MUNOFIQLIK ALOMATLARI (1-qism)
Muallif: . .
Sana: 01.03.2023
2407

Alloh taolo Qur’oni Karimda rost so‘zlamaydigan kimsalarga Qiyomat kuni alamli azoblar bo‘lishi qayta-qayta eslatib o‘tgan.

Nahl surasida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Allohga nisbatan yolg‘on to‘qish uchun tillaringiz vasf qilgan yolg‘onni gapirib, “Bu halol, bu harom”, deyavermanglar. Albatta, Allohga nisbatan yolg‘on to‘quvchilar zafar topmaslar. Ozgina matohdir va ularga alamli azob bor”, deyiladi (116-117-oyatlar).

Insonning halol yoki harom haqida hukm chiqarishga hech qanday haqqi yo‘q. Kimki o‘zi haqsiz bo‘lgan narsaga aralashsa:“Bu halol, bu harom”, desa, Alloh taologa nisbatan yolg‘on to‘qigan bo‘ladi. Allohga nisbatan yolg‘on to‘qiganlarga esa“Ozgina matohdir va ularga alamli azob bor”, ya’ni Allohga nisbatan yolg‘on to‘qiganlarga bu dunyoda “ozgina matoh” bor. Ehtimol, o‘sha to‘qigan yolg‘onlari sababli ushbu besh kunlik dunyoning arzimagan foydasiga yetisharlar, ammo u dunyoda ular uchun “alamli azob bor”ligi muqarrardir.

Rasuliakram sollallohu alayhi vasallamning hadislarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Munofiqning belgisi uchta: agar so‘zlasa, yolg‘on so‘zlaydi, va’da qilsa, bajarmaydi va unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi”, dedilar” (to‘rtovlari rivoyat qilishgan).

Demak, yolg‘onchilik munofiqlikning yetakchi sifatidir. Yolg‘on gapirgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan bo‘ladi. Albatta, yolg‘onchi va’dasida turmaydi, ahdiga vafo ham qilmaydi. Oqibatda bunday odam to‘liq munofiq bo‘ladi. Shuni bilishimiz lozimki, munofiqlik kofirlikdan ham yomonroqdir. Munofiqlar – Qur’oni karimning ta’biri bilan aytganda, jahannamning eng to‘ridan joy oladilar.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Bir odam kelib:“Ey Allohning Rasuli! Jannat amali nimadir?” deb so‘radi.

U zot:“Rostgo‘ylikdir. Agar banda rost gapirsa, yaxshilik qiladi, yaxshilik qilsa, mo‘min bo‘ladi, mo‘min bo‘lsa, jannatga kiradi”, dedilar.

“Ey Allohning Rasuli! Do‘zax amali nimadir?” deb so‘radi.

U zot:“Yolg‘onchilikdir. Agar banda yolg‘on gapirsa, fojirlik qiladi, fojirlik qilsa, kofir bo‘ladi, kofir bo‘lsa, do‘zaxga kiradi”, dedilar” (Ahmad rivoyat qilgan).

Demak, bu dunyoyu u dunyoning baxtiga erishmoqchi va ikki dunyoning azob-uqubatidan, sharmandaligidan qutulmoqchi bo‘lsak, yolg‘ondan qutulishimiz zarur ekan. Bu illatdan qutulish uchun katta-yu kichik, erkag-u ayol, fuqaro-yu amaldor, shoh-u gado barobar harakat qilmog‘i lozim. Shundagina yaxshilikdan umid qilsak bo‘ladi.

Rustamqulov Suxrob

Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi

. .