
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM. “Ilm” so‘zi lug‘atda “bilish, anglash, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga “haqiqatni xuddi voqelikdagidek idrok qilish ilmdir” deb ta'rif berishgan. Buning ma'nosi shuki, olingan ma'lumot bir narsaning asl mohiyatini to‘g‘ri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil bo‘lsagina chinakam ilm hisoblanadi.
Kishilik hayotini ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qur'oni karimda ilm so‘zi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
Ilm – eng fazilatli amaldir, chunki u ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va ma'rifat bilangina chinakam hayotdir. Insonning hayotini to‘g‘ri yo‘lga solmagan, uning fe'l-atvorida, amalida ta'siri bilinmagan, to‘g‘ri yo‘lga yetaklamagan ilmda yaxshilik, xayr-baraka yo‘qdir. Shuning uchun o‘rganilgan emas, amal qilingan ilm haqiqiy ilm sanaladi. O‘qigan, bilganiga amal qilmagan odam bu ilmning hammoli bo‘ladi, xolos. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam manfaatsiz ilmdan panoh so‘raganlar.
Ilm insonlarga dunyo va oxiratda eng to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchidir. U tolibi ilmni saxiy, juvonmard, kamtarin, jur'atli, iffatli bo‘lish baxtiga erishtiradi. Baxillik, qizg‘anchiqlik, qo‘rqoq va jur'atsizlik, manmanlik, isrofgarchilik kabi yomon axloqlardan o‘zini saqlab, kishilar ko‘rganlarida suhbatiga oshiqadigan go‘zal xulq egasi bo‘lib kamol topishiga sabab bo‘ladi. Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi. Inson orzu maqsadlariga ilm orqali yetishadi.
Kishining bilim olishi, salohiyatli fuqaro bo‘lib ulg‘ayishi, el-yurt manfaati uchun xizmat qilishi va ilm fan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi hamma zamonlarda dolzarb sanalgan masalalardan hisoblanadi. Bunga shak shubha yo'q.
Alloh taolo alim sifati bilan sifatlandi va bu sifat bilan bandalariga sifatlanishga bandalarini buyurdi. Bu sifat dunyodagi insonlarni bu dunyo va oxiratda ham aziz qiladigan sifatdir. Kimki ilm yo'liga o'tadigan qadamni bosadigan bo'lsa, bu dunyo ishlari unga oson va foydali bo`ladi, agar niyatlari ham Alloh uchun xolis bo'lsa, oxiratda katta zafarlar uniki bo'lishi aniqdir. Chunki Alloh taolo o'zining kalomida bir necha bor biz bandalarga ilm olish haqida buyuradi va taklif qiladi. Masalan:
Alloh ilm berilgan kishilarni darajalarini ko‘tarur:
(يَرْفَعِ الله الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ ۚ )
"Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur". Mujodala surasi 11-oyat.
Bu oyati karimada Alloh taolo iymon keltirganlarni va ilm berilgan kishilarni, dunyo va oxiratda ajrlarini ziyoda qilib, ulug‘ darajalarga ko'tarishini zikr qilmoqda.
Ilm talab qilish, dinimizdagi eng muhim amal hisoblanib, Qur’onda birinchi nozil bo‘lgan, oyat ham ilmga targ‘ib qilish bilan boshlandi.
Ilm o‘z sohibini yuqori martabalarga ko‘tarib, Robbisini yaxshiroq tanishga va U zotga qanday ibodat qilishga, undan qo‘rqishga olib boradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ulomalarni madh qilib shunday marhamat qilganlar:
“ اَلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ “
(رواه ابو داود والترمذي)
"Ulomalar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki, ilmni meros qilib qoldirganlar", deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ko‘p hadislarida ilm olishga targ‘ib qilganlar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir", dedilar.
Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Demak, har bir musulmon ilm talab qilishni o‘zi uchun farz deb bilishi kerak. Har bir musulmon diniy, dunyoviy ilmlarni puxta o‘rganib, kishilarni hidoyatga chaqiruvchi va ularni og‘irini yengil qiluvchi va jamiyatni gullab, yashnashi va taraqqiy etib, rivojlanishi uchun xizmat qiladigan shaxs bo‘lishga harakat qilishi lozim.
Hasan Basriy aytdilar. "Bir kishi ilm o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga o‘rgatishi ham amal hisoblanadi". Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Amallarning qaysi biri afzal?" deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: "Ilm olish", dedilar. U kishi ikkinchi, uchinchi bor so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga avalgidek javob berdilar. Shunda u kishi: "Ey Rasululloh, sizga salomlar bo‘lsin, men amal haqida so‘rayapman", dedi. Nabiy alayhissalom: "Alloh amallarni ilmsiz qabul qiladimi?" dedilar.
روى الترمذي من حديث أبي الدرداء قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم
يقول : "من سلك طريقا يلتمس فيه علما سلك الله به طريقا إلى الجنة وإن الملائكة
لتضع أجنحتها رضا لطالب العلم وإن العالم ليستغفر له من في السموات ومن في الأرض
والحيتان في جوف الماء وإن فضل العالم على العابد كفضل القمر ليلة البدر
على سائر الكواكب وإن العلماء ورثة الأنبياء وإن الأنبياء لم يورثوا دينارا
ولا درهما إنما ورثوا العلم فمن أخذ به أخذ بحظ وافر"
Abu Dardo raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer – osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi" – dedilar.
