HANAFIY FIQHIDA URFNING HUJJATLIGI VA HUKMLARNING ZAMON O‘ZGARISHI BILAN O‘ZGARISHI MASALASI (IBN OBIDINNING “SHARHI UQUDI RASM AL-MUFTIY” ASARI ASOSIDA)
Muallif: . .
Sana: 17.06.2026
21

Annotatsiya: Mazkur maqolada hanafiy fiqhida urf va odatning huquqiy manba sifatidagi o‘rni, uning shar’iy hujjatligi hamda fiqhiy hukmlarni istinbot qilishdagi ahamiyati tahlil qilinadi. Shuningdek, urfning lug‘aviy va istilohiy ta’riflari, uning turlari, e’tiborga olinishi shartlari hamda hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi masalalari yoritiladi. Tadqiqotda, asosan, Ibn Obidinning “Sharhi uqudi rasm al-muftiy” asarida bayon qilingan qarashlar tahlil qilinib, urfning muftiy va qozi faoliyatidagi o‘rni, shuningdek, shar’iy nasslarni talqin qilish va ayrim hollarda xoslashdagi ahamiyati ochib beriladi. Maqolada urfning shariatga zid bo‘lmagan holatlarda huquqiy dalil sifatida qo‘llanilishi, uning jamiyat ehtiyojlari va ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishiga mos ravishda fiqhiy hukmlarga ta’siri ilmiy asosda bayon etilgan. Tadqiqot natijasida urfning fiqhiy hukmlarni hayotiy voqelikka moslashtirishda muhim vosita ekani hamda hanafiy mazhabida huquqiy moslashuvchanlikni ta’minlovchi omillardan biri hisoblanishi xulosasiga kelinadi.

Kalit so‘zlar: Urf, odat, hanafiy fiqhi, usulul fiqh, shar’iy dalillar, fatvo, muftiy, qozi, hukmlarning o‘zgarishi, zamon o‘zgarishi, maslaha, taomul, nass, xoslash, ijtihod, Ibn Obidin, Sharhi uqudu rasm al-muftiy, fiqhiy qoidalar.

Kirish. Islom huquqi inson hayotining barcha jabhalarini qamrab oluvchi mukammal huquqiy tizim hisoblanadi. Ushbu tizimning asosiy manbalari Qur’oni karim, sunnat, ijmo‘ va qiyos bo‘lsa-da, fiqhiy hukmlarni amaliy hayotga tatbiq etishda urf va odatlarning ham alohida o‘rni mavjud. Chunki insonlar hayoti, ijtimoiy munosabatlar, iqtisodiy faoliyat va muomala shakllari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib boradi. Shariatning maqsadlaridan biri esa insonlarning manfaatlarini ta’minlash va ulardan zararlarni daf etish bo‘lganligi sababli, fiqh olimlari jamiyatda shakllangan urf-odatlarni e’tiborga olish masalasiga katta ahamiyat qaratganlar. Urf fiqh va usul al-fiqh ilmlarida keng muhokama qilingan masalalardan biri bo‘lib, u kishilar o‘rtasida odatiy tus olgan, takror-takror qo‘llanilishi natijasida umumiy qabul qilingan amaliyot yoki tushunchalarni anglatadi. Ayniqsa, hanafiy mazhabi ulamolari urfni shar’iy hukmlarni qo‘llash, muomalalarni talqin qilish va fatvo chiqarishda muhim mezonlardan biri sifatida baholaganlar. Shu bois hanafiy fiqhida “Odat – hakamdir” qoidasi fiqhiy qoidalarning eng mashhurlaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Mazhab tarixiga nazar tashlanadigan bo‘lsa, dastlabki mujtahidlar tomonidan muayyan davr va jamiyat sharoitlaridan kelib chiqib bayon qilingan ayrim hukmlar keyingi davrlarda urf, ehtiyoj va ijtimoiy holatlarning o‘zgarishi sababli boshqa shaklda fatvo qilina boshlaganini ko‘rish mumkin. Bu holat, ayniqsa, hanafiy mazhabining mutaaxxir olimlari faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ular mazhab imomlarining so‘zlarini mutlaq va o‘zgarmas hukm sifatida emas, balki ma’lum zamon va sharoit bilan bog‘liq fiqhiy yechim sifatida baholab, yangi urf va ehtiyojlar asosida fatvo berishgan. Bu esa fiqhning hayotiyligi va zamon bilan hamnafas rivojlanish imkoniyatini ta’minlagan. Mazkur masala hanafiy mazhabining yirik faqihi va muftiysi bo‘lgan Ibn Obidin (vaf. 1252/1836) asarlarida keng yoritilgan. Xususan, uning “Sharhi uqud rasm al-muftiy” asarida urfning hujjatligi, hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi, muftiy va qozining urfni e’tiborga olishi zarurligi hamda urfning turlari va shartlari batafsil tahlil qilingan. Muallif urfni e’tibordan chetda qoldirib, faqat matnlarning zohiriga yopishib olish ko‘plab huquqlarning poymol bo‘lishiga va insonlarga zulm yetishiga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaydi. Ushbu maqolaning maqsadi hanafiy fiqhida urfning hujjat sifatidagi o‘rnini, uning shar’iy asoslarini hamda hukmlarning zamon va makon o‘zgarishi bilan bog‘liq ravishda yangilanib borishidagi ahamiyatini tahlil qilishdan iboratdir. Shuningdek, Ibn Obidinning “Uqud rasm al-muftiy” asarida keltirilgan nazariy qarashlar va amaliy misollar asosida urfning fatvo chiqarishdagi o‘rni yoritiladi. Tadqiqot davomida urfning turlari, unga amal qilish shartlari, nass bilan munosabati hamda zamonaviy fiqhiy masalalarni hal etishdagi ahamiyati ilmiy jihatdan o‘rganiladi.

1. Urf tushunchasi va uning fiqhiy mohiyati

Lug‘atda “urf” so‘zi “tanilgan”, “ma’lum bo‘lgan”, “odamlar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingan narsa” ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa u kishilar o‘rtasida keng tarqalib, odatiy tus olgan va umumiy qabul qilingan amaliyot yoki tushunchani bildiradi. Hanafiy usulchilar urfni insonlar hayotida shakllangan va jamiyat tomonidan e’tirof etilgan odatlar majmui sifatida talqin qilganlar. Ibn Obidin “Sharhi uqud rasm al-muftiy” asarida urfning mohiyatini bayon etish jarayonida avvalgi usul ulamolari tomonidan berilgan ta’riflarni keltiradi. Jumladan, “Al-Mustasfo” asaridan quyidagi ta’rifni naql qiladi: “Urf va odat – aql tarozisidan o‘tib, qalblarda mustahkam o‘rnashgan hamda sog‘lom tabiatlar uni mamnuniyat bilan qabul qilgan narsadir”. Mazkur ta’rifdan ko‘rinadiki, urf oddiy takrorlanadigan amaldan iborat emas. Balki u aqllar tomonidan ma’qullangan, insonlarning tabiati va fitratiga mos keladigan hamda jamiyat tomonidan qabul qilingan ijtimoiy hodisadir. Ushbu ta’rif urfning shakllanishida ikki muhim omil mavjudligini ko‘rsatadi: birinchisi – insonlarning amaliy tajribasi, ikkinchisi esa jamiyatning uni qabul qilishi.

