketti.

Zamonlar o’tib, avlodlar birin-ketin kelib kettilar. Bir kuni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmutallib Kabai muazzamaning yonida uxlab yotganlarida bir ajib tush ko’radilar. Tushlarida g’oyibdan bir kishi “Zamzamni kavla” deb nido qiladi va uni qayerdan qazish kerak ekanligini aytadi.

Abdulmuttalib uyqusidan uyg’onib tushida aytilgan joyni borib qazib Zamzam suvini chiqaradi. Abdulmuttalib suvni ko’rganida “Allohu akbar!” deb takbir aytadi. Quraysh xalqi xursand bo’lib, hammalari Zamzam suvidan ichib, barakasidan bahramand bo’ldilar. Ular o’zlariga izzat va karomat qaytib kelganidan mamnun edilar. Chunki Zamzam Ibrohim va Ismoil alayhimussalom hamda Hojar onamizga tegishli narsa bo’lib, bu zotlar arablarning faxri edi. Shunday qilib Alloh taolo O’zining marhmati bilan, suyukli Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bobolarini sababchi qilib, u muborak suvni qaytib bandlariga tortiq etdi.

Asrlar davomida Zamzam qudug’ida bir necha bor o’zgarishlar bo’ldi. Ulardan ba’zilarini eslab o’tamiz.

Xalifa Horun ar-Rashid davrida quduq bir necha arshin chuqurroq qazildi. Xalifa Amiyning davrida esa uning chuqurligi qirq arshinga yetdi.

Abbosiy xalifalik davrida Zamzam suvi quduqdan tortib olinib, usti ochiq hovuzlarga quyilar va odamlar suvni ulardan olishar edi. Keyinchlik suv saqlanadigan omborlarga jo’mraklar qo’yildi. Zamzamchilar meshkoblarda odamlarga suv tarqatadigan bo’lishdi.

Saudiylar davriga kelib ko’pgina ishlar qilindi va qilinmoqda. Hijriy 1377-yilda tavof qiluvchilarga qulaylik tug’dirish maqsadida Zamzam suvi yer ostiga olindi. Uning ustidan ham tavof qilish yo’lga qo’yildi.

Hijriy 1383-sanadan boshlab, Zamzam suvini maxsus uskunalarda tortib olish yo’lga qo’yildi. Hozirda Harami Sharifning o’zida yeti yuz o’ttiz uchta jo’mrakdan suv ichish mumkin. Buning ustiga, sakkiz mingta maxsus suv saqlanadigan katta termoslar ham doimiy ravishda zamzam bilan to’ldirib turiladi. Harami sharifdan uzoqroq joylarga Zamzamni idishlarda olib ketish uchun markazlar qilingan. Ulardan millionlab Haj va Umra qiluvchilar olib ketishadi. Suv tashish mashinlarida tinmay, Madinai munavvaraga va Saudiyaning boshqa shaharlariga Zamzam tashiladi. Shunchalar ko’p ishlatilishiga qaramay, kichkina bir quduqning suvi hech kamaymasligining o’zi katta mo’jizadir.

عن جابر رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: 《 ماء زمزم لما شرب له》رواه ابن ماجه وأحمد وابنحبان و صححه

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir”, dedilar”.

Ibn Moja, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilishgan. Ibn Hibbon sahih degan.

Ya’ni Zamzamni kim nima niyatda ichsa, o’sha niyatiga yetishadi.

Imom Doraqutniy va Hokim keltirgan rivoyatda quydagilar aytiladi:

“Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir. Uni shifo talabida ichsang, Alloh senga shifo beradi. Uni panoh talabida ichsang, Alloh senga panoh beradi. Agar uni chanqog’ingni kesish uchun ichsang, Alloh chanqog’ingni kesadi. Agar uni to’yish uchun ichsang, Alloh seni to’ydiradi. U Jabroilning ishorasidir. U Ismoilning ichimligidir.”.

