QUR’ONDA ZIKRI KELGAN PAYG`AMBARLAR
Muallif: . .
Sana: 30.03.2023
3454

O‘z bandalariga rahm aylab, ularga doimiy ravishda anbiyo va rasullar yuborib, to‘g‘ri yo‘lga boshlab turgan Allohga O‘ziga munosib hamdu sanolar bo‘lsin.

Allohning ta’limotlarini avval o‘zlarida tatbiq qilib, so‘ngra o‘z ummatlariga omonat ila yetkazgan nabiy va rasullarga Alloh taoloning eng pok salovotu salomlari bo‘lsin.

Payg‘ambarlarning afzali va xotami, bandalarning shafiy’i va sarvari Muhammad mustafoga Robbil olamiyn tomonidan mukammal va batamom salovotu durudlar bo‘lsin.

Muhtaram payg‘ambarlar Allohning bandalari ichidan tanlab olgan va ularga O‘z ta’limotlarini vahiy orqali yuborib, ummatlariga yetkazishni topshirgan ma’sum va abror bandalari ekanini yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, har bir nabiy va rasulning hayoti, bosib o‘tgan yo‘li, qilgan ishlari hamma uchun ibrat va o‘rnak ekanini ham juda yaxshi bilamiz.

Alloh taolo Qur’oni Karimda bizlarga ulardan o`rnak olishimiz, ibrat olishimiz, fikr yuritshimiz uchun o`zining tanlab olgan bandalari haqida qissalar keltirgan. Qur’onda hammasi bo`lib 25 nafar ana shunday zotlar yani payg`ambarlarni ismlarini zikr qilinib, ular bilan guzal ibratli qissalar keltirilgan.

Qur’oni Karimda ismlari zikr qilingan payg‘ambarlar quyidagilar:

1. Odam alayhissalom.

2. Idris alayhissalom.

3. Nuh alayhissalom.

4. Hud alayhissalom.

5. Solih alayhissalom.

6. Ibrohim alayhissalom.

7. Lut alayhissalom.

8. Ismoil alayhissalom.

9. Ishoq alayhissalom.

10. Ya’qub alayhissalom.

11. Yusuf alayhissalom.

12. Ayyub alayhissalom.

13. Shuayb alayhissalom.

14. Muso alayhissalom.

15. Horun alayhissalom.

16. Yunus alayhissalom

17. Dovud alayhissalom.

18. Sulaymon alayhissalom.

19. Ilyos alayhissalom.

20. al-Yasa’ alayhissalom.

21. Zakariyo alayhissalom.

22. Yahyo alayhissalom.

23. Zul-Kifl alayhissalom.

24. Iyso alayhissalom.

25. Muhammad alayhissalom.

Biz bilamizki payg‘ambarlar quronda zikr qilinganidek 25 taga cheklanmagan. Balki ular juda ko`pbo`lganlar. Qur’oni Karimda nomlari zikr qilinmagan payg‘ambarlar haqidagi eng ishonchli ma’lumot Ibn Murdavayhi Abu Zarr
al-G`iforiy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda kelgan, u kishi aytadilar:

Ey Allohning Rasuli, payg‘ambarlar qancha?” deb so‘radim. U zot sollallohu alayhi vasallam:

“Bir yuz yigirma to‘rt mingta”, dedilar.

“Ey Allohning Rasuli, ulardan qanchasi rasullar?” dedim.

“Uch yuz o‘n uchtasi, ko‘pchilik” dedilar.

Qur’onda pay­g‘ambarlarning qissalari asosan ibrat uchun keltiriladi. Bu holat ularning qaysi suraning qaysi joyida keltirilishi, qandoq jumla, ibora, so‘z va uslub ila ifoda qilinishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bir qissaning ayni o‘zi boshqa joyda kelishi mumkin, lekin, har joyda o‘ziga xos uslub, o‘ziga xos ibora ishlatilgan.

Qur’oni Karimda zikrlari kelgan payg‘ambarlarning har birlarining o‘zlariga yarasha xususiyatlari bordir.

Hech bir payg‘ambarning to‘liq hayoti qissa shaklida kelmagan. Balki ularning har birlarining qissalaridan umumiy da’vat, ibrat uchun lozim topilgan joylari keltirilgan.

Payg‘ambar alayhissalomlardan faqat bir kishining onalari va tug‘ilishlari haqida ma’lumot bor. U ham ibrat, mo‘jiza bo‘lgani uchundir. Bu ma’lumotlar Iyso alayhissalomning onalari Mar­yam binti Imronga va u zot tug‘ilishlariga bog‘liq.