Shuningdek, muallif “Sharhut-Tahrir” kitobidan quyidagi ta’rifni ham keltiradi: “Urf – biror bir aqliy bog‘liqliksiz, muttasil takrorlanib turadigan ish-harakatdir”. Bu ta’rif urfning davomiylik va takrorlanish xususiyatiga e’tibor qaratadi. Ya’ni biror amal yoki muomala bir marta yoki bir necha marta sodir bo‘lishi bilan urfga aylanmaydi. Balki u kishilar orasida muntazam ravishda takrorlanib, odatiy tus olgan bo‘lishi kerak. Shu jihatdan urfning asosiy belgilaridan biri uning barqarorligi va davomiyligidir.

Muallif urfning ahamiyatini yanada kuchaytirib, ulamolar tomonidan qabul qilingan quyidagi qoidani keltiradi: “Urf va iste’mol dalolati tufayli so‘zning asl haqiqiy ma’nosi tark etiladi”. Ushbu qoida fiqhiy talqinda urfning naqadar muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Chunki ko‘pincha lafzlarning lug‘aviy ma’nosi bilan odamlar orasida qo‘llanilayotgan ma’nosi o‘rtasida farq mavjud bo‘ladi. Bunday hollarda faqihlar lug‘aviy ma’noni emas, balki urfda tushuniladigan ma’noni asos qilib oladilar. Natijada shar’iy hukmlar insonlarning haqiqiy muomala va amaliyotlariga mos ravishda tatbiq etiladi. Urfning fiqhiy mohiyatini tushunishda uning faqat odat yoki an’ana emasligini ham e’tiborga olish lozim. Hanafiy mazhabida urf ko‘plab hollarda hukm chiqarish vositasi, lafzlarni talqin qilish mezoni va qiyos natijalarini cheklovchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ulamolar ayrim hollarda urf asosida qiyosni tark qilganlar yoki mavjud hukmning tatbiq doirasini toraytirganlar.

Ibn Obidin urfning fiqhdagi ta’sirini bayon qilar ekan, “Sharhul-Biriy” orqali “Al-Mabsut”dan quyidagi muhim jumlani keltiradi: “Urf bilan sobit bo‘lgan hukm, xuddi nas bilan sobit bo‘lgan hukm kabi qaraladi”. Mazkur ibora urfning shar’iy manbalar qatoriga qo‘shilishini anglatmaydi. Balki urf asosida shakllangan va fuqaholar tomonidan e’tirof etilgan hukmlar amaliy tatbiq jihatidan kuchli e’tiborga ega ekanligini bildiradi. Ya’ni urf shar’iy hukmni vujudga keltiruvchi mustaqil dalil emas, balki mavjud dalillarni tushunish va qo‘llashda muhim vosita vazifasini bajaradi. Biroq har qanday odat yoki amaliyot ham urf sifatida e’tiborga olinavermaydi. Xulosa qilib aytganda, urf hanafiy fiqhida insonlar hayotida shakllangan, jamiyat tomonidan qabul qilingan va davomiy tus olgan amaliyot sifatida qaraladi. U fiqhiy hukmlarni tatbiq etish, lafzlarni talqin qilish va insonlar manfaatlarini ta’minlashda muhim vosita vazifasini bajaradi. Shu bois hanafiy ulamolari urfni fiqhning ko‘plab boblarida e’tiborga olganlar hamda uni fatvo va qozilik faoliyatining ajralmas qismi sifatida baholaganlar.

2. Urfning hujjatligi va shar’iy asoslari

Islom huquqida urfning e’tiborga olinishi va unga asoslanib hukm chiqarish masalasi usulul fiqhning muhim mavzularidan biri hisoblanadi. Faqihlar urfni mustaqil shar’iy manba sifatida emas, balki shar’iy matnlarni tushunish, qo‘llash va tatbiq etishda yordam beruvchi muhim vosita sifatida baholaganlar. Ayniqsa, hanafiy mazhabida urfning hujjatligi keng e’tirof etilgan bo‘lib, ko‘plab fiqhiy masalalar aynan urfga tayanib hal etilgan. Ibn Obidin “Sharhi uqud rasm al-muftiy” asarida urfning hujjat sifatidagi o‘rnini bayon qilar ekan, avvalo mashhur fiqhiy qoidani keltiradi: “Oltinchi qoida: Odat – hakamdir”. Mazkur qoida hanafiy fiqhidagi eng mashhur kulliy qoidalardan biri bo‘lib, urf va odatning shar’iy hukmlarni aniqlashdagi ahamiyatini ifodalaydi. Faqihlar ushbu qoidaga asoslanib muomalot, nikoh, taloq, qasam, vasiyat va boshqa ko‘plab masalalarda urfni mezon sifatida qabul qilganlar. Bu qoida shuni anglatadiki, shariat tomonidan aniq hukm belgilab qo‘yilmagan yoki hukmning tatbiqi urfga bog‘liq bo‘lgan hollarda odat hukm chiqarishda muhim rol o‘ynaydi. Muallif ushbu qoidaning asosini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbat berilgan quyidagi mashhur rivoyat bilan bog‘laydi: “Musulmonlar go‘zal deb bilgan narsa, Allohning huzurida ham go‘zaldir”. Faqihlar mazkur rivoyatdan musulmonlar orasida umumiy qabul qilingan va shar’iy jihatdan man etilmagan urf-odatlar e’tiborga loyiq ekanligi haqida istidlol qilganlar. Garchi ushbu rivoyat usuliy dalolat nuqtai nazaridan turlicha baholangan bo‘lsa-da, uning mazmuni fiqhiy amaliyotda keng qo‘llanilgan. Urfning hujjatligi faqat nazariy qoidalar bilangina emas, balki fuqaholarning amaliy fatvolari bilan ham tasdiqlanadi. Ibn Obidin bunga misol sifatida “Al-ashboh van-Nazoir” asarida zikr qilingan pul birliklari haqidagi masalani keltiradi. U shunday yozadi: “Agar biror kishi pul birliklari har xil bo‘lgan, ularning qiymati va bozordagi muomalasi farq qiladigan bir yurtda pulning turini aniq ko‘rsatmasdan dirham yoki dinorga biror narsa sotsa, bu savdo o‘sha yerdagi eng ko‘p ishlatiladigan pul birligiga nisbatan olinadi”. Bu misolda shartnomadagi noaniqlik urf orqali bartaraf qilinmoqda. Chunki odamlarning kundalik muomalasida qaysi pul birligi ko‘proq ishlatilsa, mutlaq lafz o‘sha ma’noga yo‘naltiriladi. Mazkur masalaning sababini tushuntirar ekan, “Al-Hidoya” asaridan quyidagi iborani keltiradi: “Chunki urfda o‘sha turdagi pul birligi tushuniladi, shuning uchun mutlaq so‘z o‘z-o‘zidan o‘sha ma’noga buriladi”. Bu qoida nafaqat pul birliklariga, balki barcha urfiy lafzlarga ham tatbiq qilinadi. Demak, insonlarning muomalalarida ishlatiladigan iboralarning ma’nosi ularning lug‘aviy ildizidan ko‘ra ko‘proq urfiy qo‘llanishiga qarab belgilanadi. Shu bilan birga, fuqaholar urfni mutlaq ravishda hujjat deb qabul qilmaganlar. Ibn Obidin ta’kidlaganidek: “Odat faqatgina u doimiy yoki g‘olib (keng tarqalgan) bo‘lganidagina e’tiborga olinadi”. Demak, urfning hujjat bo‘lishi uchun u jamiyatda keng tarqalgan, barqaror va davomli bo‘lishi zarur. Kam uchraydigan yoki ayrim shaxslar amaliyotiga xos odatlar esa fiqhiy hukm chiqarishda asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, urfning eng muhim shartlaridan biri uning shariatga zid bo‘lmasligidir. Ibn Obidin bu haqda so‘z yuritar ekan, urfga amal qilish faqat: «ochiq-oydin shariatga zid kelmaydigan soliq (noqonuniy undirmalar), ribo va shu kabilar bo‘lmaganda» e’tiborga olinishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shunday ekan, odamlar orasida keng tarqalgan bo‘lsa ham, shar’an harom yoki botil bo‘lgan amaliyotlar hujjat sifatida qabul qilinmaydi. Xulosa qilib aytganda, hanafiy fiqhida urfning hujjatligi Qur’on va sunnatning umumiy ruhiga, fuqaholar tomonidan ishlab chiqilgan fiqhiy qoidalarga hamda asrlar davomida shakllangan amaliy fatvo tajribasiga asoslanadi. Urf shar’iy hukmlarni tushunish va qo‘llashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Biroq uning hujjatligi mutlaq emas, balki doimiylik, keng tarqalganlik va shariatga zid bo‘lmaslik kabi shartlar bilan cheklanadi.

3. Hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi

Islom huquqida hukmlarning bir qismi qat’iy va o‘zgarmas manbalarga asoslangan bo‘lsa, ayrim hukmlar insonlar hayoti, ijtimoiy munosabatlar va urf-odatlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli fiqh tarixida zamon va makonning o‘zgarishi natijasida ayrim fatvolarning ham o‘zgarishi tabiiy hol sifatida qabul qilingan. Bu o‘zgarish shariatning o‘zgarishi emas, balki hukmning asosini tashkil etuvchi urf, odat, zarurat yoki ijtimoiy sharoitlarning o‘zgarishi natijasidir. Hanafiy mazhabi olimlari ushbu tamoyilga alohida e’tibor qaratganlar. Ibn Obidin rahimahulloh bu masalaga to‘xtalib shunday deydi: “Bilginki, mazhab imomi o‘z davri va zamonidagi urf-odatlarga asoslanib bayon qilgan ko‘plab hukmlar keyingi zamonlarda o‘zgarib ketgan. Buning sababi – zamon ahlining buzilishi yoki zaruratning umumiylashib ketishidir”. Mazkur fikrdan ko‘rinadiki, hukmlarning o‘zgarishi fiqhning zaifligi emas, balki uning hayotiyligi va voqelikka moslashuvchanligining namunasidir. Chunki mujtahidlar hukm chiqarishda faqat nazariy qoidalarga emas, balki jamiyatning real holatiga ham e’tibor berganlar.

Qur’on ta’limi uchun haq olish masalasi

Urf va zamon o‘zgarishi ta’sirida hukmi o‘zgargan mashhur masalalardan biri Qur’on ta’limi uchun haq olish masalasidir. Dastlab Imom Abu Hanifa rahimahulloh ibodat va diniy xizmatlarni haq evaziga bajarishni joiz ko‘rmagan bo‘lsa, keyingi davr ulamolari zarurat va ijtimoiy ehtiyoj tufayli buning joizligi haqida fatvo berganlar. Matnda bu haqda shunday deyiladi: “Masalan, keyingi ulamolarning: Qur’on ta’limi uchun haq evaziga yollanishni joiz deb fatvo berishlari; odamlarning faqat zohiriy adolatiga tayanib qolmasliklari; holbuki, bu ikkisi ham Imom Abu Hanifaning ochiq matnda bayon qilgan qarashlariga zid edi”.

Bu misol urf va zaruratning fatvo berishdagi o‘rnini yaqqol ko‘rsatadi.

Ikroh (majburlash) haqidagi hukmning o‘zgarishi

Imom Abu Hanifa davrida haqiqiy majburlash odatda faqat davlat hokimiyati tomonidan amalga oshirilishi mumkin edi. Shu sababli u kishining nazarida sultondan boshqa kishining ikrohi e’tiborga olinmagan. Keyinchalik esa jamiyatdagi tartibsizliklar va fasod kuchaygani sababli oddiy kishilar ham boshqalarga bosim o‘tkaza oladigan darajaga yetganlar. Ibn Obidin bu haqda shunday yozadi: “Chunki uning zamonida sultondan boshqa kishi odatda odamni haqiqiy majburlash darajasiga olib bora olmas edi. Keyinchalik esa fasod kuchayib, oddiy kishilar ham boshqalarni majburlay oladigan holat yuzaga keldi. Shuning uchun Imom Muhammad bunday ikrohni ham e’tiborga oldi va keyingi muftiylar ham shu asosda fatvo berdilar”.

Mazkur misol zamonning o‘zgarishi bilan bir hukmning tatbiqi ham o‘zgarishini ko‘rsatadi.

