HASAN HADIS: MUHADDISLAR TA’RIFI VA IMOM TERMIZIYNING O‘ZIGA XOS METODOLOGIYASI
Muallif: . .
Sana: 14.09.2026
121

Kirish. Hadis ilmi musulmon ilmiy tafakkurining eng nozik va mukammal shakllangan sohalaridan biridir. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan har bir rivoyatni shunchaki naql qilib qo‘yish bilan kifoyalanmaganlar. Aksincha, uning sanadi, roviylarining adolati va xotirasi, rivoyat yo‘llari, boshqa hadislarga muvofiq yoki zid kelishi, sanad va matnda yashirin illatlarning mavjud yoki mavjud emasligini sinchiklab tekshirganlar. Natijada hadislarni ilmiy mezonlar asosida baholashga xizmat qiluvchi boy istelohiy tizim vujudga kelgan.

Ana shunday muhim istelohlardan biri – “hasan hadis” tushunchasidir. Hasan hadis sahih va zaif hadislar orasidagi shunchaki o‘rta daraja sifatida tushunilmaydi. Uning o‘ziga xos shartlari, turlari va hadis tanqididagi alohida o‘rni mavjud.

Bu borada Imom Abu Iso Termiziyning o‘rni ayniqsa e’tiborlidir. Uning “Al-Jome’” asarida “hasan” istilohining keng qo‘llanishi, hadislarning “hasan”, “hasan sahih”, “hasan g‘arib” kabi shakllarda baholanishi keyingi muhaddislarni Termiziyning mazkur istilohdan qanday ma’noda foydalanganini chuqur o‘rganishga undagan. Shu sababli Imom Termiziyning biror hadisga “hasan” deb hukm qilishi keyingi davr hadis istilohidagi hasan hadis ta’rifi bilan har doim ham aynan bir xil ma’noda tushunilmasligi kerak. Uning metodini anglash uchun avvalo muhaddislar nazaridagi hasan hadisning umumiy mohiyatiga, so‘ng Termiziyning o‘z ta’rifi va amaliyotiga murojaat qilish zarur.

Hasan hadisning umumiy mohiyati

Muhaddislar hasan hadisni, odatda, ikki turga ajratganlar: hasan li-zatihi va hasan li-g‘oyrihi.

Hasan li-zatihi – o‘z sanadining xususiyatlari bilan hasan darajasiga ega bo‘lgan hadisdir. Hasan li-g‘oyrihi esa sanadida yengil zaiflik mavjud bo‘lsa-da, boshqa rivoyat yo‘llari orqali quvvatlanishi natijasida hasan darajasiga ko‘tarilgan hadisdir. Hasan hadisga berilgan dastlabki mashhur ta’riflardan biri Imom Xattobiyga tegishlidir. U shunday deydi:“Hasan – kelib chiqish yo‘li ma’lum, roviylari mashhur bo‘lgan hadisdir. Hadislarning aksariyati ana shu tur atrofida aylanadi. Uni ulamolarning ko‘pchiligi qabul qiladi va fuqaholarning umumiy qismi unga amal qiladi”.

Xattobiyning ushbu ta’rifida hasan hadisning amaliy jihati, ya’ni muhaddis va fuqaholar tomonidan qabul qilinishi alohida ko‘zga tashlanadi. Biroq keyingi olimlar bu ta’rifni yanada aniqroq ifodalashga harakat qilganlar.

Hofiz Ibn Daqiq Xattobiyning ta’rifini muhokama qilar ekan, “kelib chiqish yo‘li ma’lum va roviylari mashhur” bo‘lish sifati sahih hadisda ham mavjud ekanini ta’kidlaydi. Shu sababli bu ta’rifning o‘zi hasan bilan sahih orasidagi farqni yetarli darajada ochib bermaydi. Uning fikricha, Xattobiy bu yerda “kelib chiqish yo‘li ma’lum, roviylari mashhur, ammo sahih hadis darajasiga yetmagan rivoyat”ni nazarda tutgan.

Ibn Saloh esa masalani roviy holati nuqtayi nazaridan aniqroq bayon qiladi. Uning ta’rifiga ko‘ra, hasan hadis roviysi rostgo‘ylik va omonatdorlik bilan mashhur bo‘ladi, ammo xotira va rivoyatni puxta yodda saqlash jihatidan sahih hadis roviylari darajasiga yetmaydi. Shu bilan birga, uning zaiflik darajasi yolg‘iz rivoyat qilgan hadisi munkar hisoblanadigan darajaga ham tushib qolmaydi.

