“QUBO” MASJIDI
Muallif: . .
Sana: 14.03.2023
6195

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Islomda oʻzining buyuk va mashhur tarixiga ega "Qubo" masjidi haqida soʻz ketar ekan, avvalo ushbu muborak masjid haqida nozil boʻlgan oyati karimadan boshlab oʻrgansak maqsadga muvofiq boʻladi inshaAlloh.

Alloh Taolo “Tavba” surasining 108 - oyatida marhamat qiladi:

لَا تَقُمْ فِيهِ أَبَدًا ۚ لَمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَىٰ مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَنْ تَقُومَ فِيهِ ۚ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَنْ يَتَطَهَّرُوا ۚ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ

Yaʼni: “Albatta, birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, unda turishingizga loyiqroqdir. Unda poklanishni xush koʻradigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar”.

Mana shu oyati karimani ulamolarimiz, xususan mufassirlar bilittifoq “Qubo” masjidi haqidaligini taʼkidlaganlar.

Musulmonlar orasida bu muborak masjid “taqvo ustiga qurilgan masjid” degan nom bilan xam mashhurdir.

Bu masjid Islom tarixida qurilgan birinchi masjid hisoblanadi va aynan shu masjidda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan ilk jamoat namozini oʻqiganlar. Bu masjidning “Qubo” deb nomlanishining sababi u aynan Madinai munavvaradan 6-7 kilometr uzoqlikdagi Qubo qishlogʻida joylashgani sababidandir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga qachonki hijrat farz boʻlganida u zot Madinaga yoʻl oladilar va shu yoʻl mobaynida Qubo qishlogʻida ham qoladilar, siyrat va tarix kitoblarimizda u zot alayhissalom bu qishloqda 4 kun qolganliklari habari berilgan, shu kunlar ichida Rosululloh alayhissalom “Qubo” masjidiga birinchi poydevorni oʻzlari qoʻyib berganlar va sahobalar bu muborak masjidning qurilishini bitirganlar. Bu masjid qurilishiga 3 millionga yaqin turli hajmdagi toshlardan foydalanilgan va bunga 800taga yaqin inson jalb qilingan.

Bu masjidga keyinchalik Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Umar ibn Abdulaziz qoʻshimcha bezaklar va naqshlar berib ziynatlaganlar. Keyinchalik hokimiyatni qoʻlga olgan har qaysi sulolalar bu masjidga alohida ahamiyat qaratganlar, hozirda bu masjidning maydonlari kengaytirilib, binolari taʼmirlanib mustahkamlangan. Tarixda sulton va hokimlar bu muborak masjidga alohida ahamiyat qaratganliklari bejiz emas albatta, chunki, bu muborak masjidning fazilatlari haqida Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar kelgan, quyida ularni sizga havola qilamiz;

أُسَيْدَ بْنَ ظُهَيْرٍ الْأَنْصَارِيَّ – وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ -يُحَدِّثُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : الصَّلَاةُ فِي مَسْجِدِ قُبَاءٍ كَعُمْرَةٍ.

Usayd ibn Zuhayr Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Qubo” masjidida oʻqilgan namoz umradekdir”, – deb marhamat qildilar”. (Termiziy rivoyati)

Ushbu hadisdan maʼlum boʻlyabdiki kim agar Qubo masjidida namoz oʻqisa xuddi umra qilgandek savobga ega chiqishi mumkin ekan.

Boshqa hadisda: Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam “Qubo” masjidiga ulovda yoki piyoda kelar edilar. Unda ikki rakʼat namoz oʻqirdilar”.

Bu masjid Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning nazdilarida qanday oʻringa ega ekanligini ushbu hadisdan bilib olsak boʻladi, u zot alayhissalom ayni shu masjid uchun piyoda yoki ulovda kelib ikki rakʼat namoz oʻqir ekanlar. Hozirda ham butun dunyodan Umra va Haj qilishlik uchun Saudiya Arabistoniga keladigan ziyoratchilar albatta bu masjidga tashrif buyurib namoz oʻqib, duolar qilib shu masjidda oʻqilgan namozning savobiga ega boʻlib oʻz yurtlariga qaytadilar.

Yana Ibn Umar roziyallohu anhumodan kelgan hadisda:

كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْتِي مَسْجِدَ قُبَاءٍ كُلَّ سَبْتٍ مَاشِيًا وَرَاكِبًا، وَكَانَ عَبْدُ اللَّهِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ يَفْعَلُهُ.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Qubo” masjidiga har shanba kuni ulovda yoki piyoda kelar edilar” deyilgan, shu hadisga binoan bir qancha sahobalar aynan shanba kuni bu masjidga borib namoz oʻqishni afzal deb bilganlar. Ulamolarimiz ham shanba kuni bu masjidga borib namoz oʻqishlikni mustahab amallardan biri ekanligini taʼkidlaganlar.

Endi masjidning tashqi koʻrinishi bilan tanishadigan boʻlsak; masjidda 4 ta minora va 6 ta katta gumbaz bor boʻlib ularning har birining oʻziga yarasha tarixi bor, muborak masjidning umumiy maydoni 1000^ kvadrat kilometrdan oshiqroqdir. Hozirda masjidda erkaklar va ayollar uchun tahoratxona va namozgoh, kutubxona va kichik bozorchasi bor.

Alloh Taoloni tavfiqi ila biz bu masjidning tarixi, fazilati va koʻrinishi haqida qisqacha gapirgan boʻldik, Alloh taolo barchalarimizga ushbu muborak masjidda namoz oʻqib Rosululloh sollallohu alayhi vasallam habar bergan savoblarga erishishlikni nasib qilsin.

Zokirov Hikmatullo
Mir Arab oliy madrasasi 3-bosqich talabasi

. .