
Bu kechada nimalar sodir boʻladi?
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (shaʼbonning oʻn beshinchi kechasida) nimalar boʻlishini bilasizmi?” dedilar.
Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar boʻladi?” dedilar.
U zot alayhissalom: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tugʻiladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari koʻtarilib, rizqlari nozil boʻladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha gunohlar magʻfirat qilinadi
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi dunyo osmoniga (Oʻzining shaʼniga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani magʻfirat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha duolar qabul boʻladi
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qachon Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasi boʻlsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta magʻfirat soʻrovchi bormi, Men uni magʻfirat qilaman! Biror narsa soʻrovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim soʻrasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa".
Bu kecha odamlar doʻzaxdan ozod qilinadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu Shaʼbonning oʻn beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada koʻp odamlarni doʻzaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qoʻylarining junlaridan ham ziyoda boʻladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) toʻpigʻidan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq boʻluvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?
- Xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado eting;
- Tavba va istigʻfor aytishga eʼtibor qiling;
- Oʻzingiz va barcha ummat uchun xayrli duolar qiling;
- Toqatingiz yetganicha zikrlar, nafl ibodatlar, Qurʼon tilovati qiling;
- Imkon topsangiz Shaʼbonning oʻn beshinchi kuni roʻza tuting.
Bu kechani bedor oʻtkazganga jannat vojib boʻladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor oʻtkazsa, jannat unga vojib boʻladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Shaʼbonning oʻn beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Maʼlumotlar asosida Mir Arab oliy madrasasi matbuot xizmati tayyorladi.
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
