IMOM TERMIZIY
Muallif: . .
Sana: 30.10.2024
500

Alloh subhanahu va taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin. Payg’ambarimizga mukammal va batamom salovatu durudlar bo’lsin.

Termiz mamlakatimizdagi eng ko'hna shaharlardan biri bo'lib, bu yerda ilk o'rta asrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat rivojlangan. O'rta asr manbalarida bu yerdan yetishib chiqqan yuzdan ortiq olimlar haqida ma'lumotlar mavjud. Ular ilm-fanning turli sohalarida, jumladan, islom ilmlari, tabiiy va aniq fanlar, tarix, adabiyot sohalarida faoliyat olib borishgan. Olimlar va valiylar ko'pligi bois Termiz shahriga “Madinat ur-rijol” ─ “Avliyolar shahri” deb nom berishgan.

Termiz shahridan yetishib chiqqan allomalar at-Termiziy tahallusi bilan butun dunyoda mashhur bo'lganlar. Ana shunday zotlardan biri – hadis ilmining “oltin asri”da faoliyat yuritgan “Sihohi sitta” (“Oltita ishonchli muhaddis”) vakillaridan biri, buyuk muhaddis – Imom Termiziydir.

Imom Termiziyning to'liq nomlari – Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug'iy at-Termiziy bo'lib, kunyalari Abu Isodir. Hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug' qishlog'ida o'rta hol bir oilada tavallud topganlar.

Manbalarda yozilishicha, hadislarni to‘plashda va o‘rganishda Termiziy har bir qulay fursatdan unumli foydalangan. U yo‘lda, safarda bo‘lganda ham yoki bir joyda muqim turganda ham o‘z ustozlaridan, uchratgan roviylaridan eshitgan hadislarni darhol yozib olib, ularni tartibli ravishda, alohida-alohida qayd qilib borgan. O‘z davrining yetuk muhaddis olimi sifatida tanilgan Termiziy ko‘pdan-ko‘p shogirdlarga ustozlik ham qilgan.

Alloh taolo imom Termiziyga ulug‘ allomalar bilan suhbatlashish, ularga shogird bo‘lish baxtini nasib etdi. Imom Buxoriy, imom Muslim, imom Abu Dovud hamda Basra, Kufa, Xuroson, Hijoz shayxlari, Qutayba ibn Sa'id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon kabi mashhur olimlar imom Termiziyning ustozlaridir.

Imom Termiziy Abdulloh ibn Muoviya Jumahiy, Ali ibn Hojar Marvaziy, Suvayd ibn Nasr ibn Suvayd Marvaziy, Qutayba ibn Sa'id Saqafiy Abu Roja, Abu Mus'ab Ahmad ibn Abu Bakr Zuhriy Madaniy, Muhammad ibn Abdulmalik Abu Shavorib, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Hotam Hiraviy, Ismoil ibn Muso Fazoriy Suddiy kabi shayxlardan hadislar eshitib, o‘zi ham ulardan hadislar rivoyat qiladi.

Ibn Atiyya ushbu asar haqida: «Mening nazdimda Imom Buxoriy va imom Muslimning kitobiga qaraganda Imom Termiziyning kitobi nurliroq, tushunarliroq, chunki ikki imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma'rifat ahligina foydalana oladi, xolos», degan.

Imom Termiziyning «Sunan» kitobida imom Buxoriy va imom Muslimlarning kitoblariga kiritilmagan sahih hadislar ham bor.

«Sunani Termiziy» kitobiga Abu Bakr ibn Arabiy, Suyutiy, Safiyurrahman Muborakfuriy kabi qator Islom ulamolari ko‘plab sharh va muxtasarlar yozishgan.

Shuningdek, Imom Termiziy «Shamoilun-Nabaviya», «Ilalu mufrad», «Al-ilal fil-hadis», «Ilalu fiy axiri jomi'», «Kitabuz-zuhd», «Kitabut-tarix», «Asmaus-sahoba», «Kitabu fil asaril mavqufa», «Risola fil-xilof val-jadal», «Kitabul-asmo val-kuna» kabi ko‘plab asarlarni ham yozib qoldirgan.

O'rta asr muarrixi Abu Sa'd Abdulkarim as-Sam'oniy Imom at-Termiziyning Bug' qishlog'ida tug'ilib, faoliyat ko'rsatgani uchun Bug'iy nisbasi bilan ham atalgani hamda ustozlari Imom al-Buxoriyning vafoti tufayli ko'p yig'laganlaridan umrlarining oxirida ko'zlari ojiz bo'lib qolgani tufayli “Zariyr” laqabini olganlarini qayd etgan.

“Sunani Termiziy” (“Jomi' at-Termiziy”), “Ash-Shamoil an-nabaviyya” (“Ash-Shamoil al-Muhammadiyya”) – Imom at-Termiziyning shoh asarlaridan sanaladi. Ushbu asarlarda saxiylik go'zal xulqlardan hisoblanib, saxiylik – payg'ambarlar sifati ekani alohida ta'kidlangan.

Imom Termiziy haqlarida muhim faktlarni keltiramiz:

Ulamolar "Imom Termiziy birinchi bo'lib hadislarni ilmiy asosda sahih, hasan, zaif turlarga ajratgan muhaddisdir", deb e'tirof etishgan.

Allomaning "Shamoyili Muhammadiya" asari Nabiy alayhissalom surat va siyratlari haqida yozilgan eng muhim manbadir.

-Imom Termiziy hadis ilmiga birinchi bo'lib "hasan" kategoriyasini kiritgan.

-Imom Buxoriy shogirdi Imom Termiziyga: "Siz mendan bahramand bolganingizdan ko'ra, men sizdan ko'proq bahramand bo’ldim", deb munosib baho bergan.

-Imom Termiziy kuchli xotiraga ega bo'lib, 40 hadisni bir eshitishda yod olib, qayta aytib bera olgan.

-Imom Termiziyning "Sunan" kitobi haqida: "Kimning uyida bu kitob bo'lsa, o'sha xonadonda Payg'ambar alayhissalom gapirayotgandek bo'ladilar" deyilgan. "Sunani Termiziy asari islom olamida eng ishonchli deb e'tirof etilgan olti sahih hadis to'plamining biri hisoblanadi.

Alloh subhanahu va taolo Imom Termiziyga olimlarga, solihlarga, zohidlarga va'da qilgan ne'matlarini ato etsin! Jannatmakon yurtimizdan to qiyomatga qadar ham dinimizga bu qadar katta xizmat ko‘rsatadigan, ilm-ma'rifatning rivojiga salmoqli hissa qo‘shadigan zotlar yetishib chiqishini nasib aylasin!

Azimjon Yakubov,
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi

. .