IMOM FAXRIDDIN AR-ROZIYNING ILMIY FAOLIYATI
Muallif: . .
Sana: 30.11.2023
148

“Tabaqot ash-shofe’iya al-kubro” asari muallifi Imom Subkiy Imom Ash’ariyning shogirdlari haqida ma’lumot berib, yashagan davrlariga qarab ularni yetti guruhga bo‘lib chiqqan[1]:

Birinchi davr: Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad Toiy, Abul Hasan Bohiliy, Bandor ibn Husayn, Abul Hasan Ali ibn Muhammad Tabariy.

Ikkinchi davr: Abu Bakr Boqilloniy, Abu Bakr ibn Furak.

Uchinchi davr: Abduljabbor ibn Ali Isfaroyiniy.

To‘rtinchi davr: Xatib Bag‘dodiy, Abul Qosim Qushayriy.

Beshinchi davr: Abu Homid G‘azzoliy, Ibn Asokir, Abul Fath Shahristoniy.

Oltinchi davr: Faxriddin Roziy, Sayfuddin Omidiy, Izzuddin ibn Abdussalom.

Yettinchi davr: Taqiyuddin ibn Daqiq Iyd.

Imom Ash’ariy r.a. dan hayotlik davrlarida juda ko‘pchilik olimlar dars olib ilmiy faoliyatini rivojlantirishgan. Chunki Ash’ariy r.a. 40 yoshidan keyin faqat ahli-sunna val-jamoa tomonda turishga va unga har qanday o‘rinda xizmat qilishga qaror qildi. Hamda umrlarini shu narsa uchun o‘tkazdi. Shu bosidan u zotdan juda ko‘plab mashur shogirdlar yetishib chiqdi.

Quyida Imom Ash’ariyga silsilada mashhur shogird hisoblangan Imom Faxriddin Roziy haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz. Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn ibn Hasan ibn Ali Faxriddin Roziy Ray shahrida tug‘ilgan. Otasi shu yerdagi masjidning imom-xatibi bo‘lgani uchun uni “Roziy ibn Xatib” ham deyishgan. Faxriddin Roziyning tug‘ilgan yili xususida baʼzi tarixchilar hijriy 543, baʼzilari 544 (milodiy 1148) yilni ko‘rsatishadi. Alloma hayoti va
ilmiy-ijodiy faoliyatini chuqur o‘rgangan arab olimi Muhammad Solih Zarkonning fikricha, u 544- yilda tug‘ilgan.

Yoshligidan turli ilmlarga qiziqqan Faxriddin Xuroson va O‘rta Osiyoning bir qancha shaharlarida bo‘lib, ko‘plab olim, shoir, faylasuf va davlat arboblari bilan muloqotda bo‘ladi. U taʼlim olishni Xurosonning Marog‘a shahrida boshlagan bo‘lsa-da, hayotining ko‘p qismi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Xorazm, Banokat va Marvda o‘tadi. Jumladan, Buxoroda buyuk mutafakkirlar Abu Ali ibn Sino va Abu Nasr Forobiy taʼlimotlaridan tahsil oladi, ilmiy bahslarda qatnashadi.

Olim qaysi shaharga bormasin, unga hurmat ko‘rsatilgan. Xorazmda shoh Alouddin Takash izzat-ikrom ehtirom bilan kutib olgan. Farzandlariga ustozlik qilishini so‘ragan. Otasi vafotidan keyin taxtga o‘tirgan Muhammad ustozi Faxriddin Roziyga alohida iltifot ko‘rsatib, martabasini oshirgan.

Faxriddin Roziyning vafoti haqida ham olimlar orasida turli fikrlar mavjud. Baʼzilari Xorazmda, baʼzilari Ray shahrida, yana boshqalari Hirotda vafot etgan deyishadi. Ammo ko‘pchiligi uning Xorazmda og‘ir kasalikka chalinganini eʼtirof etib, u yerda vafot qilganiga guvohlik beradi. Shunga ko‘ra, Faxriddin Roziy hijriy 606 (milodiy 1209) yili ramazon oyining 15-kunida boqiy dunyoga ko‘chgani aytiladi.

Tafsir, fiqh, kalom, usul, tarix, adabiyot, falsafa fanlari bo‘yicha davrining qomusiy olimi hisoblangan Faxriddin Roziy boy ilmiy-maʼnaviy meros qoldirgan. Allomaning birgina “Jomeʼul ulum” asari aqida, fiqh, faroiz, vasiyat, tafsir, tarix, grammatika, tib, tabiat, ov qilish, dehqonchilik haqida batafsil maʼlumotlar beradi. Tafsir ilmiga oid “Mafotihul g‘ayb” asari chuqur mazmun-mohiyati va keng qamrovli ekanligi bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Roziy tafsirida oyat va suralarning o‘zaro bog‘liqligi va munosabati to‘g‘risida bir emas, bir necha dalil keltiradi. Olim Ibn Xallikon bu haqda: “Roziy o‘z tafsirida ko‘p ajoyib va noyob maʼlumotlarni jamlagan”, deydi.

Olamlar va butun borliqni ilmiy asosda teran anglashda zarur bo‘ladigan fikratlar va qarashlarni yoyishda allomaning noyob asarlari katta ahamiyatga ega. Uning “Mahsulul afkor al-mutaqadimin va mutaaxxirin” (“Qadimgilar va keyingilar afkorlarining mahsuli”) asari jamiyat hayotida alohida eʼtiborga loyiq. Alloma unda yosh avlodni buyuk ajdodlar hayotidan o‘rnak olib, turmush tarzlari uchun foydali xulosa va saboqlar chiqarib olishga daʼvat etadi.

Faxriddin Roziyning insonlarni hamisha imon-eʼtiqodli, halol, adolatli, vatanparvar, mehnatsevar, rahm-shafqatli, muruvvatli bo‘lishga chorlab kelgan asarlari hozirgi kunda ham ilm-fan va madaniyatning noyob durdonalari sifatida jamiyat aʼzolarining maʼnaviy yuksalishiga katta hissa qo‘shmoqda.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ro‘zmetov MuhammadMustafo



[1] Tojuddin Abu Nasr Abdul Vahhob ibn Aliy ibn Abdul Kafiy as-Subkiy. Tobaqot ash-shafi’iyya al-kubro. Dor
al-kutub al-ilmiyya – Bayrut:. – B. 30.

. .