
At-Termiziy zehnining o‘tkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo‘ladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: «Bo‘lmasa qog‘oz-qalam ol», degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog‘oz ustida qo‘lini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog‘ozga qarab unda hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?», - deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan o‘sha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan. Bu xususda yana bir hikoya at-Termiziyning so‘ziga asoslanib keltiriladi: Makkaga ketayotganimda bir shayx to‘plagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan o‘sha shayx bilan uchrashib qoldim. Yozib olingan hadislar mazmunan ularga o‘xshash-u, biroq boshqa hadislar ekan. Salom-alikdan so‘ng hadislarni aynan uning o‘z og‘zidan eshitishni iltimos qildim. U rozi bo‘lib, hadislarni hikoya qila boshladi. Keyin menga qarab qo‘limdagi oq qog‘ozni toza, ya'ni hech narsa yozilmagan holda ko‘rgach: «Bu qilig‘ing uchun mendan uyalmaysanmi?», - dedi. Men ma'zurona holda bor haqiqatni aytib: «Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman», dedim va uni birin-ketin so‘zma-so‘z aytib berdim. Shayx esa so‘zlarimga ishonqiramasdan «Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?», - dedi. «Yo‘q», deb javob qilib: «Agar so‘zlarimga ishonmasangiz, boshqa hadislardan ayting», dedim. Shunda u o‘zining g‘aroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan oxir birma-bir aytib berdim. Shunda u: «Senga o‘xshaganini hech qachon ko‘rmagan edim», - dedi.
Ashurali Xolmatov,
Mir arab oliy madrasasi o’qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
