ILM VA ISROF
Muallif: . .
Sana: 29.06.2026
325

Qadrsizlanayotgan vaqt va zoye bo‘layotgan umr zamonaviy texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar insonlarga ilm olish, o‘z ustida ishlash va ma’lumot almashish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi. Lekin bu imkoniyatlar bilan birga hayotimizga beparvolik, vaqtni behuda sarflash va ruhiy dangasalik ham kirib keldi. Bugungi kunda qo‘lida smartfoni bor bo‘lgan har bir shaxs — soatlab foydasiz kontentlarni tomosha qiluvchi, maqsad va intilishlarini raqamli dunyo girdobida boy berayotgan shaxsga aylanib bormoqda. Afsuski, ko‘pchilik o‘zi zoye qilayotgan eng qimmatli ne’mat — vaqt va uning inson taqdiriga yetkazadigan tuzatib bo‘lmas zararini mutlaqo o‘ylab o‘tirmaydi.

Biron bir ma’nosiz video, qisqa ko‘ngilochar roliklar (reels/shorts) yoki shunchaki tarmoqlardagi cheksiz “lenta”ni varoqlash bir necha daqiqa emas, balki soatlab vaqtimizni o‘g‘irlamoqda. Shunchaki vaqtni o‘tkazish, sun’iy kulgi va hayajon ortidan quvish evaziga insonlar o‘z maqsadlaridan chekinmoqda, oilasiga va bilim olishga ajratilishi kerak bo‘lgan qimmatli damlarni zoye qilmoqda.

Vaqtni isrof qilish — bu shunchaki shaxsiy beparvolik emas, balki insonning o‘z kelajagiga, jamiyat rivojiga qilgan befarqligidir. Oqibatda bilim olishga intilish so‘nmoqda, kitobxonlik o‘rnini yuzaki va yengil-elpi ma’lumotlar egallamoqda.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgan har bir soatimiz, zoye qilayotgan har bir daqiqamiz uchun ma’naviy javobgar ekanligimizni unutib qo‘ymoqdamiz. Qur’oni Karimda vaqt va ne’matlarning qadri haqida shunday ogohlantiriladi: «So‘ngra ana o‘sha kunda albatta (sizga berilgan) ne’matlardan so‘ralursiz» (Takasur surasi, 8-oyat). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam esa vaqt va salomatlik eng ko‘p aldaniladigan ne’mat ekanini ta’kidlab shunday deganlar: «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmay aldanib qoladilar. Bular — salomatlik va bo‘sh vaqtdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Bugungi zamonaviy tilda aytsak, e’tiborni behuda narsalarga qaratish, foydasiz kontentlar ummonida soatlab qolib ketish — berilgan eng buyuk sarmoya — umrni isrof qilish demakdir.

Donishmandlar va ulamolar vaqtni qadrlash haqida shunday degan edilar: “Vaqt qilichga o‘xshaydi, agar sen uni kesmasang (to‘g‘ri ishlatmasang), u seni kesadi”. Bugungi raqamli dunyoda ushbu “qilich” ekran qarshisidagi chalg‘ishlarimiz, besamar o‘tkazgan vaqtimizga ko‘chdi.

Ko‘pchilik foydalanuvchilar telefonda o‘tkazgan vaqtlariga “shunchaki hordiq chiqardim” deb juda yengil qaraydi. Lekin har bir zoye bo‘lgan soniya ortida qanchadan-qancha boy berilgan imkoniyatlar, o‘qilmagan kitoblar va erishilmagan muvaffaqiyatlar borligini unutmaslik lozim. Vaqtni isrof qilish, foydasiz narsalar bilan band bo‘lish — o‘z kelajagiga befarq bo‘lishdir. Har birimiz foydalanayotgan texnologiyamizga tanqidiy nazar bilan qarashni, vaqtimizni tartibga solishni va har bir o‘tayotgan daqiqamiz uchun Yaratgan oldida ham, jamiyat oldida ham mas’uliyat borligini unutmasligimiz shart.

Mir Arab oliy madrasasi 4-bosqich talabasi
Sayfullayeva O‘g‘iloy Abdullo qizi

. .