Hadislarning inson hayotidagi ahamiyati va o‘rni beqiyosdir. Har bir hadisning o‘z ma’nosini tushunib , o‘rganib , biz uchun ulardan amalda foydalanishimiz g‘oyat ahamiyatlidir. Hadis o‘zi arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “xabar, gap, yangilik” degan ma’noni bildiradi. Islom dini ta’limoti asoslarini yorituvchi Qur’on Karimdan keyingi asosiy manba hadis hisoblanadi. Hadislarni to‘plash va ularga muayyan tartib berish asosan VIII asrning ikkinchi yarmidan boshlanib, uni eng bilimdon, turli fan asoslarini mukammal o‘rgangan, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan kishilar yani muhaddislar tartibga solib bergan. VIII-XI asrlarda to‘rt yuzdan ortiq muhaddis hadis ilmi bilan shug‘ullangan. Hadislarda inson ma’naviy kamolotining mezoni, uning tafakkur doirasi, dunyoqarashining kengligi, ilmiy bilimlarni qay darajada egallaganligi, o‘z bilimi bilan artofdagilar va jamiyatga foyda keltiruvchi shaxs bo‘lib etishishda muhim omildir deya ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini qurish taklifini bildirib: “Buyuk mutafakkir bobomiz, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan ushbu maskanda o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy muhit mavjud. Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, o‘ziga katta ozuqa olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o‘rganib ketsin. Shunda ularning qalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas’uliyatini his etadi”deya ta’kidlab o‘tgan edi[1]. Darhaqiqat, Imom Ismoil al-Buxoriyning asarlarida odob-ahloq masalalarini yorituvchi hadislar jamlangan bo‘lib, ijtimoiy turmushda hamda insonlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni tashkil etish chog‘ida amal qilinishi lozim bo‘lgan odob-ahloq qoidalari borasida ma’lumotlar berilgan.
Hadislarda insonning kamolotga erishishi uchun talab etiladigan insoniy fazilatlar ifoda etilgan bo‘lib, ushbu fazilatlar sirasiga o‘zgalarga mehr-oqibat ko‘rsatish, saxiylik, ochiq ko‘ngillik, ota-ona, kattalar va qarindoshlarga nisbatan muruvvatli bo‘lish, ularga g‘amxo‘rlik qilish, vatanga muhabbat, mehnat va kasb-hunarni ulug‘lash, halollik, poklik, do‘stlik, oliyjanoblik, rahm-shafqatlilik, kamtarlik, rostgo‘ylik va vijdonlilik kabi xislatlar kiritiladi. Bundan tashqari, insonning o‘zini yomon illatlardan tiyishi, yaxshilik sari intilishi kerakligi borasidagi pand-nasihatlar ham o‘z aksini topganki, bularning barchasi Qur’oni Karimda qayd etilgan ko‘rsatmalarga asoslanilgan va komil insonni shakllantirishda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Islom ta’limotida har tomonlama yetuk bo‘lishi uchun insonning erkin bo‘lishi kerakligi borasidagi fikrlar Qur’oni karimda ham, Hadisu sharifda ham birdek e’tirof etilgan. Xususan: “Alloh taologa farzlardan so‘ng amali solihlarning eng sevimlisi musulmon kishining diliga xursandchilik solishdir[2]”; “Alloh o‘zi kechirguvchi zot, kechirguvchini yaxshi ko‘radi[3]” kabi hadislar bunga yaqqol dalilidir, chunki inson qanchalik qadrlansa, barcha ezgulik va yaxshiliklar insonga yo‘naltirilgan bo‘lsa, uning manfaati uchun xizmat qilsa, inson ham shunga ko‘ra kamol topaveradi, yuksaklikka ko‘tariladi, o‘z navbatida bunday insonlar yashaydigan jamiyat ham rivojlanaveradi. Shuni aytish joizki, Hadislarda yomon ishlar, illatlar, yomon xatti-harakatlar gunoh sifatida qoralansa, inson farovonligi, jamiyat ravnaqi uchun qilinadigan yaxshi, ezgu xatti- harakatlar, faoliyat savob tarzida olqishlanadi. Imom Buxoriyning hayoti va ijodini oʻrganish insonni komillik sari yetaklaydi, bugungi globalllashuv jarayonida yosh avlodni toʻgʻri yoʻlga boshlaydi, ilmga boʻlgan muhabbatni yanada oshiradi va bizlarga dunyo va oxirat uchun foydali boʻlgan amallarni oʻrgatadi.
Sherov Shuxrat
Jondor tumani “Raboto’g’lon” jome masjidi imom-xatibi
[1] https://uza.uz/oz/posts/prezidentimiz-shavkat-mirziyoyev-samarqand-viloyatiga-tashri-14-04-2017
[2]Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahih al-Buxoriy: J II. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. – 432 b.
[3] Ming bir hadis. T. 2 jildli / arabchadan Abdulaziz Mansur tarjimasi. T.: O‘zbek maskani, 1991