Hofiz Ibn Hajar bu farqni yanada ixcham shaklda ifodalagan. Uning ta’rifidan kelib chiqadigan bo‘lsak, sahih va hasan hadis deyarli bir xil asosiy shartlarga ega. Asosiy farq zabt, ya’ni roviyning hadisni yodda saqlash va aniq yetkazish darajasidadir.

Sahih hadisda roviy “tamm az-zabt” – zabti mukammal bo‘lishi talab qilinadi. Hasan li-zatihi hadisda esa roviy adolatli bo‘lsa-da, uning zabti sahih hadis roviylarinikidan bir oz pastroq bo‘ladi. Demak, hasan hadis sahih hadisdan butunlay boshqa tabiatga ega rivoyat emas. Aksincha, uning asosiy shartlari sahih hadisga juda yaqin bo‘lib, farq, avvalo, roviy zabtining darajasida namoyon bo‘ladi.

Hasan li-g’oyrihi va rivoyatlarning bir-birini quvvatlashi

Hasan hadisning ikkinchi turi – hasan li-g‘oyrihi – hadis ilmidagi muhim tamoyillardan birini namoyon qiladi: ayrim hollarda bir sanadning o‘zi yetarlicha kuchli bo‘lmasa ham, bir-biridan mustaqil bir necha rivoyat yo‘llari bir hadisning asl asosga ega ekanini kuchaytirishi mumkin. Bunday hadis sanadida kuchli bo‘lmagan zaiflik mavjud bo‘ladi. Masalan, roviy yodlash jihatidan sust bo‘lishi, mudallis bo‘lib hadisni “an” lafzi bilan rivoyat qilishi, roviy ixtilotga uchragan bo‘lishi yoki sanadning bir qismida uzilish mavjud bo‘lishi mumkin. Ammo zaiflik yolg‘onchilik, hadis to‘qish yoki mutlaqo tark qilinadigan darajada bo‘lmasligi kerak. Agar shu mazmundagi rivoyat boshqa sanadlardan ham kelib, bir yo‘l ikkinchisini qo‘llab-quvvatlasa, hadisning to‘g‘ri rivoyat qilingan bo‘lish ehtimoli kuchayadi. Natijada u hasan li-g‘oyrihi darajasiga ko‘tarilishi mumkin. Ana shu tamoyil Imom Termiziyning “hasan” istilohini tushunishda ham alohida ahamiyatga ega.

Imom Termiziy “hasan hadis”ni qanday ta’riflagan?

Imom Termiziy o‘z “Jome’” asarining oxiridagi “Kitobul ilal”da “hasan” istilohidan nimani nazarda tutishini o‘zi izohlab beradi:“Biz ushbu kitobda biror hadis haqida “hasan hadis” deb zikr qilgan bo‘lsak, undan sanadining bizning nazdimizda hasan ekanini nazarda tutganmiz. Sanadida yolg‘onchilikda ayblangan kishi bo‘lmagan, hadis shozz bo‘lmagan va shu mazmundagi rivoyat boshqa bir yo‘ldan ham rivoyat qilingan har qanday hadis bizning nazdimizda hasan hadisdir”.

Ushbu ta’rif Imom Termiziyning hadis baholash metodini tushunish uchun asosiy kalit vazifasini bajaradi. Ta’rifda uchta muhim mezon mavjud:

  • -birinchisi, sanadida yolg‘onchilikda ayblangan roviy bo‘lmasligi;
  • -ikkinchisi, hadis shozz bo‘lmasligi;
  • -uchinchisi, uning mazmunini quvvatlovchi boshqa rivoyat yo‘li mavjud bo‘lishi.

Termiziyning «hasan» istilohini aynan shu uch mezon asosida tushunish lozim.