Zamzam suviga oid mo’jizalarning soni yo’q, sanog’i yo’q, haddi yo’q, hisobi yo’q. Ushbu ilohiy mo’jiza bo’lgan muborak suvga yaqindan aloqasi bo’lgan har bir mo’min bandaga oid mo’jiza mavjud desak, mubolag’a qilmagan bo’lamiz. Hech bo’lmasa, biror bir qissani eshitgan bo’ladi. Hayotlarida bo’lgan ana shunday mo’jizaviy qissalardan birini marhum fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh shunday hikoya qilganlar:

“Bolalik chog’imda, maktabda o’qib yurgan davrimda, milodiy 1968-yilda bo’lsa kerak, qiblagohimiz rahmatullohi alayh hajga borish sharafiga muyassar bo’ldilar. O’sha paytda Sovet ittifoqi degan davlat bor edi. Undan siyosat uchun o’n ikki, yigirma atrofida odam hajga borar edi. Ularning ichida davlatning ham odami bo’lar edi. O’zbekistondan boshqalarga nisbatan ko’proq odam borar edi. To’rttami, beshtami va hokazo. Bu bizning padari buzrukvorimizga ham nasib bo’lgan edi. Hajga borganlar olib keladigan eng tabarruk narsa Zamzam suvi bo’lardi. Suv oz, ziyoratchi ko’p bo’lar edi. Ozgina Zamzamga ko’pgina oddiy suv qo’shilar va ziyoratga kelganlarga bir ho’plamdan berilar edi.

Bizning oilamizda ham otamizning haj safaridan kelishlariga tayorgarlik ko’rish jarayonida ko’plab pensillin dorisidan bo’shagan o’ta kichik shishachalarni jamlagan edik. Zamzam aralash suvdan bir ho’plamcha quyilgan mazkur shishachalar ziyoratga kelganlarga uylariga olib borishlari uchun bittadan berilar edi. Bizga o’sha ishni yo’lga qo’yish xizmati topshirilgan edi.

Xo’jabod tomondan bir jamoa ziyoratchilar keldi. Ularning rahbari Munavvarxon aka degan ibodatli va muxlis odam edi. Ular qaytishayotganda hammalariga bir donadan penisillin shishachada qorishma suvdan berildi. Shunda Munavvarxon aka: “Hoji domla, menga Zamzamdan bermadingiz-ku?”, dedi. Otamiz: “Siz ertalab kelganinggizda oldingiz-ku?” dedilar. Shunda Munavvarxon aka quyidagilarni aytdi:

“To’g’ri! Ertalab siz bergan Zamzami sharifni oldim. Uyga borib, kelinimni chaqirdim. Ayozimxon! Qizim, tezda tahorat qilib keeling! Buloqboshiga imom-domlamizni hajdan kelganlari uchun ziyoratlariga borgan edik. U kishi manavi Zamzamni berdilar. Payg’ambarimiz Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir”, degan ekanlar. “Siz ham ixlos qilib shu muborak suvni iching, ajab emas, Alloh taolo shifo berib, tuzalib ketsangiz”, dedim. Kelinim duduqlanib gapirar edi. Shifo topishidan umidimiz uzilgan edi. Kelin tahorat qilib kelib, ixlos bilan Zamzamni ichdi. Alloh taoloning qudrati bilan ravon gapirib ketsa deng”, dedida, Munavvarxon aka ho’ngrab yig’lab yubordi.

Allohu akbar!!! Allohu akbar!!! Allohu akbar!!! Ushbu Muvarrxon akaning kelini Ayozimxonni davolshda tabobat ojiz qolgan edi. Uning eng buyuk Tabib O’zining ilohiy shifoxonasida davoladi. Bu shifoxona haqida U ZotningRasuli Mustafo sollallohu alayhi vasallam xabar berib: “Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir”, dedilar”.

Alloh taolo barchalarimizga muborak Zamzam suvidan qayta-qayta to’yib ichishni va maqsadlarimizga yetishishni Musharraf qilsin!

Qosimov Ubaydulloh
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi

. .