Shuningdek, Qur’oni Karim odatda payg‘ambarlarning vafotlari haqida ham so‘z yuritmaydi. Faqat Sulaymon alayhissalomning vafotlari bundan mustasno. Chunki u zotning vafotlari o‘ziga xos hikmat, ibrat va mo‘‘jiza hisoblanadi.

Payg‘ambar alayhissalomlarning oila a’zolari haqida ham faqat ibrat uchungina so‘z ochiladi. Bunga Nuh alayhissalomning o‘g‘li, Lut alayhissalomning xotini, Ibrohim alayhissalom otasi va boshqalar misol bo‘la oladi.

Alloh taolo payg‘ambarlarni ketma-ket yuborib turib, insoniyat to‘g‘ri yo‘ldan qattiq adashganda, gunoh va nobakorlikka qulog‘igacha ko‘milib ketganda o‘sha to‘planib qolgan muammolarni bir yo‘la hal etish uchun payg‘ambarlarni yuboradi.

Nuh alayhissalom xuddi ana shundoq paytda payg‘ambar bo‘lganlar. O‘sha paytda insoniyat hidoyat yo‘lidan shu darajada adashgan ediki, uni Nuh alayhissalomdek ulug‘ payg‘ambar to‘qqiz yuz ellik yil da’vat qilishi ham foyda bermadi. Oxiri ular butunlay yo‘q qilindi.

Ibrohim alayhissalom vaqtlariga kelib ham odamzot qattiq adashgan edi. Undagi gunohlar oddiy gunohlar bo‘lmay qolgan edi. O‘sha paytda hamma yoqni butu sanam bosib ketgan edi. Bu ham yetmaganidek, o‘sha vaqtning podshohi xudolik da’vosini qilardi. Ibrohim alayhissalomning da’vatlarini vasf qilish uchun bir qancha oyatlar ketma-ket keldi.

Qur’oni Karimda eng ko‘p zikr etilgan pay­g‘ambar Muso alayhissalomning davrlarida esa avvalgi barcha gunohlar ustiga yana bir qanchasi qo‘shilib, insoniyatning zalolatga ketuvi murakkab bir shaklni olgan edi. Kufr, shirk, zalolat va hukmdorning xudolik da’vosi, sehrgarlik... Ashaddiy kofirlarning halokatidan keyin pay­g‘ambarning o‘z qavmi turli nobakorliklarga qo‘l urishlari ana o‘sha murakkab muammolar jumlasiga kiradi. Shuning uchun ham Muso alayhissalom qissasi Qur’oni Karimdan eng ko‘p joy olgan qissa bo‘lib qolgan.

Iyso alayhissalom davrlariga kelib esa holat juda ham chigallashib ketgan edi. Allohga turli but va sanamlarni sherik qilgan mushriklik Zoti Ilohiy haqida turli-tuman falsafalar to‘qidi. Shuningdek, hamma moddaparast bo‘lib uncha muncha mo‘‘jiza yoki payg‘ambarning harakatiga e’tibor berish ham yo‘q darajaga kelib qolgan edi. Shaddodlik uchiga chiqqani uchun ham o‘sha vaqtning kofirlari darhol Allohning payg‘ambarini o‘ldirish payiga tushdilar.

Bularning hammasi Hakimu Xobir Alloh taolo insoniyatni pog‘anama-pog‘ana asta-sekin tarbiyalab kelganini ko‘rsatadi.

Payg‘ambarlar hamisha xalq ommasi bilan bo‘lib ularning ikki dunyo saodati uchun harakat qilganlar. Hatto podshohlik va payg‘ambarlikni o‘zlarida jamlagan Dovud va Sulaymon alayhissalomlar ham oddiy xalq manfaati uchun jiddu jahd qilganlar.

Payg‘ambarlar doimo maqsadga qiynalib erishganlar. U zotlarning hech biriga osonlik ila maqsadga erishish nasib qilmagan.

Qur’oni Karimda payg‘ambarlar haqida birorta ham salbiy so‘z yo‘q. U zotlarni doimo ulug‘lash bor.

Alloh taolo barchamizga bu zotlaarning hayotlarini o‘rgnib ulardan ibrat olib, hayotimizga tatbiq qilihligimizni nasib aylasin.

Rahmonov Abduqayum

Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

. .