OʻZBEKISTONNING DINIY-MAʼRIFIY SOHADAGI ISLOHOTLARI MISR AXBOROT AGENTLIKLARI NIGOHIDA
Muallif: . .
Sana: 24.02.2023
427

Misrning “Sawt Al Shaab”, “Misr al Balad” va “Al-Xabar al-Yaum” axborot agentliklari “Oʻzbekiston: buyuk ishlarga yangi ufqlar ochgan maʼrifiy tashabbus” sarlavhali maqolani oʻz oʻquvchilarining eʼtiboriga havola qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Unda Islom oʻzining diniy qadriyatlari va maʼrifiy madaniyati bilan insonni beshikdan qabrgacha boʻlgan hayot yoʻliga yetaklashi va toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishi, bu esa Islomning din va eʼtiqod sifatidagi maqbul maʼnaviy qadriyatlari bilan oʻzining turli ilmiy, madaniy va iqtisodiy unsurlari orqali uzviy bogʻliqlikda namoyon etishi hamda tabiiy ravishda jamiyat taraqqiyoti, farovonligi va taraqqiyotiga olib kelishi, shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston ushbu mujassamlik negizlariga asoslangan mustaqil taraqqiyot modeliga ega ekanligi qayd etilgan.


“Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy faoliyatni tubdan takomillashtirish boʻyicha alohida tartib-qoidalar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu sohadagi bir qator ulkan tashabbuslarni yoʻlga qoʻyish va hayotga tatbiq etishda yangi ufqlarni ochishda hal qiluvchi taʼsirini koʻrsatdi, deb yozadi Misar axborot agentliklari. Mazkur qarorga muvofiq, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida Din va ijtimoiy masalalarni oʻrganish va tushuntirish axborot-tahlil markazi tashkil etilgan boʻlsa, Hadis maktabi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xayriya jamgʻarmasi, bundan tashqari, dunyoning koʻplab mutafakkirlari va islom fanlari tadqiqotchilarining eʼtiborini tortgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Bu choralar jahondagi koʻplab akademik muassasalarni Oʻzbekiston bilan ilmiy koʻprik va bilim sohasida hamkorlik qilishga undamoqda”.


Maqolada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalariga xalqaro fanlar, Qurʼoni karim ilmlari, Paygʻambar alayhissalomning muborak hadislari, iymon va tasavvuf masalalari, arab tili, uning adabiyoti va madaniyati, shuningdek, siyosatshunoslik va insoniyat sivilizatsiyalarini oʻrganish boʻyicha keng bilim berilayotgani maʼlum qilingan.
Akademiyaning noyob qoʻlyozmalar va eski tarixiy kitoblar bilan toʻldirilgan kutubxonasi doimiy ravishda fuqarolar koʻmagida muhim qoʻlyozmalar bilan taʼminlanib, boyitib borilayotgani, hozirgi paytda kutubxonada minglab qadimiy kitoblar qatorida 500ga yaqin nodir qoʻlyozma va 1500 qadimgi tarixiy kitob mavjudligi qalamga olingan.


Maqolada keyingi yillarda ulamolar, taniqli olimlar delegatsiyalarining mamlakatimizga tashriflari, shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyalarining xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etish uchun xorijga tashriflari soni sezilarli darajada oshgani ham alohida qayd etilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Manba muslim.uz

. .