USTOZLARGA HURMAT Ulug‘ allomalar va avliyolar yo‘li
Muallif: . .
Sana: 01.10.2026
53

Bismillahir rohmanir rohim

Har yili 1-oktyabr mamlakatimizda O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana bizga ustozlik maqomining naqadar ulug‘ ekanini, ilm ahliga hurmat-ehtirom ko‘rsatishning esa har bir tolibi ilm uchun ma’naviy va axloqiy burch ekanini yana bir bor eslatadi. Quyida bu mavzuni Qur’oni karim, hadisi shariflar hamda ulug‘ allomalarimiz va avliyolarimiz hayotidan olingan haqiqiy misollar asosida yoritamiz


1. Qur’oni karimda ilm ahlining martabasi


Alloh taolo Mujodala surasining 11-oyatida shunday marhamat qiladi:

(Alloh sizlardan imon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko’tarur)

Ushbu oyat asosida ulamolarimiz shunday xulosa chiqarganlar: ustoz — Allohning irodasi bilan insonni ilm-ma’rifat, imon-e’tiqod bilan ta’minlovchi zotdir, shu boisdan uning martabasi juda yuksakdir.


2. Hadisi shariflarda ustoz hurmati

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm ahlini ulug‘lab, ilm o‘rganuvchilarga ilm oldida vazminlik va ustozlariga tavoze’ bilan munosabatda bo‘lishni buyurganlar. Ijozatingiz bilan bu boradagi ba’zi hadislar bilan tanishsak:

Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kattalarimizni izzat-ehtirom qilmagan, kichiklarimizga rahm-shafqat ko’rsatmagan va olimlarimizni haqqini bilmagan kishi mening ummatimdan emasdir”.

Imom Ahmad va Imom Tabaroniy rivoyati

Abu Umoma al-Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh, Uning farishtalari, osmonlar va yer ahli hatto inidagi chumoli hamda suvdagi baliq ham odamlarga yaxshilik o’rgatuvchi ustozning haqqiga duo qiladilar.”




3. Ulug‘ allomalarimiz — ustozga hurmatning jonli namunasi.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh ustozi Hammod ibn Abu Sulaymonga bo‘lgan hurmatini shu darajaga yetkazganki, bu borada shunday deganlar: “ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmadim”.


Imom Shofeiy rahmatullohi alayhni ulamolarga ko’p tavoze qilgani uchun ta’na qilishibdi. Shunda u zot: “Ular uchun nafsimni xor tutaman, ular esa uni ikrom qiladilar.Ular uchun xorlanmagan nafs hargiz ikrom qilinmas”, degan ekanlar.


Imom Buxoriy rohmatullohi alayh — hadis ilmining sultoni bo‘lgan bu zot Makkai Mukarramada dars berayotgan chog‘larida Buxoroi Sharifdagi ustozlaridan bir maktub kelganda, o‘sha tomonga yuzlanib hurmat bajo keltirgan, maktubni ikki qo‘llab olib, tabarruk qilib o‘qigan.


Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, islom tamadduni tarixidagi eng ulug‘ allomalar va avliyolar ilmni faqat kitobdan emas, ustozga bo‘lgan chin ixlos va xizmat orqali egallaganlar.


4. Luqmoni Hakimning nasihati


Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘liga: “Ey o‘g‘lim, olimlar bilan hamnafas bo‘l, ustozlar orasida o‘tir, chunki Alloh taolo yeru osmonni suv bilan obod qilganiday, qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan yorug‘ qiladi”, deb vasiyat qilgan.


5. Ustozga hurmat ko‘rsatish qanday bo’ladi?


Ulamolarimiz bayon qilishicha, tolibi ilmdan quyidagilar talab qilinadi:

ustoz oldida odob va sokinlikni saqlash;

ustoz vazifa yoki tavsiya bersa, so‘zsiz amal qilish;

ustozning o‘zigagina emas, unga taalluqli barcha narsaga (uyi, ahli oilasi, kitoblariga) ehtirom ko‘rsatish;

ilmni faqat Alloh rizosi uchun olish, ustozga xolis niyat bilan xizmat qilish.


Xalqimizda bejizga “Ustoz — otangdan ulug‘” deyilmagan. Zero, ulamolarimiz ta’kidlaganidek, ustoz insonga otasi berganidan ham afzalroq — abadiy saodatga yetkazuvchi ilmni taqdim etadi, shu boisdan uning hurmati ota hurmatidan ham yuksakdir.


Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish nafaqat odob-axloq me’yorlarining muhim tarkibiy qismi, balki Qur’on va sunnatda o‘z ifodasini topgan, tarixiy-madaniy tajribamiz davomida shakllanib, ajdodlarimiz, ulug‘ allomalar va ma’rifat namoyandalari faoliyatida izchil namoyon bo‘lgan yuksak ma’naviy qadriyatdir. Har bir talaba va tolibi ilm ushbu ulug‘ vorisatga sodiq qolib, ustozlarini qadrlashi, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishi lozim.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

Borliboyev Hamidulloh


. .