Birinchi mezon: roviy yolg‘onchilikda ayblanmagan bo‘lishi

Imom Termiziyning ta’rifidagi eng diqqatga sazovor jihatlardan biri shuki, u zot “barcha roviylari siqa bo‘lishi kerak” demagan. U: “sanadida yolg‘onchilikda ayblangan kishi bo‘lmasligi” shartini qo‘ygan. Bu ikki ibora orasida muhim farq mavjud. Agar hadisning barcha roviylari siqa va mukammal zabt sohibi bo‘lishi shart qilinganida, mezon sahih hadis shartlariga juda yaqinlashib qolgan bo‘lardi. Termiziyning “yolg‘onchilikda ayblanmagan” degan kengroq ifodani tanlashi hasan hadis doirasiga sahih darajasiga yetmagan ayrim roviylar rivoyatining ham kirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shu sababli hadis ulamolari Termiziydagi hasan tushunchasi doirasiga turli holatdagi roviylarning rivoyatlari kirishi mumkinligini ta’kidlaganlar. Jumladan:

  • -rostgo‘y, ammo zabti mukammal bo‘lmagan roviy;
  • -xotirasi sust yoki xatolari mavjud roviy;
  • -holati to‘liq aniqlanmagan mastur roviy;
  • -jarh va ta’dili borasida ixtilof qilingan roviy;
  • -“an’ana” bilan rivoyat qilgan mudallis;
  • -shuningdek, ayrim shartlar bilan ixtilotga uchragan roviy rivoyati.

Hofiz Ibn Rajab Termiziyning ta’rifini sharhlar ekan, agar roviy yolg‘onchilikda ayblanmagan bo‘lsa, uning xotirasida ayrim nuqsonlar mavjudligi hadisni mutlaqo hasan doirasidan chiqarib yubormasligini ta’kidlaydi. Ammo buning uchun hadis shozz bo‘lmasligi va boshqa yo‘llar bilan quvvatlanishi zarur.

Demak, Termiziy metodida alohida bir sanadga emas, rivoyatlarning umumiy majmuasiga qarash muhim o‘rin tutadi.

Termiziy nazdida sanadning uzilishi

Termiziyning ta’rifida sanadning muttasil bo‘lishi alohida shart sifatida zikr qilinmagan. Bu masala keyingi muhaddislarning e’tiborini tortgan. Hofiz Ibn Hajar “An-Nukat” asarida Termiziy ta’rifining aynan shu jihatiga e’tibor qaratib, uning ayrim munqati’ hadislarni ham “hasan” deb ataganini qayd etadi. Bu esa juda muhim natijaga olib keladi: Imom Termiziyning “hasan” istelohi har doim ham keyingi istelohchilar belgilagan “hasan li-zatihi” bilan teng emas. Ba’zan hadis sanadida yengil uzilish yoki boshqa bir nuqson mavjud bo‘lishi mumkin. Ammo rivoyat yolg‘onchilikda ayblangan kishidan kelmagan, shozz bo‘lmagan va boshqa yo‘ldan quvvatlangan bo‘lsa, Termiziy uni hasan deb baholashi mumkin. Shuning uchun “Termiziy bu hadisni hasan degan ekan, demak uning sanadi muttasil va barcha roviylari hasan li-zatihi shartlariga javob beradi”, degan xulosani to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Termiziyning o‘z metodologiyasi doirasida masalaga qarash zarur.

Ikkinchi mezon: hadis shozz bo‘lmasligi

Termiziy ta’rifining ikkinchi sharti – hadisning shozz bo‘lmasligidir. Shozz tushunchasiga muhaddislar turlicha ta’riflar bergan bo‘lsalar-da, Termiziyning “Jome’”dagi amaliyotidan uning bu yerda Imom Shofe’iyga mansub mashhur tushunchaga yaqin ma’noni nazarda tutgani anglashiladi. Ya’ni roviy rivoyat qilgan hadis o‘zidan ishonchliroq yoki ko‘proq siqa roviylarning rivoyatlariga qarama-qarshi bo‘lmasligi kerak. Bu shart nihoyatda muhim. Chunki bir hadisning bir necha sanad bilan kelishi uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishini anglatmaydi. Agar mazkur rivoyat ishonchli va sobit rivoyatlarga zid bo‘lsa, boshqa sanadlarning mavjudligi uning shozzligini bartaraf eta olmaydi. Shunday qilib, Termiziy metodida quvvatlovchi sanadlarning ko‘pligi bilan bir qatorda mazmunan va rivoyatan muvofiqlik ham tekshiriladi.

Uchinchi mezon: boshqa yo‘ldan ham rivoyat qilinishi

Imom Termiziy ta’rifidagi uchinchi shart uning metodologiyasining eng xarakterli jihatlaridan biridir: “Unga o‘xshash rivoyat boshqa yo‘ldan ham kelgan bo‘lishi”.

Bu o‘rinda “boshqa yo‘l” deganda aynan o‘sha hadisning so‘zma-so‘z takrorlanishi shart emas. Ibn Rajab ta’kidlaganidek, Termiziy: “uning aynan o‘zi rivoyat qilingan” demagan, balki “unga o‘xshashi rivoyat qilingan” degan. Demak, boshqa sanad orqali aynan bir xil lafz kelishi shart emas; hadisning umumiy ma’nosini quvvatlovchi rivoyatning mavjudligi ham e’tiborga olinishi mumkin. Bu jihat hadis ilmidagi mutobi’ va shohidlarning ahamiyatini ko‘rsatadi. Bir sanad orqali kelgan hadisda roviy xatosi ehtimoli mavjud bo‘lsa, xuddi shu mazmunning boshqa mustaqil yo‘ldan kelishi mazkur ehtimolni kamaytiradi. Rivoyat yo‘llari qancha ko‘p va bir-biridan mustaqil bo‘lsa, hadisning aslga ega ekanligi haqidagi ilmiy ishonch ham shuncha ortadi. Biroq bu yerda yana bir nozik jihat mavjud. Ibn Rajab Termiziyning “boshqa yo‘ldan rivoyat qilinishi” haqidagi so‘zida “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan” degan qayd kelmaganiga e’tibor qaratadi. Shundan kelib chiqib, ayrim hollarda marfu’ hadisni quvvatlash uchun sahobadan kelgan mavquf rivoyat ham uning mazmunining aslga ega ekanini ko‘rsatuvchi omil bo‘lishi mumkin. Termiziyning “Jome’” asaridagi ayrim hukmlar bunday yondashuvning amalda ham mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Rivoyatlardagi ixtilof va Termiziyning ehtiyotkorligi

Imom Termiziyning hadislarni baholash usulini tushunishda yana bir masala muhim: sanad yoki matndagi ayrim ixtiloflar hadisning sahih darajasiga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, lekin uni butunlay rad etishni ham talab qilmaydi. Masalan, bir hadis ayrim roviylardan marfu’, boshqalaridan esa mavquf tarzda rivoyat qilingan bo‘lishi mumkin. Yoki bir sanad muttasil, boshqasi mursal bo‘lishi mumkin. Ba’zan esa hadis matnida ziyoda yoki qisqartirish mavjud bo‘ladi. Ana shunday holatlarda Imom Termiziy hadisning aslini mutlaqo rad etmasdan, unga “hasan” hukmini berishi mumkin. Bu uning hadis tanqididagi nozik muvozanatini ko‘rsatadi: bir tomondan mavjud illat e’tibordan chetda qoldirilmaydi, ikkinchi tomondan hadisning boshqa yo‘llari va umumiy asoslari sababli u butunlay zaif deb tashlab yuborilmaydi.

Birinchi amaliy misol: ro‘za haqidagi hadis

Imom Termiziy “Jome” asarining ro‘za kitobida Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayrim oylarda shanba, yakshanba va dushanba, boshqa oyda esa seshanba, chorshanba va payshanba kunlari ro‘za tutganlari haqidagi hadisni keltirib: “Bu hasan hadisdir”, deydi. Biroq Abdurahmon ibn Mahdiy mazkur hadisni Sufyondan rivoyat qilganida uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga marfu’ qilmagan. Abdulhaq Ishbiliy Termiziyning hadisni “sahih” emas, “hasan” deb baholashiga mana shu ixtilof sabab bo‘lganini tushuntiradi. Ya’ni hadis bir yo‘ldan marfu’, boshqa yo‘ldan mavquf shaklda rivoyat qilingan. Bu misol Termiziyning “hasan” hukmi ba’zan hadisdagi ayrim illat yoki ixtilofni ham aks ettirishini ko‘rsatadi. Demak, “hasan” hukmi faqat “roviy xotirasi sahih hadis roviylarinikidan bir oz pastroq” degan bitta mezon bilan izohlanmaydi.

Ikkinchi amaliy misol: “Ikki hayit oyi kamaymaydi” hadisi

Imom Termiziy “Ikki hayit oyi kamaymaydi” mazmunidagi hadisni ham keltirib, unga “hasan” deb hukm qiladi. U ayni paytda ushbu hadis Abdurahmon ibn Abu Bakradan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mursal tarzda ham rivoyat qilinganini qayd etadi. Badriddin Ayniy Termiziyning bu hukmini tahlil qilar ekan, hadisning turli sanadlarida vasl va irsol; raf’ va vaqf; shuningdek, ayrim lafziy farqlar mavjud bo‘lganini ta’kidlaydi. Shuning uchun Termiziy hadisni butunlay zaif deb rad qilmagan, chunki uning mustahkam asoslari va rivoyat yo‘llari mavjud edi. Biroq sanad va rivoyat shaklidagi ixtilof sababli unga “sahih” emas, “hasan” hukmini bergan. Bu misol Imom Termiziy metodologiyasini juda yorqin namoyon etadi. U hadisga hukm chiqarishda faqat sanadning tashqi ko‘rinishiga emas, balki barcha rivoyat yo‘llarini jamlab, ular orasidagi farqlarni qiyoslashga alohida e’tibor bergan.

Ibn Rajab, Ibn Hajar va Saxoviy tahlillarida Termiziy metodi

Keyingi muhaddislar Imom Termiziyning “hasan” istilohini tushuntirishga katta e’tibor qaratganlar. Ibn Rajabning tahliliga ko‘ra, Termiziy nazdida hadisni hasan deb baholash uchun roviylarning barchasi yuqori darajadagi hofiz bo‘lishi shart emas. Hatto xatosi ko‘p yoki vahmga tushadigan roviy rivoyati ham, agar u yolg‘onchilikda ayblanmagan, hadis shozz bo‘lmagan va uning mazmuni boshqa yo‘llardan kelgan bo‘lsa, hasan doirasiga kirishi mumkin. Ibn Hajar ham Imom Termiziy ta’rifini faqat mastur roviy bilan chegaralab bo‘lmasligini aytadi. Uning fikricha, yomon xotirali, xato bilan sifatlangan, mudallis, ixtilotga uchragan roviylarning ayrim rivoyatlari, hatto sanadida yengil uzilish mavjud hadislar ham Termiziy qo‘ygan uch mezonga javob bersa, uning istelohida hasan bo‘lishi mumkin. Saxoviy ham xuddi shu fikrni kengroq sharhlab, Termiziy “ittisol”ni ta’rifda mustaqil shart sifatida zikr qilmagani uchun ayrim mursal yoki sanadida yengil uzilish bo‘lgan rivoyatlarning uning hasan tushunchasi doirasiga kirishi mumkinligini qayd etadi. Bu tahlillarning barchasi bir nuqtada tutashadi: Termiziyning “hasan” istelohi faqat bitta sanadning sifatiga qarab chiqarilgan hukm emas; unda hadisning barcha yo‘llarini jamlash, ixtiloflarni aniqlash va bir rivoyatni boshqasi bilan quvvatlash tamoyili muhim o‘rin egallaydi.

Termiziyning asaridagi “hasan”ni qanday tushunish kerak?

Shu o‘rinda muhim metodologik xulosaga kelish mumkin. Hadis istelohi keyingi asrlarda yanada aniq chegaralar bilan tartibga solingan. “Sahih li-zatihi”, “hasan li-zatihi”, “hasan li-g‘oyrihi” kabi tushunchalar muayyan standart ta’riflarga ega bo‘lib borgan. Biroq avvalgi muhaddislarning asarlarini aynan keyingi davr istelohlarini ularga to‘liq tatbiq qilgan holda o‘qish har doim ham to‘g‘ri natija bermaydi. Imom Termiziy “hasan” deganda nimani nazarda tutganini bilish uchun, eng avvalo, uning o‘z ta’rifiga va “Jome’”dagi amaliyotiga qarash lozim. Shunda ma’lum bo‘ladiki, uning “hasan” istelohi ayrim o‘rinlarda keyinchalik “hasan li-g‘oyrihi” deb nomlangan rivoyatlarga juda yaqin keladi. Ayrim o‘rinlarda esa roviylari nisbatan yaxshiroq bo‘lgan hadislar uchun qo‘llanadi. Shu bois Termiziyning har bir “hasan” hukmini alohida kontekstda o‘rganish zarur. U hadisni nima sababli hasan dedi? Sanadda qanday ixtilof mavjud? Hadisning boshqa yo‘llari qaysilar? Ularning darajasi qanday? Marfu’ va mavquf yoki muttasil va mursal rivoyatlar o‘rtasida qanday munosabat mavjud? Ana shu savollarga javob topilgandagina Termiziyning hukmi to‘g‘ri tushuniladi.

Imom Termiziy metodologiyasining ilmiy ahamiyati

Imom Termiziyning “Jome’”dagi yondashuvi hadis ilmida faqat rivoyat qilish emas, balki qiyosiy hadis tanqidi naqadar muhim bo‘lganini namoyon etadi. U hadisni keltirib, ko‘pincha uning boshqa rivoyat yo‘llarini ham eslatadi, roviylar haqidagi ixtiloflarga ishora qiladi, hadisning boshqa sahobalardan ham kelgan-kelmaganini ko‘rsatadi va shundan so‘ng unga hukm beradi. Demak, Termiziy uchun hadisga hukm chiqarish alohida bir sanadni ko‘rib, unga “sahih” yoki “zaif” tamg‘asini qo‘yishdan iborat bo‘lmagan. Balki u rivoyat yo‘llarini jamlash; roviylar holatini o‘rganish; sanadlardagi ixtiloflarni solishtirish; shozzlikni aniqlash; mutobi’ va shohidlarni izlash; hamda barcha dalillarni umumiy baholash orqali xulosaga kelgan. Bu jihatdan “Jome’ at-Termiziy” faqat hadislar to‘plami emas, balki hadis tanqidi metodologiyasini amalda ko‘rsatib beruvchi muhim ilmiy maktabdir.

Xulosa. Hasan hadis tushunchasi hadis ilmining eng nozik istilohlaridan biridir. Muhaddislar uni sahih va zaif hadislar o‘rtasidagi oddiy o‘rta daraja sifatida emas, muayyan ilmiy mezonlarga ega mustaqil hadis turi sifatida o‘rganganlar. Xattobiy, Ibn Saloh va Ibn Hajar kabi olimlarning ta’riflari hasan hadisning umumiy mohiyatini ochib beradi. Ayniqsa, sahih va hasan hadis o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri roviy zabtining darajasida ekani keyingi hadis istelohida aniq shakllangan. Imom Termiziyning “hasan” istelohi esa alohida e’tiborni talab qiladi. Uning o‘z ta’rifiga ko‘ra, hasan hadis uchun uchta asosiy mezon mavjud: sanadida yolg‘onchilikda ayblangan roviy bo‘lmasligi, hadis shozz bo‘lmasligi va uning mazmuni boshqa yo‘ldan ham rivoyat qilingan bo‘lishi. Shu sababli Termiziy nazdidagi “hasan” tushunchasi keyingi istilohdagi faqat “hasan li-zatihi” bilan chegaralanmaydi. Sanadida yengil zaiflik, uzilish, tadlis, ixtilot yoki rivoyat shaklidagi ayrim ixtiloflar mavjud bo‘lgan hadis ham, agar boshqa yo‘llar bilan quvvatlansa va kuchliroq rivoyatlarga zid kelmasa, uning nazdida hasan darajasiga ega bo‘lishi mumkin. Imom Termiziyning metodologiyasidagi eng muhim jihat ham shunda: hadis alohida bir sanad asosida emas, barcha rivoyat yo‘llari va ularning o‘zaro munosabati asosida baholanadi. Bu yondashuv muhaddislarning hadis tanqidida naqadar chuqur ilmiy mezonlarga amal qilganlarini ko‘rsatadi. Bir rivoyatdagi zaiflik boshqa yo‘llar bilan tekshiriladi, sanadlar o‘zaro qiyoslanadi, roviylarning xatosi aniqlanadi, qarama-qarshi rivoyatlar tekshiriladi va shundan keyingina yakuniy hukm chiqariladi. Shu ma’noda Imom Termiziyning “hasan” istelohi nafaqat hadis turlaridan birini ifodalovchi atama, balki uning rivoyatlarni jamlash, qiyoslash va bir-biri orqali baholashga asoslangan hadis tanqidi metodologiyasining muhim ko‘rinishi sifatida ham alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan asosiy manbalar

  • 1.Xattobiy. Ma‘alim as-sunan”.
  • 2.Ibn Saloh. “Muqaddima Ibn as-Saloh”.
  • 3.Hofiz Ibn Daqiq. “Al-Iqtiroḥ”.
  • 4.Ibn Hajar Asqaloniy. “Nuxbat al-fikar”; “An-Nukat ‘ala Kitab Ibn as-Salah”.
  • 5.Ibn Rajab al-Hanbaliy. “Sharḥ ‘Ilali Termiziy”.
  • 6.Saxoviy. “Fatḥ al-Mug‘is”.
  • 7.Badriddin Ayniy. “Umdat al-qori”.
  • 8.Ibn Qatton. “Bayan al-vahm va-l-iham”.
  • 9.Imom Abu Iso Termiziy. “Al-Jome’”, “Kitobul ilal”.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi Azizbek Boqiyev

. .