
Bizlarni behudaga yaratmagan, har birimizdan birma bir Oʻzi hisob kitob qiluvchi, agar Oʻzi fazl qilmasa biror jonzot najot topmaydigan Parvardigori olamga beadad hamdu sanolar boʻlsin. Har kuni va har kecha oʻz ummatlari uchun gʻam va qaygʻu chekkan, ertayu kech ummatlarini duo qilgan, erta qiyomatda ham hamma moʻmin-musulmonlarni shafoat qiladigan Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga cheksiz durudu salovotlar boʻlsin.
Dunyodagi biror bir ish Parvardigorning xohishisiz amalga oshmaydi. Alloh taolo nimani iroda qilsa mana shu ish albatta amalga oshadi. Chunki U barcha olamlarning Robbisidir. Bizlarning ishlarimiz hammasi xoh u uxroviy boʻlsin, xoh u dunyoviy boʻlsin barcha-barchasi Yaratuvchimizning izniga bogʻliq. Demak, mana shunga iymon keltirgan boʻlsak, biz tamoman Xudoi taologa muhtojmiz. Har bir ishimizni xoh unga kuchimiz, aqlimiz yetsin-yetmasin Alloh haq subhanahu va taolodan soʻrashimiz lozim. Allohning ham buyrugʻi shu:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُواْ لِي وَلْيُؤْمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
“Ey Rasulim! Bandalarim sendan Meni soʻrasalar, Men ularga yaqindurman. (deb ayt) Menga duo qilsalar, iltijo qiluvchilarning duolarini ijobat qilgaydurman. Axir, ular ham Mening buyruqlarimni ijobat qilsinlar va Menga haqiqiy iymon keltirsinlar, shoyad toʻgʻri yoʻlda yurgaylar”[1]
Musulmon kishi duosiz yurmasligi kerak. Har bir ishida, hayotidagi vaziyatlarda, qolaversa oʻzining xulqining oʻzgarishiga va oxiratining obod boʻlishligiga, yon atrofidagilarning haqqiga doimo iltijo qilib Xudodan soʻrashi kerak. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. dedilar:
عن علي رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : “ الدُّعَاءُ سِلاحُ الْمُؤْمِنِ ، وَعِمَادُ الدِّينِ ، وَنُورُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ”
“Duo moʻminning quroli, dining ustuni va yeru osmonlarning nuridir”
عَنْ سَعْدٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ “ اللَّهُمَّ اسْتَجِبْ لِسَعْدٍ إِذَا دَعَاكَ ”.
“Allohim, Saʼd Senga qachon duo qilsa, duosini qabul aylagin!”
HIKOYAT: Bir kuni Saʼd ibn Abi Vaqqos r.a. koʻrdilarkim bir kishi hazrati Ali k.v., Talha va Zubayr ibn Avvomni ogʻzini toʻldirib soʻkayapti. Saʼd r.a. uni bu ishdan qaytardilar, lekin u qaytmadi. Shunda Saʼd ibn Abi Vaqqos dedilar: “Jim boʻl, boʻlmasa, seni duoibad qilaman”, dedilar. “Eh, nima sen oʻzingni paygʻambardek tutib, meni qoʻrqitmoqchimisan!”, dedi oʻsha kimsa.
Saʼd ibn Abi Vaqqos borib, tahorat qildilar. Ikki rakaat namoz oʻqib, “Allohim, mana shu odam Sening yaxshi koʻrgan bandalaringni soʻkkanini bilgan boʻlsang va uni soʻkkani Seni gʻazabingni qoʻzigan boʻlsa, uni bir belgi va ibrat qilgin!”, deb duo qildilar. Ozgina vaqt oʻtmay turib, bir toʻdadan tuya qochib chiqdi. Uni hech kim toʻxtata olmadi. U tuya odamlar ichiga kirib, xuddi bir narsani qidirayotgandek u yoqqa bu yoqqa borib, haligi kishini topdi. Soʻngra uni oyoqlari ostiga olib oʻlgunicha tepaladi.
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ قَالَ سَمِعْتُ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- يَقُولُ “ الدُّعَاءُ هُوَ الْعِبَادَةُ ”. ثُمَّ قَرَأَ (وَقَالَ رَبُّكُمُ ادْعُونِى أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِى سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ)
“Duo ibodatdir” dedilar “Va Robbingiz: “Menga duo qilinglar, sizni ijobat qilurman. Albatta, ibodatimdan takabburlik qiladiganlar tezda jahannamga boʻyin eggan hollarida kirurlar”[2] oyatini qiroat qildilar.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- “ مَنْ لَمْ يَدْعُ اللَّهَ سُبْحَانَهُ غَضِبَ عَلَيْهِ ”.
“Allohga duo qilmaydigan insonga Xudo gʻazab qiladi”
Ushbu oyatu hadislarda bizga shu narsa maʼlum boʻldiki, duo qilish bu ibodat ekan, har bir tamoman hayotimizda duosiz yurmasligimiz lozim ekan. Chunki Qurʼoni karimda Alloh taolo duo qilib iltijo qiluvchi bandalarini maqtaydi:
وَمِنْهُمْ مَنْ يَقُولُ رَبَّنَا آَتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الْآَخِرَةِ حَسَنَةً وَقِنَا عَذَابَ النَّارِ أُولَئِكَ لَهُمْ نَصِيبٌ مِمَّا كَسَبُوا وَاللَّهُ سَرِيعُ الْحِسَابِ
“Yana shundaylarki ham borki ular: “Ey Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshiliklarni ato aylagin, oxiratda ham yaxshiliklarni ato etgin va bizni doʻzax azobidan asragin”. Aynan oʻshanday deganlarga qilgan ishlarida savob bor. Alloh taolo tez hisob qiluvchi Zotdir”[3]
عَنْ أَبِي هُرَيْرَة أَنَّ رَسُول اللَّه صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ " لِكُلِّ نَبِيّ دَعْوَة مُسْتَجَابَة , فَتَعَجَّلَ كُلّ نَبِيّ دَعْوَته , وَإِنِّي اِخْتَبَأْت دَعْوَتِي شَفَاعَة لِأُمَّتِي يَوْم الْقِيَامَة فَهِيَ نَائِلَة إِنْ شَاءَ اللَّه مَنْ مَاتَ مِنْ أُمَّتِي لَا يُشْرِك بِاَللَّهِ شَيْئًا "
“Har bir paygʻambarning ijobat boʻladigan bir duosi bor. Paygʻambarlarning hammasi bu duolarini shoshilib shu dunyoning oʻzida aytib boʻldilar. Men esa, bu duoimni qiyomatda ummatimning shafoati uchun saqlab qoldim. Bu ijobati aniq boʻlgan duoga, yaʼni shafoatga faqatgina Alloh taologa shirk keltirmagan ummatim muyassar boʻladi”.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ - صلى الله عليه وسلم - قَالَ « يُسْتَجَابُ لأَحَدِكُمْ مَا لَمْ يَعْجَلْ يَقُولُ دَعَوْتُ فَلَمْ يُسْتَجَبْ لِى » .
“Sizlardan biringiz oshiqmasa, yaʼni duo qildim-u, ijobat boʻlmayapti, demasa, duosi ijobat qilinadi”
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- “ الدُّعَاءُ لاَ يُرَدُّ بَيْنَ الأَذَانِ وَالإِقَامَةِ ”. قَالُوا فَمَاذَا نَقُولُ يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ “ سَلُوا اللَّهَ الْعَافِيَةَ فِى الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ ”.
“Azon va takbir orasida duo qaytarilmaydi”. Yo Rasululloh nima deb duo qilaylik? “Alloh taolodan dunyou oxiratda salomatlik soʻranglar”.
عن أنس أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- الدعاء الذي لا يرد ما بين المغرب والعشاء
“Shom bilan xufton orasida duo rad qilinmaydi”.
وَقَالَ الشَّافِعِيُّ : بَلَغَنَا أَنَّ الدُّعَاءَ يُسْتَجَابُ فِي خَمْسِ لَيَالٍ : فِي لَيْلَةِ الْجُمُعَةِ ، وَلَيْلَةِ الْأَضْحَى ، وَلَيْلَةِ الْفِطْرِ ، وَأَوَّلُ لَيْلَةٍ مِنْ رَجَبٍ ، وَلَيْلَةُ النِّصْفِ مِنْ شَعْبَانَ .
Imom Shofeʼiy aytadilar: “Bizga bir xabar yetib keldikim – 5 kechada duolar ijobat boʻlarkan. Bular juma kechasi, Rajab oyining avvalgi kechasi, Shaʼbon oyining 15-kechasi, Ramazon hayitining va qurbonlik kechasi hayitining kechasi”.