Mol-mulkni himoya qilishga oid hukmlarning o‘zgarishi

Jamiyatda mol-mulkka tajovuz va suiiste’mollik kuchayishi natijasida ayrim hukmlar ham qayta ko‘rib chiqilgan. Masalan, mushtarak yollanma ishchini javobgar qilish, vasiyga yetim moli bilan mudoraba qilishni taqiqlash hamda g‘osibni yetim yoki vaqf mulkidan foydalangani uchun javobgar qilish kabi fatvolar shular jumlasidandir. Matnda: “Mazhabning dastlabki qoidasidan chekinib, u ham ayrim hollarda kafolat va javobgarlikka tortilgan», hamda «Ulamolar: “Bizning zamonimizda vasiyga yetim moli bilan mudoraba qilishga ruxsat berilmaydi”, deganlar”, deya qayd etiladi. Bu hukmlar asl qoidalardan chekinish emas, balki yetimlar va zaif qatlamlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida chiqarilgan fatvolardir.

Nikoh va taloq masalalarida urfning ta’siri

Oilaviy munosabatlarga oid ayrim hukmlar ham urfning o‘zgarishi bilan yangi talqinlarga ega bo‘lgan. Jumladan, erning «Har qanday halol narsa menga harom» iborasi taloq ma’nosida qo‘llanilishi masalasida keyingi ulamolar urfni asos qilib olganlar. Matnda Balx mashoyixlarining quyidagi so‘zlari keltiriladi: “Ammo bizning yurtimizda odamlar bu ibora bilan xotinlarini harom qilishni nazarda tutadilar. Shuning uchun shu ma’noda talqin qilinadi”. Bu yerda hukm lafzning lug‘aviy ma’nosiga emas, balki jamiyatdagi urfiy ma’nosiga bog‘langan. Shuningdek, mahr masalasida ham urfning ta’siri ko‘rinadi. Ibn Obidin shunday yozadi: “Lekin odatda ayol mahrni olmasdan turib o‘zini eriga topshirmasligi sababli, urf bu yerda qoidadan ustun qo‘yilgan”. Bu misol urfning amaliy hayotdagi dalil sifatida qanday qo‘llanilganini ko‘rsatadi.

Muomalot sohasidagi o‘zgarishlar

Savdo va iqtisodiy munosabatlarga doir ko‘plab hukmlar ham urf asosida shakllangan. Muallif istisno savdosi, bay’ul-vafо, muzoraa, muomala, hammomdan foydalanish va suv ichish kabi masalalarni misol sifatida keltiradi. Xususan: “Bay’ul-vafoga ruxsat berish” va “Istisno (buyurtma asosida ishlab chiqarish) shartnomasini joiz ko‘rish. Bu ham urf va ehtiyoj sababli qabul qilingan”. degan iboralar fiqhning iqtisodiy ehtiyojlarga mos ravishda rivojlanganligini ko‘rsatadi.

Hukm o‘zgarishining nazariy asoslari

Hanafiy ulamolari hukmlarning o‘zgarishini mazhabdan chiqish deb hisoblamaganlar. Aksincha, ular bu holatni mujtahidning maqsadiga muvofiq ish tutish deb baholaganlar. Ibn Obidin bu haqda shunday xulosa qiladi: “Lekin bularning hech biri mazhabdan chiqish hisoblanmaydi. Chunki mazhab imomi shu zamonda yashaganida edi, aynan shu hukmlarni aytgan bo‘lardi”.

Mazkur qoida fiqhning dinamik tabiatini va uning jamiyat ehtiyojlariga javob bera olish qobiliyatini namoyon etadi. Xulosa o’laroq aytganda hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi Islom huquqining muhim tamoyillaridan biridir. Bu tamoyil orqali fiqhiy hukmlar jamiyat ehtiyojlariga moslashadi, insonlar manfaatlari himoya qilinadi va shariatning maqsadlari amalga oshiriladi. Ibn Obidin keltirgan ko‘plab misollar shuni ko‘rsatadiki, mujtahidlar va muftiylar hukm chiqarishda faqat matnlarning zohiriga emas, balki urf, zarurat va ijtimoiy voqelikka ham e’tibor qaratganlar. Shu bois urf va zamonning o‘zgarishi bilan ayrim fatvolarning o‘zgarishi shariatning o‘zgarishi emas, balki uning hayotiy va amaliy jihatdan mukammalligini ifodalovchi hodisadir.

4. Muftiy va qozi faoliyatida urfni e’tiborga olish zarurati

Islom huquqida fatvo berish va hukm chiqarish jarayoni faqat fiqhiy matnlarni yod bilish bilan cheklanmaydi. Muftiy va qozi hukm chiqarishda jamiyatning urf-odatlarini, insonlarning ahvolini, zamonning ehtiyojlarini ham chuqur bilishi lozim. Chunki ko‘plab fiqhiy masalalar muayyan davr va muhitning urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni e’tiborga olmaslik noto‘g‘ri fatvo va adolatsiz hukmlarga olib kelishi mumkin. Ibn Obidin rahimahulloh urfning fatvo va qazo sohasidagi o‘rnini bayon qilar ekan, yangi paydo bo‘lgan urf-odatlar mavjud bo‘lsa, muftiy ularga e’tibor berishi lozimligini ta’kidlaydi. U shunday deydi: “Agar sen: “Urf vaqt o’tishi bilan bot-bot o'zgarib turadi. Agar avvalgi zamonda bo’lmagan yangi bir urf paydo bo’lsa, muftiyga (kitoblarda) bayon qilingan matnlarga xilof ish tutib, ushbu yangi urfga ergashishi joiz bo’ladimi?” desang,
Men aytamanki:
“Ha, joiz! Zero, yuqorida o’tgan masalalarda bayon qilingan matnlarga xilof fatvo bergan keyingi davr ulamolari (mutaaxxirlar), buni faqatgina Imom Abu Hanifa rahimahulloh zamonidan keyin yangi urf-odatlar paydo bo‘lgani uchungina qilganlar”.

Bu fikr muftiyning vazifasi faqat avvalgi fatvolarni takrorlash emas, balki ularning asosini tushunib, o‘z zamonasining voqeligiga tatbiq qilish ekanini ko‘rsatadi.

Muftiy uchun urfni bilishning zarurligi

Ibn Obidin muftiyga qo‘yilgan muhim talablardan biri sifatida urfni bilishni alohida qayd etadi. U shunday yozadi: “Shuningdek, muftiy o‘z zamonasining urf-odatlarini, odamlarning ahvolini yaxshi bilishi va bu borada mahoratli bir ustoz qo‘lida ta’lim olgan (tajriba orttirgan) bo‘lishi lozim”. Mazkur fikrga ko‘ra, fatvo beruvchi shaxs nafaqat fiqhiy qoidalarni, balki o‘zi yashayotgan jamiyatning amaliy hayotini ham yaxshi bilishi kerak. Chunki hukmning to‘g‘ri tatbiqi ko‘pincha voqelikni to‘g‘ri tasavvur qilishga bog‘liqdir. Shu ma’noda «Munyatul-muftiy» asaridan quyidagi iqtibos keltiriladi: “Agar bir kishi mazhabimiz olimlarining barcha kitoblarini yod olgan bo‘lsa ham, fatvo berish yo‘lini o‘rganish uchun baribir bir ustozga shogird tushishi shart. Toki to‘g‘ri yo‘lni topsin. Chunki ko‘plab masalalarga shariatga xilof bo‘lmagan taqdirda, o‘sha zamon ahlining urf-odatlariga qarab javob beriladi”.

