ZAMONAMIZ RIYOKORLARI
Muallif: . .
Sana: 31.03.2023
603

Zamonlar o'tgan sari yangi texnologiyalar, oldin mavjud bo'lmagan qulayliklar, misli ko'rilmagan yangi narsalar paydo bo'laveradi. Lekin to qiyomatgacha insonlar ikki toifaligicha qoladi: ne'matlardan savob yo'lida foydalanadiganlar va gunoh yo'lida foydalanadiganlar. Zohirida ne'matlardan savob yo'lida foydalanadiganlar ham ikki xil bo'ladi: xolis Alloh taoloning roziligi uchun yoki riyo uchun foydalanadi. Ne'matlardan gunoh yo'lida foydalanish ochiq-oydin bo'lgani uchun ko'pchilik undan chetda bo'lishi oson. Atrofdagi yaqinlaridan, oila a'zolaridan, tanishlaridan uyalib yomon ishlarga sarflamaydi. Lekin savobli ishlarda ixlos bilan yoki riyo bilan qilish insonning qalbida yashirin bo'lgani uchun ko'p insonlar riyokorlikdan chetlana olishmaydi.

Alloh taolo Kahf surasining 110-oyatida: "Bas, kim Robbisiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbisining ibodatiga birontani sherik qilmasin" deb marhamat qilgan. Biz bugun so'z yuritmoqchi bo'lgan masala shu haqida bo'ladi.

Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo'lsinki, yurtimizdan haj safariga minglab, umra safariga yuz minglab musulmonlar borib kelishmoqda. Deyarli har bir musulmon xonadonidan hajga yoki umraga ketayotganini guvohi bo'lyapmiz. Makkayi mukarramadagi har birimizning qalbimizdan o'rin olgan Ka'batullohni ziyorat qilish, "Kim meni vafotimdan keyin ziyorat qilsa, tirikligimda ziyorat qilgandek bo'ladi" deb marhamat qilgan suyukli habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ziyorat qilish, saodat asriga guvoh bo'lgan muqaddas zaminni ziyorat qilish ko'pchilik vatandoshlarimizga nasib etmoqda.

Ammo bizni qayg'uga solayotgan masala, imom domlalarimiz qancha ogohlantirib, xalqimizni xolislikka, ibodatlarni to'g'ri bajarishga chaqirayotgan bo'lsada, ba'zi yurtoshlarimiz shunday buyuk ibodatlarni riyokorlik, isrofgarchilik va bid'atlar bilan ajr-savoblarini ko'kka sovuryapdi. Haj va umra ibodatining o'ziga xos ko'rsatmalari fiqhiy kitoblarimizda batafsil ko'rsatilgan. Imomlarimiz ham qayta-qayta musulmonlarimizga ta'lim berib kelishmoqda. Undan o'rtiqcha ishlar birortasi shariatimizda yo'q. Mahallaning boshidan payondoz solish, tuya minib kelish, arablarning ro'molini boshiga tashlab olish, yosh bolani yoki kiyimlarni oyog'ining ostiga qo'yish, alohida gulchambar bilan taxt yasab qo'yish kabi ishlar jaholatdan boshqa narsa emas. To'ylardagi dabdabalar isrofgarchilikda yetarli muammo bo'lib kelar edi. Bugungi kunimizga kelib, faqat Alloh uchun qilinadigan ibodatlarda ham bunday dabdabalar rivojlanib ketishi juda katta xato hisoblanadi.

Ulamolarimiz haj va umra ibodatlari va u joydagi duo-yu tavbalar qabul qilinganining alomati undan keyingi amallarda ko'rinadi deganlar. Agar avvalgi gunohlarni takrorlamasa, bid'at-xurofotlardan saqlansa qilgan ibodatlari qabul bo'lganidan alomat bo'ladi.

Haj va umra ibodatini bajarayotganda rasmga tushish, selfi qilish, videoga olish, jonli efir qilish kabi riyokorliklar ham juda keng tarqaldi. Tavof qilayotgani, shaytonga tosh otayotgani, Safo-Marvada yurayotgani, Arofat tog'iga chiqqani, yig'lab duo qilayotgani, sajda qiloyotgani fotosessiyaga aylanib ketdi. Butun umr qilgan gunohlariga tavba qilib, onadan yangi tug'ilgandek bo'lish umid qilinadigan joylarda aksar insonlarning qo'lida telefon, Ka'bani videoga olayotganini ko'rasiz. Holbuki Masjidul Harom internetda eng ko'p tarqalgan videolar sirasiga kiradi. Har tarafdan o'nlab kameralar bilan televideniya va internetga 24 soat jonli efir uzatilib turadi. Hech kim ko'rmagan narsadek suratga olishayotgani insonni hayratga soladi. Alloh taolo eng ulug' joylarda ibodat qilishni nasib qildi, ular esa riyokorlik qilyapdi. Chet-elda qancha-qancha musulmonlar borolmasdan yig'lab yuribdi. Xo'jako'rsin bilan nimaga erishamiz? Undan ko'ra telefonni o'chirib qo'yib, bir muddat bu dunyodan uzilib, olamlarning Robbisiga xolisona yuzlanib, o'tgan gunohlarimizga chin dildan tavba qilib, nadomat ko'z yoshlarini to'kib, butun ruhimizni poklab, Alloh taoloning roziligini topib olsak bo'lmaydimi?

Haydarov Abdug’olib
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .