FARZAND NE’MATI
Muallif: . .
Sana: 30.11.2023
188

O‘zining hikmatiga ko‘ra birovga farzand berib, birovga farzand bermasdan imtihon qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Farzand tarbiyasini mukammal o‘rgatgan Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga cheksiz durudu salovotlar bo‘lsin. Farzandlarini solih qilib tarbiyalagan ota-onalarni Alloh taolo ikki dunyo saodatiga yetqazsin.

Alloh taoloning ulug‘ ne’matlaridan biri bu farzand ne’matidir. Ota-ona farzandni yaxshi tarbiyalashi, halol yedirib-ichirishi, unga din arkonlarini, undan tashqari boshqa barcha ilmlarni o‘rganishlikda ko‘makchi bo‘lishligi uning mas’uliyatidandir. O‘z o‘rnida bola ham balog‘atga yetib ota-onaga yordam bera oladigan yoshga yetganda, ularga yordam berishligi, g‘amxo‘rlik qilishligi, bolaning mas’uliyatlaridandir.

Shunday ekan, oila mustahkam va mukammal bo‘lishligi uchun bolani to‘g‘ri tarbiyalash eng asosiy omillardan biri hisoblanadi. Buning uchun esa ona ham o‘z navbatida ilmli bo‘lishligi talab etiladi. Chunki, ota oila tashvishlari bilan ko‘chada bo‘lganda bola tarbiyasi ona qo‘lida qoladi. Shunday ekan ona bola tarbiyasida asosiy rol o‘ynaydi. Ona ham jismoniy sog‘lom ham aqliy yetuk bo‘lsagina bola ham yetuk bo‘lib yetishadi.

Hozirgi ommaviy axborot asrida bola tarbiyasi juda og‘ir masalalardan biriga aylanishga ulgurdi. Chunki, ota-onaning oila boqish maqsadida bolalardan uzoqlashishi natijasida bolalar tarbiyasiga sustkashlik bilan yondashuvlar kuzatilmoqda. Bola o‘z oilasida kerakli tarbiyani ola bilmagach bu tarbiyani ko‘chadan izlay boshlaydi. Hozirgi axborot asrida bunday bolalar har xil buzuq fikrli insonlar yoki jamoalar uchun o‘lja bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun har bir ota-ona bola tarbiyasiga jiddiy qarashligi talab etiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ

“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshlar bo‘lgan o‘tdan saqlang” (Tahrim surasi 6-oyat).

Ya’ni, Alloh taolo erkaklarga ayollaringizni ham jahannam o‘tidan saqlang deb buyuryapti. Shunday ekan otalar barcha ishlarda bo‘lgani kabi tarbiya ishida ham bosh bo‘lishlari kerak bo‘ladi.

Bola katta bo‘lganda ota-onasining roziligini olishga harakat qilishligi kerak. Chunki bu dunyoga uni keltirib, katta qilib, shu daraja yetib kelishiga sabab bo‘lgan odamlar bular ota-onadir. Bolaning esidan chiqmasligi kerak bo‘lgan narsalardan yana biri u qancha yaxshilik qilmasin ota-ona haqqini ado qilib tugata olmaydi.

Bolaning ota-onaga yaxshilik qilishligi haqida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

وَوَصَّيْنَا الْإِنْسَانَ بِوَالِدَيْهِ إِحْسَانًا حَمَلَتْهُ أُمُّهُ كُرْهًا وَوَضَعَتْهُ كُرْهًا وَحَمْلُهُ وَفِصَالُهُ ثَلَاثُونَ شَهْرًا حَتَّى إِذَا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَبَلَغَ أَرْبَعِينَ سَنَةً قَالَ رَبِّ أَوْزِعْنِي أَنْ أَشْكُرَ نِعْمَتَكَ الَّتِي أَنْعَمْتَ عَلَيَّ وَعَلَى وَالِدَيَّ وَأَنْ أَعْمَلَ صَالِحًا تَرْضَاهُ وَأَصْلِحْ لِي فِي ذُرِّيَّتِي إِنِّي تُبْتُ إِلَيْكَ وَإِنِّي مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiylanib homilador bo‘ldi va uni qiylanib tug‘di. Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir. Toki u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: “Robbim O‘zing menga va ota-onamga bergan ne’matlaringga shukr qilishimga va sen rozi bo‘lgan solih ishlarni qilishimga ilhom bergin. Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman, dedi” (Ahqof surasi 15-oyat).

Alloh taolo insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurmoqda. Bu insoniylik burchidir, boshqa hech qanday asos yo‘q. Inson faqat insonligi uchun ota-onasini hurmat qilishi, e’zozlashi zarur. Lekin shu bilan birga, oyatning o‘zida ota-onaga yaxshilik qilishning boislaridan ba’zisi aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari boshqa bir oyatda marhamat qiladi:

وَقَضَى رَبُّك أَلَّا تَعْبُدُوا إلَّا إيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إحْسَانًا إمَّا يَبْلُغَنَّ عِنْدَكَ الْكِبْرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُلْ لَهُمَا أُفٍّ وَلَا تَنْهَرْهُمَا وَقُلْ لَهُمَا قَوْلًا كَرِيمًا وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنْ الرَّحْمَةِ وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا

“Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishnigni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat va “Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”.

Bu jumlaning “uff” so‘ziga bog‘liq ikki xil ma’nosi bor.
Bir ma’nosi – ota-onaga yomon so‘z aytib, behurmat qilma, degani bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi – ota-onang oldida “uff” dema, ular bolam og‘ir holga tushibdi, deb ozorlanadilar, deganidir. Ikki holatda ham ularga “uff” deyishlik mumkin emas.

Bu oyat oxirida Alloh taolo farzandni ota-ona olamdan o‘tgandan so‘ng ham ular nomiga duo qilib xayrli ishlar qilishiga buyurmoqda.

Demak, inson ota-onasi nafaqat tiriklik vaqtida, balki, vafotidan keyin ham ularning nomiga xayrli duolar qilib turishligi lozim ekan.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Asadova Nazokat

. .