Bu iqtibos fatvo berish nazariy bilim bilangina emas, balki amaliy tajriba bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Matn zohiriga yopishib olishning salbiy oqibatlari

Ibn Obidin muftiy va qozining urfni e’tibordan chetda qoldirib, faqat matnlarning zohiriga tayanib hukm chiqarishini qattiq tanqid qiladi. Bu borada «Al-Qunya» kitobidan quyidagi so‘zlarni keltiradi: “Muftiyga ham, qoziga ham mazhabning zohiriga (matniga) suyanib, urfni tark etgan holda hukm chiqarish munosib emas”. Chunki fiqhiy matnlar ko‘pincha muayyan zamon va muhit sharoitida shakllangan bo‘lib, ularning maqsadini tushunmasdan qo‘llash adolatsizlikka sabab bo‘lishi mumkin. Muallif mavzu yakunida bu haqda shunday xulosa qiladi: “Xulosa o‘laroq ravshan bo‘ldiki, muftiy yoki qozining urf-odatlarni, yaqqol ko‘rinib turgan dalillarni va odamlarning ahvolini chetga surib, faqatgina kitoblarda naql qilingan so‘zlarning zohiriga yopishib olishi – ko‘plab huquqlarning poymol bo‘lishiga va behisob insonlarga zulm qilinishiga olib keladi”. Bu jumla urfni bilish va unga amal qilishning naqadar muhim ekanini yaqqol ifodalaydi.

Maslahat va manfaatni e’tiborga olish

Urfga asoslangan fatvolarning maqsadi insonlar manfaatini ta’minlash va zararlarning oldini olishdir. Shu bois fiqh olimlari muftiy uchun maslahani hisobga olishni ham muhim mezon sifatida ko‘rsatganlar. Ibn Obidin “Al-Bazzaziya”dan quyidagi iqtibosni keltiradi: “Muftiy o‘z nazarida insonlar uchun qaysi bir ishda manfaat va maslahat ko‘rsa, shunga qarab fatvo beradi”. Bu tamoyil Islom huquqining asosiy maqsadlari – adolat, manfaat va zararlarni bartaraf etish bilan uyg‘un holda ishlaydi.

Amaliy misol: guvohlik masalasida urfni e’tiborga olish

Muallif urfni e’tiborga olish zaruratiga amaliy misol sifatida “qasoma” masalasini keltiradi. Imom Abu Hanifa nazarida mahalla ahlining begona shaxsga qarshi guvohligi qabul qilinmagan bo‘lsa, keyingi davr olimlari bu hukmning jamiyat uchun zararli oqibatlarga olib kelishini ko‘rganlar. Sayyid Hamaviy alloma Maqdisiydan quyidagi so‘zni naql qiladi: “Men Imom (Abu Hanifa)ning so‘zi bilan fatvo berishdan to‘xtadim va umumiy zarar kelib chiqishining oldini olish uchun bu so‘zning tarqalishini taqiqladim”. So‘ng u shunday deydi: “Ikki imomning (Abu Yusuf va Muhammadning) so‘ziga qarab fatvo berish lozim, zero vaqtlar o‘zgarishi bilan hukmlar ham o‘zgaradi”. Mazkur misol urf va ijtimoiy voqelikning fatvo berishdagi bevosita ta’sirini ko‘rsatadi.

Muftiyning voqelikni tahlil qilish mas’uliyati

Fiqh manbalarida muftiy voqelikni tahlil qila oladigan, insonlarning odatlarini biladigan va har bir holatning o‘ziga xos jihatlarini hisobga oladigan shaxs bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi. Ibn Obidin “Fathul-Qodir”dan iqtibos qilib shunday yozadi: “Haqiqat shundaki, muayyan voqeliklar bo‘yicha fatvo beruvchi muftiy ma’lum ma’noda ijtihod qilishga va odamlarning holatini bilishga muhtojdir”. Demak, fatvo berish faqat matnni o‘qib hukm chiqarish emas, balki voqelikni chuqur o‘rganish va hukmni unga mos ravishda qo‘llash jarayonidir. Ushbu o’rinda xulosa o’laroq aytish mumkinki, muftiy va qozi faoliyatida urfni e’tiborga olish Islom huquqining muhim talablaridan biridir. Ibn Obidin va hanafiy ulamolarining qarashlariga ko‘ra, urfni bilmasdan turib chiqarilgan fatvo yoki hukm ko‘pincha shariat maqsadlariga zid natijalarga olib kelishi mumkin. Shu sababli muftiy o‘z zamonasining urf-odatlari, insonlarning holati va jamiyat ehtiyojlarini chuqur bilishi, hukm chiqarishda esa faqat matnlarning zohiriga emas, balki ularning maqsadi va amaliy voqelikka ham e’tibor qaratishi lozim. Aynan shu yondashuv Islom huquqining adolat, maslahat va hayotiylik tamoyillarini ro‘yobga chiqaradi.

5. Urfning turlari va ularga oid hukmlar

Islom huquqida urf faqat hujjat sifatida e’tirof etilishi bilan cheklanmaydi, balki uning turlari va har bir turga tegishli hukmlar ham batafsil bayon qilingan. Usulul fiqh olimlari urfni qamrovi va ta’sir doirasiga ko‘ra turli qismlarga ajratganlar. Bu tasnif urfning qaysi hollarda hujjat bo‘lishi va qaysi hollarda unga amal qilinishi mumkinligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ibn Obidin rahimahulloh urfning asosiy turlari haqida shunday yozadi: “Shuni bilib qo‘yinki, urf ikki qismga bo‘linadi: Umumiy urf va xos urf”. Mazkur tasnif hanafiy fiqhida urf masalasini tushunishda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Umumiy urf tushunchasi

Umumiy urf (al-‘urf al-‘amm) – musulmonlar yoki muayyan hududlarning aksariyat aholisi o‘rtasida keng tarqalgan va umumiy tus olgan odatdir. Bunday urf keng qo‘llanilishi sababli fiqhiy hukmlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Muallif bu haqda shunday deydi: “Umumiy urf: U orqali hamma uchun umumiy bo‘lgan hukm sobit bo‘ladi. Shuningdek, u qiyosni va asarni xoslovchi bo‘lishga yaroqlidir”. Demak, umumiy urf nafaqat ayrim muomalalarni sharhlashda, balki qiyos yoki umumiy dalillarning tatbiq doirasini cheklashda ham e’tiborga olinishi mumkin.