عن علي ، قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : “ الدعاء محجوب عن الله حتى يصلى على محمد ، وعلى آل محمد ”
“Toinki Muhammadga va Muhammadning oilasiga salovot yubormagunlaringizcha duolaringiz Allohdan toʻsilib turaveradi”
Va Luqmoni Hakimning shunday nasihatlari bor:
عن لقمان ، أنه قال : “ يا بني جالس الصالحين من عباد الله ، فإنك ستصيب بمجالستهم خيرا ، ولعله أن يكون في آخر ذلك أن تنزل الرحمة عليهم وأنت فيهم فتصيبك معهم ”
“Ey oʻgʻlim, Allohning solih bandalari bilan birga oʻtir, chunki ularning majlislarida yaxshilik bor. Shoyadki oʻsha yaxshilik tufayli ularning ustlariga rahmat yogʻilganda, sen ham oʻsha rahmatdan bahramand boʻlsang”
Avliyolarni ziyorat qilish:
أَحْمَدَ بْنَ حَنْبَلٍ سَمِعْت سُفْيَانَ بْنَ عُيَيْنَةَ يَقُولُ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ –صلى الله عليه وسلم- : تَنْزِلُ الرَّحْمَةُ عِنْدَ ذِكْرِ الصَّالِحِينَ
“Solih kishilarni eslaganda Allohnig rahmati nozil boʻladi”
عَنْ حُذَيْفَةَ بْنِ الْيَمَانِ عَنِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « وَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَتَأْمُرُنَّ بِالْمَعْرُوفِ وَلَتَنْهَوُنَّ عَنِ الْمُنْكَرِ أَوْ لَيُوشِكَنَّ اللَّهُ أَنْ يَبْعَثَ عَلَيْكُمْ عِقَابًا مِنْهُ ثُمَّ تَدْعُونَهُ فَلاَ يُسْتَجَابُ لَكُمْ ».
“Mening jonim qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytaringlar, agar qilmasangizlar, Alloh taolo huzuridagi azoblarni yubormoqligi aniq boʻladi. keyin Allohga duo qilsangizlar ham duolaringizni ijobat qilmaydi”
Imom Aʼzam aytganlaridek: “Mazlumning duosi ijobat – deyilgan, biroq men shunday mazlumni bilamanki, uning duosi ijobat boʻlmaydi, u ham boʻlsa, qarz berganda Alloh taoloning farmoniga quloq solmasdan qarz bergan, endi boʻlsa qarz ololmay mazlum boʻlib yuribdi”
عَلَى أَبِى هُرَيْرَةَ وَأَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ أَنَّهُمَا شَهِدَا عَلَى النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- أَنَّهُ قَالَ « لاَ يَقْعُدُ قَوْمٌ يَذْكُرُونَ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ إِلاَّ حَفَّتْهُمُ الْمَلاَئِكَةُ وَغَشِيَتْهُمُ الرَّحْمَةُ وَنَزَلَتْ عَلَيْهِمُ السَّكِينَةُ وَذَكَرَهُمُ اللَّهُ فِيمَنْ عِنْدَهُ ».
“Bir qavm oʻtirib Allohni zikr qilsa, ularni farishtalar oʻrab olishadi va rahmat qoplaydi. Ustilariga xotirjamlik tushadi. Alloh ularni Oʻzining huzuridagilar, yaʼni farishtalar bilan eslaydi”
عن أنس قال: قال رسول اللّه - صلى الله عليه وسلم - إن اللّه- عز وجل- لينادي يوم القيامة: أين جيراني، أين جيراني؟ قال: فتقول الملائكة: ربنا، ومن ينبغي أن يجاورك؟ فيقول: أين عُماَّر المساجد؟ " .
“Alloh taolo qiyomat kunida nido qilib deydi: Mening qoʻshnilarim qayerda? Shunda farishtalar: Yo Robbim, Senda ham qoʻshni boʻlishi mumkinmi?” deganlarida. Xudoi taolo: “Masjidlarni taʼmirlovchila va bino qiluvchilar mening qoʻshnilarimdir” deydi.
Zarnigor Hakimova
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
[1] Baqara 186- oyat
[2] Gʻofir surasining 60- oyati
[3] Baqara 201-202
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
