
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning fiqhiy mazhabi borasida besh xil fikr ulamolar orasida naql qilingan:
1 Imom Buxoriyning fiqhiy mazhabi borasida bildirilgan fikrlarning eng afzali, u zot “mujtahidi mutlaq” boʻlgan, degan qarashdir. Chunki, u zot hech kimga taqlid qilmagan. Ushbu qarashni Nafisuddin Sulaymon ibn Ibrohim Alaviy, Anvar Shoh Kashmiriy va Shayxul Hadis Muhammad Zakariyo rahmatullohi alayhim kabilar ixtiyor kilishgan. Mazkur fikr ustun hisoblanadi. Chunki, Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning zamondoshlari u zotning faqih va imomligini tan olganlar. Oʻsha zamonda bir kishini “faqih” yoki “imom”, deb aytishdan “mujtahid”, deyish koʻzlangan. Nuʼaym ibn Hammod, Yaʼqub ibn Ibrohim Davroqiy rahmatullohi alayxlar Imom Buxoriy haqida quyidagilarni aytishgan:
Muhammad ibn Ismoil bu ummatning faqihidir Shuningdek, Muhammad ibn Bashshor rahmatullohi alayh u zot haqida: “Faqihlar sayyidi”, “Bizning zamonamizda Alloh taolo xalqining eng faqihi”, degan soʻzlarni aytgan.
Abdulloh ibn Muhammad Musnadiy rahmatullohi alayh: “Muxammad ibn Ismoil imomdir. Kim u zotni imom deb bilmasa, uni muttaham deb hukm chiqaraver”, degan.
Bir gal Qutayba ibn Saʼid rahmatullohi alayhdan mast kishi aytgan taloq masalasi haqida soʻraldi. Shu vaqt Imom Buxoriy rahmatullohi alayh ham kelib qoldi. Shunda Imom Buxoriy raxmatullohi alayhning ustozi Qutayba Imom Buxoriyga ishora qilib: “Ahmad ibn Hanbal, Ibnul Madiniy va ibn Rohavayhlarning ilmini egallagan kishini Alloh taolo senga yetkazdi”, dedi.
2. Abu Osim Ibodiy, Tojiddin Subkiy rahmatullohi alayhlar Imom Buxoriy rahmatullohi alayhni fiqhda shofeʼiy boʻlgan, deyishgan. Buning isboti sifatida Imom Buxoriy rahmatullohi alayhni Zaʼfaroniy, Abu Savr, Karobisiy, Humaydiy rahmatulloxi alayhlardan fiqh va hadis boʻyicha taʼlim olganligi koʻrsatiladi. Chunki, ularning barchasi Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayhning shogirdlari boʻlishgan.
Lekin, bu qavl asossizdir. Chunki ustoz qaysi mazhabda boʻlsa, shogird ham oʻsha mazhabda boʻladi, degan qoida yoʻq. Agar shunday boʻlsa, Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning aksariyat ustozlari Hanafiy mazhabiga mansub boʻlishgani tufayli, u zotning oʻzi ham hanafiy boʻlgan, deyishimiz kerak edi.
3. Bir qavlga koʻra Imom Buxoriy rahmatullohi alayh hanbaliy mazhabidadir. Ibn Abu Yaʼlo oʻzining “Tabaqotul hanobila” asarida Imom Buxoriy rahmatullohi alayhni ham zikr qilib keltirgan.
4. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh shofeʼiy mazhabiga nisbati berilgan mujtahid boʻlgan .
5. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh haqida mutaaxxir ulamolar shunday deyishgan: «Imom Buxoriy na mujtahid va na muqalliddir.
Sharipov Nurmuhammad
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
