Bugun yurtimiz hayotining turli jabhalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 15 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi videoselektorda aholi, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan har tomonlama himoya qilish, ularni vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy merosni har tomonlama o‘rganish, ularni keng jamoatchilikka yetkazish, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi asosli raddiyalar tayyorlash maqsadida Samarqand viloyatida hadis va kalom ilmi, Farg‘ona viloyatida islom huquqi maktabi, Buxoro viloyatida tasavvuf maktabi, Qashqadaryo viloyatida aqida maktablarini tashkil etish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur ko‘rsatmalar ijrosini ta’minlash hamda ma’naviyat va ma’rifatga oshno xalqimiz orzu-istaklari ro‘yobi yo‘lida Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi ochildi.
Tasavvuf maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya ta’limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va aholimiz o‘rtasida keng tarqalgan, mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan kubroviya yassaviya hamda qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Tasavvuf maktabida quyidagilar o‘qitiladi.
Darslarda tasavvuf shayxlari, xususan, naqshbandiya shayxlarining hayot yo‘llari, turmush tarzi haqidagi kitoblar o‘qitiladi.
Tariqat pirlari tomonidan nasihat sifatida aytilgan va soliklarni tarbiyalashga qaratilgan va bugungi kunda ham o‘zining tarbiyaviy ahamiyatini yo‘qotmagan hikmatli so‘zlar sharhlanadi. Ruhiy tarbiyaga oid kitoblar o‘qitiladi.
Tinglovchilarga muntazam ravishda arab va fors tilidan saboq beriladi, tarixiy manbalarni o‘qish jarayonida til qoidalari tushuntirilib, bilim va ko‘nikmalari mustahkamlab boriladi.
Zamonaviy tasavvufshunoslik fanida tasavvuf ta’limoti borasida amalga oshirilgan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, zamonaviy tariqatchilik harakatlari xususida so‘z yuritiladi. O‘zbekistondan yetishib chiqqan tasavvufshunos olimlar Aziz Qayumov, Orif Usmon, Najmiddin Komilov, Homidjon Islomiy, Sadriddin Salim Buxoriy, Abdug‘afur Razzoq Buxoriy, B.Bobojonov, E.Karimov; Rossiyalik olimlar O.Akimushkin, Ye.Bertels, N. Semyonov, A.Xismatullin; Najdat Tusun, Mahmud As’ad Jushon, Hasan Komil Yilmaz; G‘arb Sharqshunoslaridan Yu.Paul, X.Algar, J.Gross, J.Trimingem, Anke fon Kyugelgen kabilarning ilmiy tadqiqotlari haqida ma’lumotlar beriladi.
Bundan tashqari tasavvuf ilmiy maktabi faoliyatining istiqboldagi rejalari qatoriga ilmiy ishlar va tasavvufga oid asarlar tarjimasi hamda ularni chop qilish ishlarini ham kiritish mumkin. Bularga Gulchehra Navro‘zova, Zoirov Erkin, Halim To‘rayev, Bobir Namozov, Samad Azimov va boshqa bir qator mutaxassislarning arab, fors va nemis tillaridagi kitoblarni o‘zbek va rus tillariga tarjima va sharhlar qilinib nashrga tayyorlanayotganini misol qilish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili ushbu ilmiy maktabning rahbari Mansur Nurullayev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, tarjimon jurnalist Ibodat Rajabova, Buxoro Davlat badiiy me’morchilik muzey qo‘riqxona huzuridagi arab yozuvidagi qo‘lyozmalarni o‘rganish ilmiy markazi mudiri Axmedov Axtamlardan iborat tarjimonlar jamoasi sifatida ish olib borib, bir qator kitoblarning tarjima qilinishi tasavvuf ilmiy maktabining istiqboldagi rejalarini ko‘rsatadi.
Foto lavhalar:

O‘MI Buxoro viloyati vakilligi
matbuot xizmati
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
