ISLOM TA’LIMOTIDA EKSTREMIZM VA RADIKALIZMDAN SAQLANISH TAMOYILLARI
Muallif: . .
Sana: 10.02.2026
94

Islom hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan mukammal ilohiy ta'limotdir. Bu mukammal ta'limot sof fitratga to‘liq muvofiq bo‘lib, insonning har qanday ehtiyojlariga mo‘tadillik ila yechim beradi. Islom ta’limoti o‘zining qat’iy va mustahkam asoslari ila yagona iloh bo‘lmish Allohga ibodat qilish, yaxshilikka buyurib, yomonlikdanqaytarishga chorlaydi. Bu chorlovlardan xabardor kimsa biladiki, Islom ekstremizm va radikalizmni qattiq qoralaydi.

Bugungi kunda, so‘nggi 30–40 yil davomida ayrim jamiyatlar va davlatlarda kuzatilayotgan islomofobiya, ekstremizm va radikalizm hodisalarini Islom dini bilan bog‘lash tasodifiy holat emasligi tobora ravshanlashib bormoqda. Bu kabi qarashlar muayyan siyosiy, mafkuraviy va geosiyosiy manfaatlarga erishish maqsadida rejali va tizimli tarzda shakllantirilgan. Holbuki, ekstremizm va radikalizm Islom ta’limotiga mutlaqo zid bo‘lib, o‘z mohiyati jihatidan ular hech qaysi din, millat yoki e’tiqodga xos emas.

Islom ta’limotini chuqur o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, u insonni to‘g‘ri hayot kechirishga, yer yuzini obod etishga, jamiyat va insoniyatga foyda keltirishga da’vat etadigan, shu bilan birga fitna va fasoddan, adolatsizlik hamda zulmdan qat’iy qaytaradigan dindir. Islom ta’limoti Qur’oni Karim hamda Payg‘ambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallamning sunnatlarida mujassam bo‘lib, aynan shu asoslar orqali uning har qanday ekstremizm va radikalizm g‘oyalariga mutlaqo qarshi ekanligi yaqqol namoyon bo‘ladi.Ekstremizm va radikalizmdan qaytaruvchi diniy matnlar Qur’oni Karim oyatlari hamda sahih hadislarda o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularda tinchlik, bag‘rikenglik, adolat va inson qadr-qimmatini ulug‘lash asosiy tamoyil sifatida ilgari suriladi.

Ekstremizm va radikalizmdan qaytargan diniy matnlar:

I. Qur'oni Karim

Qur'on Karimda tajovuzkorlik va zulm harom ekanini takidlovchi ochiq-ravshan oyatlar kelgan. Alloh taolo aytadi: "Va tajovuzkor bo‘lmangiz! Shubhasiz, Ollohtajovuzkorlarni sevmaydi." (Baqara surasi, 190-oyat)

Alloh taolo insonni o‘ziga nisbatan zulm va tajovuz qilishdan qat’iy qaytargan. Chunki insonning jismi ham, ruhi ham Yaratgan Zotning mulkidir. Alloh taolo inson tanasini unga omonat sifatida bergan bo‘lib, Qiyomat kuni bu omonat haqida hisob-kitob qilinishi muqarrar. Shu bois Islom ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi yoki o‘ziga zarar yetkazishi og‘ir gunoh sifatida baholanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bu haqda shunday marhamat qiladi: "O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir. Kim buni tajovuzkorlik va zulm ila qilsa, albatta, uni olovga kiritib kuydirurmiz. Bu esa Alloh uchun osondir." (Niso surasi, 29–30-oyatlar)

Shuningdek, Qur’oni Karim insonni boshqalarga nisbatan tajovuz va zo‘ravonlik qilishdan ham qat’iy qaytaradi. Zero, boshqalarga tajovuz qilish nafaqat bir shaxsga zarar yetkazish, balki avvalo tajovuz qiluvchining o‘zini, so‘ngra jabrlanuvchining oilasi, qadr-qimmati va jamiyatdagi o‘rnini poymol etish demakdir. Islom ta’limotida inson hayoti oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi. Alloh taola aytadi: "Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, go‘yo hamma odamlarni o‘ldirgandek bo‘ladi. Kim uni tiriltirsa, go‘yo hamma odamlarni tiriltirgandek bo‘ladi." (Moida surasi, 32-oyat)

Hasan Basriy rahimahulloh aytadilar: "Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgandek bo‘lishini sababi shuki, bir odamni o‘ldirgan kishining jazosi jahannam bo‘lishi, Allohning g‘azabiga va ulkan azobiga yo‘liqishidir. Agar u barcha odamlarni o‘ldirganida ham jazosi bundan ortiq bo‘lmas edi." Kim uni tiriltirsa ya’ni kim bir jonni halokat sabablaridan: qatl, cho‘kib ketish, yonib ketish, bino qulashidan yoki boshqa balolardan qutqarsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo‘lur. Bu oyatda bir kishini o‘ldirish barcha odamlarni o‘ldirishga teng qilib ko‘rsatilgan. Xuddi shuningdek, bir jonni saqlab qolish ham hamma odamlarni tiriltirishga teng qilib ko‘rsatilgan. Bu nohaq odam o‘ldirishdan qo‘rqitish va bir jonni saqlab qolishga rag‘batlantirish uchundir. Chunki kim bir jonni o‘ldirmoqchi bo‘lsa, agar buni butun insonlarni o‘ldirish bilan teng deb o‘ylasa, bu ish unga juda og‘ir tuyuladi. Xuddi shunday, kim bir jonni saqlab qolmoqchi bo‘lsa, agar bu ish hamma odamlarni tiriltirishga teng ekanini bilsa, bunga yanada ko‘proq harakat qiladi. (Abul Barakot Nasafiy. Madorikut tanzil va haqoiqut ta‘vil. I-jild.)