Fiqh manbalarida istisno shartnomasining joiz deb topilishi bunga misol sifatida keltiriladi. Aslida mavjud bo‘lmagan narsani sotish taqiqlangan bo‘lsa-da, odamlar o‘rtasida keng tarqalgan amaliy ehtiyoj sababli istisno’ shartnomasi joiz deb topilgan.

Xos urf tushunchasi

Xos urf (al-‘urf al-xoss) esa ma’lum bir hudud, kasb egalari yoki muayyan guruh kishilari o‘rtasida mavjud bo‘lgan odatdir. Bunday urfning ta’sir doirasi umumiy urfga qaraganda torroq bo‘ladi. Ibn Obidin bu haqda shunday yozadi: “Xos urf: Bundan farqli o‘laroq, xos urf bilan faqat xususiy hukmgina sobit bo‘ladi – modomiki u qiyosga yoki asarga zid kelmasa”. Bu so’zdan ma’lum bo‘ladiki, xos urf faqat o‘z muhitida va o‘sha urf egalariga nisbatan hujjat bo‘lishi mumkin. Uning hukmi boshqa hudud yoki boshqa jamoalarga avtomatik tarzda tatbiq etilmaydi.

Umumiy va xos urfning hujjat bo‘lish shartlari

Ibn Obidin urfning hujjat bo‘lishi masalasida umumiy va xos urf o‘rtasidagi farqni yanada aniqroq tushuntirib beradi. U shunday deydi: “Xulosa qilib aytganda: Umumiy urf agar nassni butunlay tark etishni taqozo qilsa, e’tiborga olinmaydi. U faqatgina nassni xoslash ya’ni muayyan doiraga cheklash zarur bo‘lgandagina e’tiborga olinadi”. Bu yerda muallif umumiy urfning ham mutlaq dalil emasligini ta’kidlaydi. Ya’ni, urf shar’iy matnni butunlay bekor qila olmaydi. U faqat matnning qo‘llanish doirasini aniqlash yoki ayrim holatlarga xoslash vazifasini bajarishi mumkin.

Xos urf haqida esa shunday deyiladi:

“Xos urf esa yuqoridagi ikkala holatda ham e’tiborga olinmaydi. U faqat va faqat o‘z ahlining huquqlarida – modomiki undan nassni tark etish yoki xoslash kelib chiqmasa – hatto Zohirur-rivoyatning zohiriga zid bo‘lsa ham e’tiborga olinadi”.

Demak, xos urfning ta’siri faqat uning egalariga tegishli bo‘lib, u umumiy shar’iy matnlarni cheklash darajasiga ko‘tarila olmaydi.

Muomalalarda urfning o‘rni

Urfning amaliy ko‘rinishlaridan biri turli shartnomalar va muomalalarda namoyon bo‘ladi. Odamlar o‘rtasida ma’lum lafz va istilohlarning muayyan ma’noda ishlatilishi ham urfning bir turi hisoblanadi. Muallif bu haqda shunday yozadi: “Bunday iboralar va shartnomalar har bir o‘lkada o‘sha joy ahlining odatiga ko‘ra amal qiladi va ulardan o‘zaro kelishilgan o‘sha odatiy ma’no iroda qilinadi”. Shu sababli bir hududda ishlatiladigan ayrim iboralar boshqa hududlarda boshqacha ma’noga ega bo‘lishi mumkin va hukm chiqarishda aynan o‘sha joyning urfi e’tiborga olinadi.

Qasam, nazr va vasiyatlarda urfning ahamiyati

Urfning ta’siri faqat iqtisodiy munosabatlarda emas, balki qasam, nazr, vasiyat va vaqf kabi masalalarda ham ko‘rinadi. Chunki inson o‘z so‘zini odatda yashayotgan muhitidagi ma’noda ishlatadi. Alloma Qosimning fatvolaridan Ibn Obidin quyidagi iqtibosni keltiradi: “Ilmiy tekshirishlar shuni ko‘rsatadiki, vaqf qiluvchi, vasiyat qiluvchi, qasam ichuvchi, nazr atovchi va har qanday shartnoma tuzuvchi shaxsning so‘zi – u arab tili va Shori’ning tiliga muvofiq kelsa-kelmasa – uning o‘z nutqi va gapiradigan tilidagi odatiga ko‘ra talqin qilinadi”. Bu qoida fiqhda niyat va urfning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Chunki maqsad gapiruvchining haqiqiy iroda qilgan ma’nosini aniqlashdir.

Urfiy haqiqat va lug‘aviy haqiqat

Fiqh olimlari ko‘pincha urfiy ma’no lug‘aviy ma’nodan ustun turishini ta’kidlaydilar. Muallif bu haqda shunday yozadi: “Urfiy lafzlar – bu istilohiy kelishilgan haqiqatlar demakdir. Ular tufayli so‘zning asl lug‘aviy ma’nosi go‘yo lug‘aviy majozga aylanib qoladi”. Shu bois fiqhiy hukmlarda lafzning lug‘atdagi ma’nosidan ko‘ra odamlar orasida qanday tushunilishi ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Buni yana quyidagi qoida ham tasdiqlaydi: “Odamlar o‘rtasidagi mutloq gap urfda nima tushunilsa, o‘shanga yo‘naltiriladi”.

Xulosa qilib aytganda urf qamrovi va ta’sir doirasiga ko‘ra umumiy va xos urfga bo‘linadi. Umumiy urf keng tarqalganligi sababli ayrim hollarda qiyos va umumiy dalillarning tatbiq doirasini cheklashi mumkin. Xos urf esa faqat o‘z muhitida va o‘z ahliga nisbatan e’tiborga olinadi. Har ikki turdagi urf ham shariatga zid bo‘lmasligi sharti bilan hujjat hisoblanadi. Shuningdek, qasamlar, vasiyatlar, nazrlar va turli shartnomalarda lafzlarning ma’nosini belgilashda urf asosiy mezonlardan biri sanaladi. Shu jihatdan urf Islom huquqining amaliy hayot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlaydigan muhim manbalardan biri hisoblanadi.

6. Urf orqali nassni xoslash masalasi

Islom huquqining muhim nazariy masalalaridan biri urfning shar’iy matnlar (nusus) bilan o‘zaro munosabati masalasidir. Ayniqsa, urfning umumiy lafz bilan kelgan nasslarni xoslashdagi o‘rni usulul fiqh olimlari o‘rtasida keng muhokama qilingan. Hanafiy usulida urf muayyan shartlar asosida shar’iy matnlarning qo‘llanish doirasini aniqlash va ayrim hollarda ularni muayyan vaziyatlarga xoslashda e’tiborga olinadi. Biroq urf hech qachon shar’iy nassni butunlay bekor qiluvchi yoki uning hukmini yo‘qqa chiqaruvchi dalil sifatida qaralmaydi. Ibn Obidin rahimahulloh ushbu masalaga bag‘ishlangan bo‘limda «Urf-odat bilan nassni xoslash joizligi» mavzusini alohida muhokama qiladi va hanafiy mazhabi olimlarining qarashlarini bayon etadi.

Urfning nassni xoslashdagi o‘rni

Muallif «Az-Zahira» kitobidan bir masalani keltiradi. Unda bir kishi to‘quvchiga ip berib, tayyor bo‘ladigan matoning ma’lum qismini ish haqi sifatida belgilashi haqida so‘z yuritiladi. Balx ulamolari bunday muomalani joiz deb hisoblaganlar. Buning sababi o‘sha hududda ushbu muomala keng urfga aylangan edi. Matnda shunday deyiladi: “O‘zaro amaliy muomala esa shunday hujjatki, u sababli qiyos tark etilishi va hadisning xoslanishi joiz bo‘ladi”. Bu iqtibos urfning ayrim hollarda qiyosga ustun qo‘yilishi va umumiy ma’noli hadisning tatbiq doirasini cheklashda foydalanilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Qafizut-tahhon hadisi va urf asosida xoslash

Mazkur masalada ulamolar “Qafizut-tahhon” hadisi bilan bog‘liq qiyosni muhokama qilganlar. Hadisda tegirmonchining ish haqi bilan bog‘liq muomala man qilingan. To‘quvchining muomalasi esa qiyos yo‘li bilan shu hukmga kiritilishi mumkin edi. Ammo Balx ulamolari urf sababli bu qiyosni qo‘llamaganlar. Ibn Obidin keltirgan matnda shunday deyiladi: “Agar biz ushbu hadisning bilvosta ma’nosini to‘quvchiga nisbatan qo‘llashni tark etib, matnda kelgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukmini esa tegirmonchida qo‘llasak, bu hadisni butunlay inkor qilish emas, balki uni xoslash (muayyan holatga cheklash) bo‘ladi”. Demak, bu yerda hadisning hukmi bekor qilinmayapti, balki uning qamrovi muayyan holat bilan chegaralanmoqda.

Nassni bekor qilish va xoslash o‘rtasidagi farq

Ibn Obidin urfning ta’sir doirasini belgilashda muhim bir qoida bayon qiladi. Unga ko‘ra, urf shar’iy matnni butunlay bekor qila olmaydi. Faqat uning umumiyligini muayyan doira bilan cheklashi mumkin. Muallif bu haqda shunday deydi: “Taomul bilan esa nassni butunlay tark etish mutloq joiz emas, balki faqat uni xoslash joiz bo‘ladi”. Bu qoida urfning shar’iy manbalar oldidagi maqomini aniq belgilab beradi. Ya’ni urf mustaqil ravishda Qur’on va Sunnat hukmlarini bekor qiluvchi manba emas, balki ularning tatbiqini tushunishda yordam beruvchi vositadir.

Istisno shartnomasi misoli

Urf orqali nassni xoslashga doir eng mashhur misollardan biri istisno shartnomasidir. Ma’lumki, hadisda insonning o‘zida mavjud bo‘lmagan narsani sotishi man qilingan. Shunga qaramay, musulmonlar o‘rtasida buyurtma asosida mahsulot tayyorlash amaliyoti keng tarqalganligi sababli fiqh olimlari istisno’ni joiz deb topganlar. Ibn Obidin bu haqda shunday yozadi: “Istisno savdosiga urfdagi amaliy muomala sababli ruxsat berishimiz – inson o‘zida yo‘q narsani sotishini taqiqlovchi hadisni butunlay inkor qilish emas, balki uni xoslashdir”. Bu yerda ham shar’iy matn bekor qilinmagan, balki umumiy qoidadan istisno tariqasida ayrim holat chiqarib qo‘yilgan.

Umumiy urf va xos urfning farqi

Muallif urf orqali nassni xoslash masalasida umumiy urf bilan xos urf o‘rtasida farq borligini ham ta’kidlaydi. Chunki barcha musulmonlar yoki keng hududlarda amal qilinadigan urf bilan bir shaharga xos bo‘lgan urfning kuchi bir xil emas. Shu sababli mashoyixlarning ayrimlari Balx ulamolarining yuqoridagi qarashlarini qabul qilmaganlar va shunday deganlar: “Birgina shahar ahlining odati esa umumiy hadisni xoslay olmaydi”. Bu fikr xos urfning dalillik darajasi umumiy urfga qaraganda zaifroq ekanini ko‘rsatadi. Muallif buning sababini quyidagicha izohlaydi: “Zero, bir shahar ahlining urfi xoslashni taqozo qilsa, boshqa shahar ahlining unday muomala qilmasligi bu xoslashni man etadi”. Demak, nassni xoslash darajasiga yetadigan urf keng tarqalgan va umumiy bo‘lishi kerak.

Umumiy urfning ham chegarasi mavjud

Shu bilan birga, umumiy urf ham mutlaq dalil emas. Ibn Obidin bu borada juda muhim xulosani keltiradi: “Umumiy urf agar nassni butunlay tark etishni taqozo qilsa, e’tiborga olinmaydi. U faqatgina nassni xoslash ya’ni muayyan doiraga cheklash zarur bo‘lgandagina e’tiborga olinadi”. Mazkur qoida hanafiy usulining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Chunki u shar’iy matnlarning ustuvorligini saqlab qolgan holda urfning ham amaliy ahamiyatini e’tirof etadi.

Ushbu o’rinda xulosa o’laroq aytamizki, urf orqali nassni xoslash masalasi hanafiy usulidagi muhim nazariy mavzulardan biridir. Ibn Obidin bayon qilganidek, urf shar’iy matnlarni bekor qiluvchi manba emas, balki ayrim hollarda ularning umumiy ma’nosini muayyan holatlar bilan cheklovchi omil bo‘lishi mumkin. Bunda umumiy urfning o‘rni xos urfga qaraganda kuchliroq hisoblanadi. Shuningdek, urf faqat nassni xoslash darajasida e’tiborga olinadi, ammo shar’iy hukmni butunlay bekor qilishga asos bo‘la olmaydi. Shu jihatdan urf va nass o‘rtasidagi munosabat Islom huquqining matn va voqelik o‘rtasidagi muvozanatini ta’minlovchi muhim usuliy tamoyillardan biri hisoblanadi.

Xulosa

Mazkur tadqiqotda Ibn Obidin rahimahullohning «Sharhi uqud rasm al-muftiy» asarida bayon qilingan urf nazariyasi va uning fiqhiy ahamiyati tahlil qilindi. Tadqiqot davomida urfning ta’rifi, hujjat sifatidagi o‘rni, shar’iy asoslari, hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi, muftiy va qozining faoliyatida urfni e’tiborga olish zarurati hamda urfning turlari va ularga oid hukmlar yoritib berildi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, urf hanafiy fiqhida muhim huquqiy manbalardan biri sifatida e’tirof etilgan. Ibn Obidin rahimahullohning ta’kidlashicha, urf va odat insonlar hayotida mustahkam qaror topgan, sog‘lom tabiatlar tomonidan qabul qilingan hamda fiqhiy hukmlarni tatbiq etishda muhim o‘rin tutadigan hodisadir. Shu sababli hanafiy ulamolari “odat hakamdir” qoidasini fiqhning asosiy qoidalaridan biri sifatida qabul qilganlar. Maqolada ko‘rib chiqilganidek, urfning hujjatligi Qur’on, Sunnat va fuqaholarning amaliy faoliyati bilan mustahkamlangan. Ayniqsa, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Musulmonlar go‘zal deb bilgan narsa, Allohning huzurida ham go‘zaldir” mazmunidagi hadislariga tayangan holda ulamolar urfni shar’iy dalil sifatida qabul qilganlar. Shu bilan birga, urf faqat doimiy yoki keng tarqalgan bo‘lsa hamda shariatga zid bo‘lmasa, hujjat sifatida e’tiborga olinishi ta’kidlandi.

Tadqiqot davomida hukmlarning urf va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarishi masalasi alohida tahlil qilindi. Ibn Obidin keltirgan ko‘plab misollar shuni ko‘rsatadiki, mujtahid va muftiylar hukm chiqarishda faqat matnlarning zohiriga emas, balki jamiyatdagi real vaziyat, ehtiyoj va urf-odatlarga ham e’tibor qaratganlar. Qur’on ta’limi uchun haq olish, ikroh masalasi, mushtarak ajirning javobgarligi, yetim molini boshqarish va boshqa ko‘plab masalalarda fatvolarning o‘zgarishi aynan urf va ijtimoiy sharoitlarning o‘zgarishi bilan izohlangan. Shuningdek, maqolada muftiy va qozining urfni bilishi va unga amal qilishi zarurligi yoritildi. Ibn Obidinning fikriga ko‘ra, urfni, odamlarning holatini va zamonning ehtiyojlarini bilmagan muftiy faqat kitob matnlarining zohiriga suyanib qolsa, bu ko‘plab huquqlarning poymol bo‘lishiga va insonlarga zulm yetishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois fatvo berishda voqelikni to‘g‘ri anglash fiqhiy bilim qadar muhim hisoblanadi.

Maqolada urfning umumiy va xos urfga bo‘linishi, shuningdek, ularning hujjat sifatidagi darajalari ham tahlil qilindi. Umumiy urf keng tarqalganligi sababli ayrim hollarda qiyos va umumiy dalillarning tatbiq doirasini cheklashi mumkin bo‘lsa, xos urf faqat o‘z muhiti va ahliga nisbatan e’tiborga olinadi. Biroq har ikki turdagi urf ham shar’iy matnlarga zid kelmasligi sharti bilan hujjat hisoblanadi. Shuningdek, urf orqali nassni xoslash masalasi tahlili shuni ko‘rsatdiki, hanafiy usulida urf shar’iy matnlarni bekor qiluvchi omil emas, balki ayrim hollarda ularning umumiy ma’nosini muayyan holatlar bilan cheklovchi vosita sifatida qaraladi. Bu esa Islom huquqining matn va voqelik o‘rtasidagi muvozanatini saqlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Ibn Obidin rahimahullohning urf haqidagi qarashlari hanafiy fiqhining hayotiyligi, moslashuvchanligi va ijtimoiy voqelikka yaqinligini yaqqol namoyon etadi. Urfni e’tiborga olish orqali fiqhiy hukmlar jamiyat ehtiyojlariga moslashtiriladi, insonlarning manfaatlari himoya qilinadi va shariatning adolat, qulaylik hamda maslahat kabi oliy maqsadlari ro‘yobga chiqariladi. Shu jihatdan urf nazariyasi nafaqat klassik fiqh merosining muhim qismi, balki zamonaviy fiqhiy tadqiqotlar uchun ham dolzarb metodologik asoslardan biri hisoblanadi.

Mir Arab oliy madrasasi oqituvchisi
Azizbek Boqiyev

Foydalanilgan adabiyotlar

1.Sharhi uqudi rasm al-Muftiy. Ibn Obidin. Sharhi uqudu Rasm al-Muftiy. Qohira: Dar as-solih.

2.Radd al-Muhtor. Ibn Obidin, Muhammad Amin ibn Umar (vaf. 1252 h.). Radd al-Muhtar ‘ala ad-Durr al-Mukhtar. Bayrut: Dar al-Fikr.

3.Al-Ashbah wa an-Nazair. Ibn Nujaym, Zaynuddin ibn Ibrohim (vaf. 970 h.). Al-Ashbah van-Nazair. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

4.Al-Mabsut. As-Saraxsiy, Shamsul A’imma Muhammad ibn Ahmad (vaf. 483 h.). Al-Mabsut. Bayrut: Dar al-Ma’rifa.

5.Al-Hidoya. Al-Marg‘inoniy, Burhonuddin Ali ibn Abu Bakr (vaf. 593 h.). Al-Hidoya fi Sharh Bidayat al-Mubtadi. Bayrut: Dar Ihyo at-Turos al-Arabiy.

6.Fath al-Qadir. Ibn al-Humom, Kamoluddin Muhammad ibn Abdulvohid (vaf. 861 h.). Fath al-Qadir. Bayrut: Dar al-Fikr.

7.Al-Bahr ar-Roiq. Ibn Nujaym, Zaynuddin ibn Ibrohim. Al-Bahr ar-Roiq Sharh Kanz ad-Daqoiq. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

8.Al-Mustasfo. Abu Homid al-G'azzoliy. Al-Mustasfo min Ilm al-Usul. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

9.Sharh at-Tahrir. Ibn Amir al-Hajj. At-Taqrir va at-Tahbir (Sharh at-Tahrir). Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

10.Al-Zahira al-Burhoniyya. Burhonuddin Mahmud ibn Ahmad al-Buxoriy. Al-Muhit al-Burhoniy. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

11.Al-Quniyya. Az-Zohidiy. Al-Quniyya. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

12.Munyat al-Mufti. Munyat al-Mufti va Tamam al-Mustafti. Bayrut: Dar al-Kutub al-Ilmiyya.

13.Majallat al-Ahkam al-Adliyya. Majallat al-Ahkam al-Adliyya. Istanbul: Matbaa al-Amira.

14.O‘zbekiston musulmonlari idorasi. Fatvolar to‘plami. Toshkent: Movarounnahr nashriyoti.

. .