
Taqvo - Allohga bo’lgan muhabbat va qo’rquv ziynati
Islom dinida taqvo tushunchasi muhim o’rin tutadi. Taqvo - bu Allohdan qo’rqish, Uning amrlariga bo’ysunish, qaytariqlaridan saqlanish va shu orqali Allohning roziligini qozonishga intilishdir. Qur’oni Karim va Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarida taqvoning fazilatlari, unga erishish yo’llari va jamiyat uchun ahamiyati keng bayon qilingan.
Qur’oni Karimda taqvo haqida:
Alloh taolo Qur’onda taqvo borasida ko’plab oyatlar nozil qilgan. Ulardan birida shunday deyiladi:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ حَقَّ تُقَاتِهِ وَلَا تَمُوتُنَّ إِلَّا وَأَنْتُمْ مُسْلِمُونَ﴾
“Ey iymon keltirganlar! Allohdan haqiqiy qo’rqish bilan qo’rqinglar va faqat musulmon bo’lgan holingizda dunyodan o’tinglar”. (Olimron 102-oyat)
“وَمَن یَتَّقِ ٱللَّهَ یَجۡعَل لَّهُۥ مَخۡرَ”
“Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo’lini ochib qo’yadir”. (Taloq surasi 2-oyat)
“وَیَرۡزُقۡهُ مِنۡ حَیۡثُ لَا یَحۡتَسِبُۚ وَمَن یَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱللَّهِ فَهُوَ حَسۡبُهُۥۤۚ إِنَّ ٱللَّهَ بَـٰلِغُ أَمۡرِهِۦۚ قَدۡ جَعَلَ ٱللَّهُ لِكُلِّ شَیۡءࣲ قَدۡر”
“Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini yetkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir”. (Taloq surasi 3-oyat).
Yana bir oyatda Alloh taolo taqvo ahlining oxiratdagi mukofotini bayon qiladi:
إِنَّ الْمُتَّقِينَ فِي جَنَّاتٍ وَنَعِيمٍ
“Albatta, taqvodorlar jannatlar va nozu ne’matlar ichidadirlar”. (Tur surasi, 17-oyat)
Bu oyat taqvo Allohning huzuridagi yuksak maqomga erishish va jannat ne’matlaridan bahramand bo’lish sababi ekanligini ko’rsatadi.
Hadislarda taqvo haqida:
Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham o’z hadislarida taqvoning fazilatlari va uning ahamiyatini ko’p bor ta’kidlaganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَكْثَرُ مَا يُدْخِلُ النَّاسَ الْجَنَّةَ تَقْوَى اللَّهِ وَحُسْنُ الْخُلُقِ"
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odamlarni jannatga ko’proq kiritadigan narsa Allohdan qo’rqish (taqvo) va go’zal xulqdir”. (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisda taqvo jannatga kirishning asosiy sabablaridan biri ekanligi bayon qilinmoqda. Shuningdek, go’zal xulq ham taqvo bilan birga jannatga eltuvchi omil sifatida zikr qilinadi.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ، وَالْمُهَاجِرُ ممَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللَّهُ عَنْهُ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon - bu boshqa musulmonlar uning tilidan va qo’lidan salomat bo’lgan kishidir, muhajir esa Alloh qaytargan narsalardan hijrat qilgan (uzoqlashgan) kishidir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ushbu hadisda taqvoning amaliy ko’rinishlaridan biri til va qo’l bilan boshqalarga zarar yetkazmaslik ekanligi ta’kidlanadi. Shuningdek, Alloh taolo man qilgan narsalardan uzoqlashish ham taqvoning muhim jihatidir.
Taqvoning jamiyat uchun ahamiyati:
Taqvo nafaqat shaxsning oxirati uchun foydali, balki jamiyat hayotida ham muhim o’rin tutadi. Taqvodor insonlar adolatli, halol, mehribon va mas’uliyatli bo’ladilar. Ular Allohdan qo’rqqanlari uchun jamiyatda buzg’unchilik qilmaydilar, birovni haqqini yemaydilar, yolg’on gapirmaydilar, aksincha bunday ishlardan odamlarni qaytaradilar. Taqvo hukmron bo’lgan jamiyatda tinchlik, xotirjamlik va o’zaro hurmat muhiti hukm suradi.
Xulosa:
Taqvo - musulmon kishining eng muhim sifatlaridan biridir. U Allohga bo’lgan imonning mevasi, ibodatlarning ruhi va jannatga eltuvchi eng yaxshi vositadir. Har bir musulmon Qur’on va sunnat ko’rsatmalariga amal qilib, taqvoga erishishga intilmog’i lozim. Zero, taqvo - dunyo va oxirat saodatining kalitidir.
Abdulatif Baxtiyorjon o'g'li,
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
