
“G‘azab” so‘zi lug‘atda rozilikning teskarisidir. Aslida, g‘azab shiddat va quvvat ma’nolarini anglatadi. Arablar qattiq xarsangni “g‘azba” deyishadi. G‘azab ham shundan olingan. Zotan, u qattiq jahl chiqishini anglatadi. Ulamolar g‘azab xususida bir-birini to‘ldiruvchi bir necha ta’riflar aytganlar. Jurjoniy “Ta’rifot”da g‘azabni: “U qalbning qoni qaynaganda ko‘ksida hosil bo‘ladigan baxtsizlikdan shifo topadigan o‘zgarishdir”, deb ta’riflagan (167-bet). Imom G‘azzoliy: “G‘azab qalb qonining intiqom talabida g‘alayon qilishidir”, degan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Menga nasihat qiling”, dedi. Shunda ul zot sollallohu alayhi vasallam: “G‘azablanma!”, - dedilar. Shundan so‘ng buni bir necha marta takrorlab: “G‘azablanma!” dedilar” (Buxoriy, Termiziy, Ahmad rivoyatlari).
G‘azab masalasini hammamiz yaxshi bilamiz. Inson qachonki g‘azablanar ekan, o‘z boshqaruvini yo‘qotadi. G‘azablangan inson atrofdagilar bilan muomalada o‘z mezonidan chiqadi.
G‘azablangan kishi insonlar orasida hukm chiqarar ekan, bu hukm ham adolatsiz bo‘ladi.
G‘azablangan kishining muomalasi agar o‘z ayoli bilan bo‘lsa, Allohko‘rsatmasin, taloq bilan va agar o‘z farzandlari bilan bo‘lsa, oq qilish bilan ham yakunlanish ehtimoli bo‘ladi.
Ana shu ehtimoldan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “G‘azablanma!” dedilar va buni bir necha marta qaytardilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “G‘azablanma” degan so‘zlarining ma’nosi “g‘azabingni yuzaga chiqarma deganidir”. Umuman g‘azablanmaslik lozim degani emas. Chunki g‘azab inson fitratida bor bo‘lib, undan qutulishning imkoni yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlari rivoyat qilinadi: “G‘azabdan saqlaning Chunki g‘azab odamzot ichida yonib turgan bir cho‘g‘dir. Sizlardan biringiz g‘azablanganingizda ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqqanini ko‘rmadingizmi? Agar qay biringiz o‘zida g‘azab alomatlarini sezsa, yotib olsin yoki o‘tirib olsin” (Termiziy va Ahmad rivoyatlari).
Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda ushbu voqea sal boshqacharoq shaklda aytiladi. Unga ko‘ra, Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Yo Rasululloh, menga bir ilm o‘rgating, u meni jannatga yaqinlashtirsin va jahannamdan uzoqlashtirsin”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “G‘azablanma, senga jannat bo‘lur”, deb javob berdilar.
Sahl ibn Mu’oz roziyallohu anhudan, u otasidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim g‘azabini unga amal qilishga qodir bo‘lib turib ichiga yutsa, Alloh uni qiyomat kuni xaloyiqning oldida chaqirib, huri iynlardan istaganini tanlash ixtiyorini beradi”, dedilar”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.
G‘azabning zararlari: 1. G‘azab Rohman va Rohiym – Alloh taoloning g‘azabini keltiradi. 2. G‘azab shaytonur-rojiymni rozi qiladi. 3. G‘azab odamlar orasini buzadi. 4. G‘azabdan hasad va fisqu fasod chiqadi. 5. G‘azab aql va dindagi nuqsonning alomatidir. 6. G‘azab ortidan uzr aytish va nadomat keladi. 7. G‘azab ko‘zni ko‘r, quloqni kar qiladi. 8. G‘azab o‘z egasiga odamlar nafratini keltirib chiqaradi.
Alloh taolo barchlarimizga g’azablangan paytimizda nabaviy ko’rsatmlarga amal qlishni nasib qilsin.
Ashurov Azizbek
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