Hozirgi paytda zamonamizda ilm deganda biz insonlar o'rtasida faqatgina diniy bilimlar e'tirofli bo'lib qolgan. Ilm hayotiy zaruratga o'xshab qolgan, aslida esa ilm turlanmaydi aksincha, ilm foydali yoki befoyda ilmga bo'linadi. Shuni yaxshi bilaylikki, inson o'ziga, o'z holatidan kelib chiqib olgan ilm unga zarur bo'ladi, hamda shariatimiz ham shunga buyuradi. Masalan, shifokorga o'z ilmi farzdir, lekin shifokor o'z ilmini chuqur bilmay boshqa ilmlarga(ya'ni o'z ishiga xalal beradigan) kirishishi unga makruh bo'ladi, demak ilm olish doim ham bizga farz bo'lmaydi, hatto ba'zi o'rinlarda harom ham bo'lishi mumkin. Shuningdek shariat ilmlari ham har bir inson o'z ibodati hamda e'tiqodiga yarasha bilishi unga farz bo'lsa, ziyoda o'rganishi fazl hisoblanadi. Ilm bu najot kemasiga o'xshaydi kim unga ulansa halok bo'lmaydi
Biz ilm haqida, uning mohiyati xususida so‘z yuritishdan oldin, ilm olguvchi shaxsning mohiyati haqida suhbalashib olsak. Chunki ilm ushbu shaxsni komillikka yetkazish uchun taqdim etilgan ilohiy in'omdir.
Inson kim ekanini bilamizmi? Inson Alloh taolo yaratgan maxluqotlari orasida eng oliysi bo‘lib, aql bilan siylangandir. Yer yuzidagi barcha narsalar unga xizmat qilish uchun bo`ysundirib qo‘yilgan va u barcha narsalardan afzal etilgan va butun zamin, insonning qo‘liga topshirilgan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik, hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Insonning borlig‘i jism va ruhdan tashkil topgan. Kishi ushbu ikki unsur uchun berilgan ne'matlar ichida yashaydi. Jismoniy ne'matlar sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilardan iborat bo'lib, ne'matlar barcha bandalarga barobar berilaveradigan narsalardir. Ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar imon, axloq, insofu-tavfiq kabi ijobiy sifatlardan iborat bo‘lib, bu ne'matlar faqat Alloh taoloning inoyatiga musharraf bo‘lgan bandalarigagina nasib bo‘ladi. Bu inoyatga bizni eltuvchi yagona vosita esa haqiqiy asosga tayangan ilmdir.
Alloh insonni aql va idrokda butun maxluqlaridan mukarram aylab, unga yerdagi hamma narsani bo‘ysundirib qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:
“Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – degan ekanlar.
Inson vujudidagi moddiy tarafni isloh qilish bilan birgalikda ma'naviy jihatni ham yoddan chiqarmasligi lozim. Agar moddiy tomon ma'naviy tomondan ustunlik qilsa, kishi haqiqatni anglamay qoladi, farosat, aql-idrok ko‘zi berkiladi va ma'naviy xastalikka uchraydi. Bu xastalikni davolashning birdan-bir yo‘li esa tarbiya chashmalaridan qonib suv ichish, ya'ni mustahkam bilimga suyanish, ularni o‘rganib, qat'iy amal qilishdir.
Yuqorida zikr etilgan insoniylik mohiyatiga munosib bo‘lish uchun kishining tabiiy aqli qosirlik qilib qolishi mumkin. Shuning e'tiboridan aqlni sayqallash, ruhni buhronlardan himoya qilish, ma'naviy yuksaltirish uchun ilm vositasidan foydalanishga buyurilganmiz. Ilm ma'naviyatning muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lib insonni kamolotga yetaklaydi, unga hurmat va e'tibor keltiradi. Bilimli kishilar samarali ijodiy va ilmiy ishlari bilan el orasida hurmat topadilar, jamiyatning rivojlanishiga hissa, xalqining va vatanining obro‘siga obro‘ qo‘shdilar.
Imom Buxoriy bobomizning shoh asari, Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi manba sifatida ko‘riluvchi “Sahihul Buxoriy” asarining “Ilm kitobi” qismi birinchi bobi “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”(Mujodala surasi, 11 oyat) oyati bilan boshlagan bo‘lib, mazkur oyatda imon so‘zi ilmdan muqaddam keltirilgan. Bu esa imon va ilm bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi, ilm olishdan maqsad jamiyatning taraqqiyoti va oxirat saodati ekani, imonsiz ilm esa insoniyatga zarardan boshqa narsa keltirmasligi bayon qilingan.
Hozirda ko'plab rivojlangan davlatlardagi ziyoli kishilar islom va boshqa dinlarni o'rganib chiqib haqiqiy sof din islom ekanini e'tirof etib musulmon bo'lishmoqda, alhamdulillah. Bunday holatlarni siz azizlar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali qiziqib ko'rishingiz mumkin, albatta, shunda bu insonlarni barchasida bir xil javob ya'ni Qur`onni o'rgandim, uning ma'nolarini o'qidim va xulosa qildim degan so'zini eshitasiz.
Albatta tarix va hozirgi zamon ham guvohki, kim sof niyatda ilm o'rgansa, o'z yo'lini topadi va dunyoyu oxiratda najot topadi.
Zokirov Nodirbek
Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Eng ko'p o'qilgan Talaba minbari
