Hadicha onamiz Rasululloh sollAllohu alayhi vasallamga: “Siz 30-40 kunlab Hiro gʻorida Allohga yuzlangan holda uning toatida, ibodatida boʻlib keldingiz. U Zotga ibodatdasiz shuning uchun Alloh sizni aslo sharmanda qilmaydi”, demadilar. Yaʼni onamiz faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlariga xos, faqat oʻzlari uchun qilgan amallarini zikr qilmadilar. Balki Hiro gʻoriga borishdan oldin insonlarga koʻrsatgan yaxshiliklarini zikr etdilar. Inson qancha koʻp ibodat kilsa, tasbeh aytsa, nafl namozlar oʻqisa, bu amallar unga foyda keltirishiga zarracha shubha yoʻq. Mazkur amallar kishining oʻzi bilan Alloh oʻrtasidagi rishtani barpo qilishga katta taʼsir koʻrsatadi. Yaʼni ular oʻz sohibiga nihoyatda katta manfaat beradi. Ammo bu manfaatlar insonning oʻzigagina chegaralanib qoladigan yaxshiliklar sanaladi. Shuning uchun ham Hadicha onamiz boshqalarga ham foyda beradigan amallarni zikr qildilar. Ana shu eʼtibordan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻzlari mashaqqatga bardosh berardilar.
Alloh taolo hadisi qudsiyda: «Biror bandam boshka bandalarimga foyda yetkazish uchun oʻzini qurbon qilsa, Men uchun bu amal Oʻzimning Zotimga ibodat qilinganidan koʻra ham mahbubroq», deya marhamat qilgan. Shuning uchun bir kishi boshka bandalarning yordamiga xayrixoh boʻlsa, yoxud boshqa bir bandaning boshidagi mashaqqatlarni aritadigan boʻlsa, oʻsha banda Alloh taolo tomonidan keladigan koʻplab nusratlarga haqli sanaladi. Shuning uchun Hadicha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qasam ichgan holda: “Alloh sizni tashlab koʻymaydi”, deganlar. Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Hadicha onamiz qasam ichib aytgan gaplariga “Menda bu xislatlar yoʻq”, degan maʼnoda eʼtiroz bildirmasdan, barcha aytganlarini tasdiqladilar. Shundan ham koʻrinadiki, bu ishlarning barchasi Alloh taoloning nusratini chorlaydigan amallar ekan. Bu hadis bizga ulkan saboq beradi. Hozirgi paytda biz dinning bu shoʻbasini tark etganmiz. Maʼlum bir ibodatlarni qoʻldan kelgancha ado etayotgan boʻlishimiz mumkin. Lekin bandalarning haq-huquqlarini ado qilishda anchagina noqismiz. Bu ishlarni qilishimizda Allohdan tavfiq soʻrashimiz kerak.
Tursunpoʻlatov Azizbek
Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi