Islom falsafasida ekologik dunyoqarash
Muallif: . .
Sana: 15.04.2025
53

Annotatsiya:

Ushbu maqolada ekologik muammolar zamonaviy dunyoning dolzarb muammosi sifatida tahlil qilinadi. Islom falsafasida tabiatga nisbatan mas’uliyat, muhofaza va mehr-muhabbat g‘oyalari qanday shakllanganligi yoritiladi. Statistik ma’lumotlar asosida ekologik muammolarning ko‘lami ko‘rsatilib, ekologik madaniyatni shakllantirishda diniy va madaniy qadriyatlarning o‘rni baholanadi.

Kirish

So‘nggi yillarda global ekologik muammolar insoniyat taqdiriga tahdid solmoqda. BMTning sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili taxminan 7 million kishi havo ifloslanishi tufayli hayotdan ko‘z yumadi. 2022- yilda esa dunyo bo‘yicha 10 million gektardan ortiq o‘rmon maydonlari kesilgan (FAO, 2022).
O‘zbekiston kontekstida ham ekologik vaziyat tashvishli. 2024-yilgi rasmiy hisobotlarga ko‘ra, atmosfera havosining ifloslanish darajasi o‘rtacha 20 foizga oshgan (EKO, 2024). Bunday sharoitda ekologik madaniyatni rivojlantirish dolzarb vazifaga aylangan. Shu jihatdan qaraganda, islom falsafasi va tarixiy meros ekologik ongni shakllantirishda muhim manba bo‘la oladi.

Islom falsafasida ekologik qadriyatlar

Islom dinida inson tabiat bilan uyg‘unlikda yashashi kerakligi ta’kidlanadi. Islomning eng asosiy manbasi bo’lmish Qur’oni Karimning “Baqara” surasi 30-oyatida inson yer yuzida uni obod qilish uchun yuborilgan o’rinbosar vakil etib tayinlanganligi qayd etilgan. Bu esa insoniyat uchun ayricha mas’uliyat hisoblanadi. Tabiiy boyliklar – suv, havo, o‘simlik va hayvonot olami Allohning ne’mati hisoblanadi. Ularni asrash, tejash va isrof qilmaslik islom axloqining muhim tamoyillaridan biridir.
Tadqiqotchi Fransiska de Shatel shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam tabiatni muhofaza qilish fanining yetakchilaridandir. Chunki biz u kishining hadislariga yaxshilab e’tibor bersak, bu sohaga oid tadbirlar haqida so‘z yuritilganini, u zot tabiatni asrashga qattiq chorlaganlarini ko‘ramiz. Balki u kishi o‘z zamonida egologiyani asrab-avaylashda peshqadam bo‘lganlar.

Fikrning isboti sifatida quyidagi hadisga e’tibor qaratsak: “Agar bir kishi bir daraxt ekib, undan inson, hayvon yoki qush foydalansa, bu uning uchun sadaqadir.” (Imom Buxoriy)
Yana bir hadis: “Qiyomat turgan bo‘lsa ham, agar biringizning qo‘lida bir ko‘chat bo‘lsa va uni ekishga ulgura olsa, albatta uni eksin”. (Imom Buxoriy, Al-Adab al-Mufrad)

Imom Bayhaqiydan kelgan hadisda: "Yetti narsa borki, banda vafot etganidan so‘ng ham qabrida yotganida uning ajri davomli unga yetib turadi”, kim ilm o‘rgatsa, yoki anhor kavlasa, yoki quduq qazisa, yoki xurmo daraxti eksa, yoki masjid qursa, yoki Qur’on mus’hafi meros qolsa, yoki o‘zidan keyin uning uchun istig‘for aydigan farzand qoldirsa." Hadisda zikr qilingan “daraxt ekish” amali, zamonaviy ekologik ilmiy mezonlar bilan qaralganda ham, atrof-muhitni muhofaza qilishning eng asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Bu nafaqat diniy savobli amal, balki ilmiy jihatdan insoniyat kelajagini himoya qiluvchi ekologik mas’uliyat demakdir.

Bundan tashqari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hayotlarida suvni isrof qilmaslik, hayvonlarga mehr ko‘rsatish, daraxt ekish kabi ko‘plab ekologik qadriyatlar namoyon bo‘lgan. Musulmon olimlari o‘rta asrlarda ekologik tafakkur rivojiga katta hissa qo‘shganlar. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy va Forobiy o‘z asarlarida tabiat ilmlarini chuqur o‘rgangan. Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarida sog‘liqni saqlash bilan birga havoning tozaligi, suv gigiyenasi, o‘simliklarning foydasi haqida so‘z yuritgan. Sharq me’morchiligida ham ekologik yechimlar mavjud edi. Masalan, hovli shaklidagi uylar, bog‘lar, ichimlik suvlarining tabiiy oqimini nazorat qilish tizimlari barpo etilgan.

Zamonaviy yechimlar: diniy-ma’naviy yondashuvlar

Bugungi ekologik muammolarning asosiy sababi – insonning tabiat bilan bog‘liqligini unutishi va uni faqat iste’mol manbasi sifatida ko‘rishidir. Islom dini esa bu munosabatni aksincha asoslantiradi: tabiat – bu Allohning omonati, uni asrash esa ibodat darajasidagi burchdir.
Shu sababli, ekologik ong va madaniyatni rivojlantirishda diniy-ma’naviy yondashuv ham muhim vosita bo‘la oladi. Ta’lim tizimida ekologik tarbiya islomiy qadriyatlar asosida olib borilsa, bu kuchli axloqiy asos yaratadi.

Xulosa

Ekologik muammolar global miqyosda xavotir uyg‘otmoqda. Ularni hal qilishda faqat texnik yoki siyosiy yondashuvlar yetarli emas. Islomiy tafakkur va tarixiy meros asosida inson qalbida tabiatga nisbatan muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish zarur. Bu esa ekologik madaniyatni rivojlantirishning barqaror yo‘li hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar (APA uslubida):

World Health Organization. (2023). Ambient air pollution: Health impacts. https://www.who.int/news-room/fact-sheets/detail/a...

Food and Agriculture Organization. (2022). Global Forest Resources Assessment. https://www.fao.org/forest-resources-assessment

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi. (2024). O‘zbekistonning ekologik holati bo‘yicha yillik hisobot. https://eco.gov.uz

United Nations Development Programme (UNDP). (2023). Environmental overview – Uzbekistan. https://www.uz.undp.org

Al-Buxoriy, M. I. (n.d.). Sahih al-Buxoriy.

Ahmad ibn Hanbal. (n.d.). Musnad Ahmad.

Muallif: Abdulaziz Boqiyev,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

. .