Islom buzg'unchilik va fasodni qoralashi, Alloh taolo bunday qiluvchilarni suymasligi Qur’oni Karimda baralla aytilgan. Alloh taolo aytadi: "Yerda(zulmu zo'ravonlik bilan) buzg‘unchilik qilishga urinma. Chunki Alloh buzg‘unchi kimsalarni suymas." (Qasos surasi, 77-oyat).

Alloma Bayzoviy oyatdagi "Yer yuzida buzg‘unchilik qilishga urinma" jumlasinizulm va tajovuzga sabab bo‘ladigan ishlarni qilma, deb tafsir qilganlar. Imtihon sifatida berilgan imkoniyatlarga berilib, unga ishonib qolib, fasod va buzg'unchilik yo‘liga kirish mutlaqo to‘g'ri emas. Alloh bunday buzg'unchilarni sevmas.

Alloh taolo zulm, tajovuz va buzg‘unchilikdan qaytarish bilan birga yaxshi ishlarda hamkorlik bo‘lishga buyuradi. Alloh taolo aytadi: "(Ey mo'minlar ) Sizlar yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz. Gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz. Ollohdan qo‘rqingiz!. Shubhasiz, Ollohning azobi qattiqdir" (Moida surasi, 2-oyat)

II. Sunnat

Adulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Haqiqiy musulmon – tili va qo‘lidan musulmonlar omonda bo‘lgan kishidir", dedilar." Xattobiy rohmatulloh alayh bu hadisni "Maqtovga sazovor musulmon - bu sifatlar unda jamlangan kishidir", deb sharhlaganlar. Til bilan ozor berishga g'iybat, tuhmat, masxara qilish, obro‘sini to‘kish, chaqimchilik va shunga o‘xshash illatlar kiradi. Qo‘l bilan ozor berish esa insonning har qanday amali bilan boshqalarga zarar yetkazishidir. Hadisdagi muhim jihat shundaki, odamlar undan butunlay xotirjam boʻlishlari kerak - ya'ni "bu kishi menga zarar yetkazmasmikan" degan qo‘rquv umuman bo‘lmasligi lozim. Mana shunday insongina haqiqiy, iymoni komil musulmon sanaladi.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qonlaringiz, mollaringiz, sha'n-obro‘laringiz oralarinigizda shu kuningiz (Qurbon hayiti), shu oyingiz (Zulhijja), shu shaharingizning muqaddasligi kabi muqaddasdir. Hozir boʻlganlar hozir bo‘lmaganlarga yetkazsin. Ajab emaski, hozir bo‘lgan kishi buni o‘zidan ko‘ra anglovchiroq kishiga yetkazsa." dedilar."

Shuncha yaxshilikka chaqirgan, hatto o‘z-o‘ziga zarar yetkazishni ham man etgan din qanday qilib ekstremizm va radikalizmga qarshi bo‘lmasin!?. Inson aqlini, ruhini, tanasini omonat deb uqtirgan va uni asrashni buyurgan ta’limot, qanday qilib begunoh insonlar qonini to‘kishga asos bo‘lishi mumkin!? Aksincha, birgina begunoh jonning hayotiga qasd qilishni butun insoniyatni qirg‘in qilish bilan tenglashtiruvchi bu din, ekstremizmning har qanday ko‘rinishini eng og‘ir jinoyat va ulkan gunoh deb hisoblaydi.

Yer yuzida buzg‘unchilik qilishni qoralagan Islom ta’limoti, jamiyatda tartibsizlik chiqaruvchi radikal g‘oyalarni mutlaqo rad etadi. Islomga ko‘ra, haqiqiy musulmon — bu jamiyat uchun xavf manbai emas, balki atrofidagilar uning tili va qo‘lidan to‘la omonlikda bo‘ladigan shaxsdir. Insonlarning nafaqat joni, balki ularning mol-mulki va sha’n-obro‘si ham eng muqaddas qadriyatlar qatoriga qo‘yilgan. Bunday yuksak ma’naviy mezonlar bor joyda radikallashuvga o‘rin qolmaydi. Bu buyuk ta‘limot faqatgina yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilishga buyurib, gunoh va dushmanlik ishlaridan qaytaradi. Binobarin, zulm va tajovuz yo‘liIslom ta’limotiga butunlay zid, iymondan yiroq va insoniyatga dushman bo‘lgan buzg‘unchilik yo‘lidir. Haqiqiy Islom bu bunyod etish, tiriltirish va tinchlikni qaror toptirish dinidir.

Abdubannayev Yahyoxon A'zamjon o‘g'li
Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .