Annotatsiya: Ushbu maqolada buyuk mutasavvif olim Sahl ibnAbdulloh Tustariyning va boshqa mutasavviflarning duo borasidagi fikrlari, duo qilishning shartlari va qanday duo qilish kerakligi, hamda duoning ahamiyati haqida sо‘z yuritilgan.
Kalit sо‘zlar: Tustariy, duo, Yaratuvchi, banda, mustajob, oyatlar, hadis, muztar, hojat, tazarru’, tasavvuf, foyda.
Islom ta’limotida butun borliq Alloh tomonidan yaratilgani, inson ham borliqning bir bо‘lagi bо‘lishi bilan birga katta mas’uliyatni о‘z zimmasiga olgani ta’kidlanadi. Inson hayoti davomida ibodat bilan mashg‘ul bо‘lishi, shu bilan birga о‘z nafsi xohishlari va shayton tuzoqlariga qarshi kurashishi lozim bо‘ladi. Bu vazifalar ustiga yana insonning boshiga musibatlar ham tushishi mumkin. Og‘ir holatlarda bandaga о‘z Yaratuvchisiga iltijo va duo qilishi, hamda musibatlar yukini yengillatish imkoniyati berilgan.
Duo – bandaning yaratuvchisidan yordam sо‘rashi va uning butun borliqni о‘zgartirishga bо‘lgan qudratini, hamda о‘z ojizligini e’tirof qilishidir. Duoning ijobat bо‘lishi ham ma’lum shartlar topilishiga bog‘liq bо‘ladi. Aslida duo ham ibodatdir. Duo – arab tilidan olingan bо‘lib, “sо‘ramoq”, “talab qilmoq”, “undamoq” kabi ma’nolarda keladi.[1:74.]
Duo – bandaning asosiy ma’naviy tayanch va qurollaridan biridir. Chunki ojiz qolgan insonni duo qilishdan boshqa ishga qudrati yetmaydi. Zero Allohning о‘zi bandalariga: “Menga duo qilinglar, mustajob qilaman[1]”, deb aytgan.
Ushbu oyat tafsirida Najmiddin Kubro shunday keltiradi: “”Menga duo qilinglar”ning ma’nosi – mendan о‘zimdan boshqani talab qilmanglar. Men sizlarning birortangiz uchun qanday maqomda bо‘lsam, u ham men uchun shunday maqomda bо‘ladi. Albatta, kim meni izlasa topadi. ”Menga duo qilinglar” degandan murod duoning shartlari bilan duo qilishdir. Bu shartlarning avvali yegan luqmasi haloldan bо‘lishidir. Chunki ehtiyojlar kaliti va shu kalitning tishlari halol luqmadir”. [2:242.]
Najmiddin Kubro ham duoning nima ekanligini va nimani sо‘rash kerakligini tasavvufiy-irfoniy uslubda ifoda qilgan. Najmiddin Kubro fikricha, duo banda bilan yaratuvchisi о‘rtasidagi robita, ya’ni aloqa vositasi bо‘lishi kerak, hamda banda yaratuvchisidan faqat uning о‘zini sо‘rashi kerak. Tasavvufiy mafkuraga kо‘ra banda bir lahza robbisidan uzilsa, javobgar bо‘lib qoladi. Shu jumladan duo ham bandani faqat robbisi bilan bog‘laydigan vosita bо‘lishi talab qilinadi.
Muhammad ibn Ali aytdi: “kim duo qilishdan oldin duo yо‘llarini tavba, halol yeyish, sunnatga ergashish, Allohga qaytish kabi amallar bilan ta’mirlamasa duosi rad qilinadi. Men qо‘rqamanki duoda bu shartlar topilmasa, duoning javobi dargohdan quvilish bо‘ladi”. [3:212.]
Tasavvuf ulamolari duo ijobati uchun qattiq shartlar qо‘yadilar. Bunday shartlar bajarilganda duo ijobat bо‘lishini, hamda amal qilinmaganda teskari natija berishi mumkinligi e’tirof qiladilar.
Duo borasida buyuk mutasavvif olim Sahl ibn Abdulloh Tustariy ham о‘z fikr va qarashlarini bayon qilgan: “Biror banda Allohga duo qilsa, uning sо‘ragani ijobat qilinadi, yoki banda bilmagan hojati bajariladi, yoki unga kelayotgan yomonlik qaytariladi, yoki unga savob yozib qо‘yiladi”. [4:111.]
Tustariyga kо‘ra, banda duo qilganida sо‘ragan narsasi berilmasa, Alloh uning duosini boshqa manfaatlariga burib yuborishi mumkin ekan. Ya’ni sо‘raganidan boshqa ne’mat berishi, yoki unga kelayotgan zararni daf qilishi mumkin ekan. Eng kamida unga duosi sababli savob yozilar ekan, chunki u duo bilan Allohga yuzlanganda ibodat qilayotgan hisoblanadi. Har qanday holatda duo qilgan bandaga foyda bо‘lar ekan.
Tustariy duoning shak-shubhasiz qabul bо‘ladigan vaqtlarini ham ta’kidlaydi va ularni quyidagicha bayon qiladi: “Duo ushbu tо‘rt vaqtda shubhasiz qabul bо‘ladi: 1. Zarurat vaqtida, yani og‘ir vaziyatga tushganda. 2. Allohni ismi a’zami bilan duo qilganda. 3. Kecha va kunduzning hadisda keltirilgan mustajob vaqtlarida duo qilganda. 4. Mazlumning duosi, kishi о‘z birodari haqida g‘oyibona qilgan duosi va ota-onaning duosi”.[4:111.]
Tustariy о‘zi duosi mustajob inson bо‘lgan va boshqalarga ham qanday luo qilish kerakligini о‘rgatmoqda.
Tustariydan sо‘radilar: “duo afzalmi yoki ilm?”. Tustariy: “duo afzal, chunki duoda faqirlik (muhtojlik)va yо‘qsillik bor”, deb javob berdi.
Tustariyga kо‘ra, Alloh qaysi bandada siniqlik va о‘ziga muhtojlikni kо‘rsa, uning ibodatini qabul qiladi. Duo qilish – Allohdan yolvorib sо‘rashdir. Ilmda bu hol topilmasligi va uni notо‘g‘ri niyat bilan ham talab qilinishi mumkin.
Tustariy aytdi: “ijobat bо‘ladigan duo – aql va ilm bilan hech qanday chora yо‘q deb qilingan duodir”.[4:112.]
Tustariy fikriga kо‘ra, banda boshiga og‘ir ish tushgan vaqtda bu mushkullikni aqli bilan ham va ilmi bilan ham bartaraf etib bо‘lmaydi degan qarorga kelsa va butun vujudi bilan Allohga tayanib duo qilsa, shunday duo mustajob duodir. Albatta, duo qilishning shartlari ham topilishi kerak bо‘ladi.
Tustariy aytdi: “Allohbandalariga faqat о‘ziga yolvorib tazarru’ qilishga, о‘ziga duo qilishga, о‘zidan boshqadan hojat sо‘ramaslikka, sо‘raganlarini berishi uchun faqat о‘zidan sо‘rashga buyurdi”. [4:112.]
Tustariyga kо‘ra, duoning bandaga foydalari kо‘pdir. Ulardan biri о‘z muhtojligini izhor qilib hojat sо‘rashdir. Robbisidan hojat sо‘raganda butun borliqda undan о‘zga hech kim yordam bera olmaydi, degan e’tiqodda bо‘lishi lozimdir.
Tustariy aytdi: “Mohir kamonchining о‘qi nishonga tegishi borasida muztar (og‘ir holatga tushgan) kishining duosichalik bо‘la olmaydi. Bunga oyatdan dalil bor: “Kim muztarning duosini ijobat qiladi””. [4:112.]
Tustariy fikricha, mohir kamonchining о‘qi nishonga tegishda muztarning duosichalik aniq va tez tega olmaydi. Aslida kamonchi mohir bо‘lsa otgan о‘qi aniq tegadi, lekin muztarning duosi undan ham yuqori darajada nishonga yetar ekan.
Tustariydan: “muztar kim?”, deb sо‘rashdi. Tustariy javob berdi: “Muztar – duoga qо‘lini kо‘targanda о‘zi uchun tavhiddan boshqa amal yо‘q deb biladi, hamda о‘zini xatarda deb biladi. О‘zini barcha yomon sabablardan va kuch-quvvatdan uzoq deb biladi. Ikki kishining duosi shak-shubhasiz mustajobdir. Birinchisi mazlum va ikkinchisi muztardir. Bu ikkisi mо‘min bо‘lsa ham va kofir bо‘lsa ham duosi mustajobdir”. [5:212.]
Tustariyga kо‘ra, muztar kishi amallarini bor deb bilmaydi faqat Allohni yakka va yolg‘iz iloh deb biladi va uning boshqa sarmoyasi yо‘q. Uning mashaqqatini ham faqat Alloh yengillata oladi. Mazlum, ya’ni zulm ostida qolgan va muztar bо‘lib qolgan ikki kishining duosi dinidan qat’iy nazar mustajob bо‘lar ekan.
Islom tasavvufida bir qancha ibodat va amallar mavjud bо‘lib, duo ham muhim ahamiyat kasb etadi. Duo borasida kо‘plab tasavvuf olimlari о‘z fikr va mulohazalarini bayon qilib ketganlar. Aslida Qur’on va Hadisda ham duo qilishga targ‘ib qilingan. Shunga asosan duo banda va Alloh о‘rtasidagi vositaga aylangan. Zikr va boshqa ibodatlarni bajarish ham maqbul hisoblanadi, lekin duo qilishda muhtojlikni izhor qilish bor. Inson hayoti davomida yechim topa olmagan masalalarda duodan foydalanadi va og‘ir ahvolga tushgan insonni muztar deyiladi. Muztar va mazlum duosi qabul bо‘ladigan insonlardir. Tustariy ham duo qilishga katta e’tibor qaratib, о‘z nuqtai nazarini bayon qilgan. Tustariyning fikrlari ham boshqa mutasavviflarning fikrlarini boyitadi va tasavvufda alohida о‘rin egallaydi.
Raximov Xolmurod Majitovich,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi,
Buxoro davlat universiteti tayanch doktoranti
ФОЙДАЛАНИЛГАН АДАБИЁТЛАР РЎЙХАТИ:
- 1.АЛ-ҚОМУС арабча-ўзбекча луғат – Т.: Ғофур Ғулом. – 2019. II жуз, б. 894
- 2.الامام احمد بن عمر بن محمد نجم الدين الكبرى. تأويلات النجمية. بيروت,دار الكتب العلمية. م2009. ج5, ص 416.
- 3. محمد بن حسين بن موسى السلمي. حقائق التفسير. بيروت, دار الكتب العلمية. ه1421-م2001. ج2, ص.438
- 4.کوپریلی زاده نعمان باشا. تهذيب كلمات سهل بن عبد الله التستري و كراماته. بيروت, دار الرياحين. ه1444-م2023. ص.232
- 5.سهل ابن عبد الله التستري. تفسير القران العظيم. بتحقيق طه عبد الرؤوف سعد و سعد حسن محمد علي . بيرت - لبنان. دارالحرم للتراث. 1425ه-2004م. ص 347
[1] Ғофир:60
Eng ko'p o'qilgan Mudarris minbari
